Oyoqlarim yurmaydi

Ko‘zyoshlar bilan xayrlashayotgan Nigora onasining bag‘ridan chiqqisi kelmas, Surayyo opa ham qizalog‘ini quchog‘idan ayira olmasdi. Otasining ularga qarab ko‘ngli buzildi-yu, o‘zini bazo‘r tutib:

– Yig‘lama qizim, yig‘lama! Shifoxonadan tuzalib qaytasan. Ungacha oyijoning seni ko‘rgani tez-tez borib turadi, – deya ayoliga yuzlandi-da, – to‘g‘rimi onasi, – deb qo‘ydi.

Dadasi va akasi yo‘lga hozirlanar ekan Nigorani asta ko‘tarib, avtoulovning orqa o‘rindig‘iga o‘tqazishdi. Mashina yengil qo‘zg‘alib toshloq yo‘llardan keta boshladi. Ortda qolgan onaizor ma’yus nigohlarini mashina tomon qadab, Nigoraning ko‘ngli cho‘kmasin deya, og‘ir bo‘lsa-da, bazo‘r jilmaydi. So‘ng uzundan uzoq duo qildi.

Ayolining holatini yaxshi tushunib turgan Shokir akaning ko‘zlariga yosh qalqidi. Qiziga sezdirmaslik uchun darhol dastro‘moli bilan uni artdi. Mashina kabinasiga jimlik cho‘kdi. Oradagi sukunatga biroz ko‘tarinkilik bag‘ishlash maqsadida Shokir aka radio muruvatini buradi-da, yangrayotgan sho‘x qo‘shiqqa o‘zi ham jo‘r bo‘ldi.

Mashina shu zaylda shaharga qatnaydigan avtobuslar bekatiga yetib keldi. Kun biroz qizigan, bekat esa odamlar bilan gavjum. Hamma shaharga oshiqadi. Yig‘ilganlar bir-biriga navbat bermay, avtobuslarga chiqish payida. Endigina bekatga kelgan avtobusga oshiqayotgan tartibsiz odamlarni biroz hovuridan tushirish maqsadida bir ayol “Hoy baraka topgurlar, shoshib insoflaringni yerga tushirib qo‘ymanglar. Kerak bo‘ladi-ya, avval nuroniylarga, so‘ng bolalarga yo‘l bering”, – deya baland ovozda yo‘lovchilarga murojaat qildi. Odamlar ham o‘z holatidan xijolat bo‘lib, biroz orqaga tislandi. Avtobusga odamlar tartib bilan birin ketin chiqa boshladi. Shokir aka ham Nigorani ko‘targanicha o‘g‘li bilan avtobus saloniga chiqib joylashishdi.

– Yaxshimisan? Charchamadingmi? Biroz horigandirsan-a? Senga ul-bul yegulik olib kelaman, – deya ota o‘g‘li bilan pastga tushdi. Shu tobda og‘ir bo‘g‘chasini yelkasiga ortganicha bir ayol avtobusga shoshib chiqdi-yu atrofga alangladi. Bo‘sh o‘rindiq qolmaganidan xafsalasi pir bo‘lib, bir o‘rindiqni band etgan Nigoraga yuzlanib, “Tavba hozirgi yoshlarga hayronsan. Kattalarga joy beraman demaydi-ya. Biz yoshligimizda avtobusning u burchagida turib, bu burchagidagi kattalarga joy berardik”, – deya javray ketdi. Uning so‘zlariga salondagi ayollar ham qo‘shildi. Ular ancha vaqtga qadar Nigoraning tarbiyasizligini muhokama qilishdi. Holatidan biroz xijolat chekkan qiz ko‘zlarini ma’yus yerga qadadi-da, bir so‘z ayta olmadi. Ko‘zlaridan munchoqdek yoshlar yumaladi.

Yana o‘qing:  Pishloqli quymoq

Sal o‘tmay, odamlar bilan liq to‘lgan avtobus joyidan qo‘zg‘aldi. Kimdir ishga, kimdir savdo uchun, yana kimlardir boshqa yumush bilan shaharga otlangan. Qizalog‘ini shifoxonaga eltayotgan Shokir aka esa Nigoraning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida yo‘l-yo‘lakay unga ajoyib latifalar, rivoyatlar aytib bordi.

Avtobus so‘nggi bekatga yetib kelganida, hamma yukini ko‘tarib pastga tusha boshladi. Shu payt Nigoraga pisanda qilgan boyagi ayol Shokir akaga yuzlanib, “Qizingizni shaharga aylantirgani olib keldingizmi”, – deya so‘radi qiziqsinib.

Shokir aka biroz xo‘rsindi-da, – “Yo‘q uning oyoqlari yurmaydi. Shuning uchun davolanishga keldik”, dedi.

Qilmishidan xijolat bo‘ldi chog‘i, ayolning ikki yuzi qizarib, bexolgina o‘rindiqqa o‘tirib qoldi…

Muborak ISMOILOVA,

Parkent tumani

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: