Ehtiyotkorlik inson hayotini asraydi yoki zaharlanish haqida nimalarni bilasiz?
Inson uchun bebaho bo‘lgan hayot hamisha bir maromda kechavermaydi. Ba’zan e’tiborsizlik tufayli zaharli moddalarning odam organizmiga tushishi oqibatida turli baxtsiz hodisalar sodir bo‘ladi. Bu kabi favqulodda holatlar inson hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Zaharlanish organizm ichiga zararli modda tushganda sodir bo‘ladi. Bu dori-darmon yoki odam bilib-bilmay qabul qilgan har qanday kimyoviy modda bo‘lishi mumkin. Bunday voqealar ko‘pincha uyda yosh bolalar qarovsiz qoldirilganda ro‘y beradi. Bolalar ham katta yoshdagilar ham zaharlanish qurboni bo‘lishi mumkin.
Organizmga tushganda zaharlanishga, kasallikka yoki o‘limga olib keladigan har qanaqa modda zahar hisoblanadi.
Buning oqibatlari turli omillarga, jumladan, zararli modda turi, uning miqdori, ro‘y bergan vaqti, shuningdek, bu modda bilan muloqot qancha vaqt davom etgani, jabrlanuvchining fiziologik ko‘rsatgichlari (uning yoshi, vazn og‘irligi) va organizmga zararli moddaning tushish usuliga bog‘liq bo‘ladi. Bunday modda inson organizmiga ovqat hazm qilish va nafas yo‘llari, teri hamda in’yeksiya orqali tushishi mumkin.
Gazsimon yoki nafas orqali o‘tadigan zaharli moddalar nafas olganda organizmga tushadi. Ularga gazlar va bug‘lar, masalan, avtomobil tutuni, pech yoxud isitish qurilmasining havoni yomon tortishi natijasida xonaga kiradigan is gazi, azotning chala oksidi (sarxush qiladigan yoki gangitadigan gaz) hamda ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan xlor, turli yelimlar, bo‘yoq, erituvchi-tozalovchi moddalar kiradi.
Atmosfera ifloslanishining asosiy omili sanoat korxonalari, kimyoviy zavod va fabrikalar, avtotransport vositalari, neft, oltingugurt va toshko‘mir yonishidan hosil bo‘ladi.
Shuningdek, po‘lat erituvchi pechlar, domna o‘choqlari, koks-kimyo sohasida azotli o‘g‘it ishlab chiquvchi zavodlar, ko‘mir va rangli metall konlari, temiryo‘l transporti vositalari havoga uzluksiz zaharli moddalar tashlaydi. Ammo atmosferaning sanoat chiqindilari, transport vositalaridan chiqqan zaharli gazlar bilan ifloslanishi havoda uglerod dioksidi, serovodorod, oltingugurt oksidi (IV), azot oksidi, uglerod oksidi (II) miqdorining ko‘payishiga olib keladi. Bu esa atrof-muhit holatigagina emas, balki kishilar salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday chang va gazlar tarkibida 35-50 foiz temir, 4-14 foiz is gazi, 8-13 foiz kremniy va alyuminiy, magniy, kaliy va boshqa oksidlar bo‘ladi.
Avtotransport vositalari havoni ifloslantiruvchi eng katta salbiy omillar sirasiga kiradi. Bugun yer sharida avtomobillar soni tez sur’atda ortib bormoqda. Ulardan tashqari havoda uchuvchi samolyotlar, tezyurar yo‘lovchi va yuk poyezdlari harakati uchun albatta yoqilg‘i kerak. Yonilg‘i yonganda ozmi-ko‘pmi zaharli gazlar atrofga ajraladi. Bilamizki, ayrim sanoat korxonalarida zaharli gazlar faqat kunduz kunlari tarqalishi mumkin. Ammo avtomobillar harakati mutlaq to‘xtamaydi. Demak, is gazlari kechayu kunduz yon-atrofimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajraladi. Biz bu havodan bevosita nafas olamiz. Korxonalardan chiqqan zararli moddalar, albatta baland quvurlar orqali yuqoriga tarqaladi. Ular balki qayerlargadir kislotali yomg‘ir bo‘lib yog‘ishi mumkin. Ammo avtomobillardan chiqayotgan is gazlari biz yashaydigan toza muhitni zararlaydi.
Inson zaharlanganda birinchi tibbiy yordam qanday ko‘rsatiladi?
Zaharlovchi modda kishining nafas yo‘li orqali ichki a’zolariga kirgan bo‘lsa, bemorni darhol xavfli joydan ochiq havoga olib chiqish zarur. Agar modda teri orqali kirgan bo‘lsa, zararlangan joyni oqar suv bilan sovunlab yuvish darkor. Ko‘zga tushganida suv, natriy gidrokarbonat (ichimlik sodasi)ning 2 foizli eritmasi yoki borat kislotasi bilan yuviladi.
Zaharlovchi modda me’da-ichak yo‘liga kirgan bo‘lsa, bemorga bir necha stakanda suv yoki kaliy permanganatning pushti rangdagi kuchsiz eritmasi ichiriladi yoki barmoq bilan halqumni qitiqlab, xasta odam o‘qchitiladi. So‘ngra uni majburan ikki-uch marta qustirish shart. Keyin yarim piyola iliq suvga 2-3 osh qoshiq faollashtirilgan ko‘mir (20–25 mg) yoxud 40-50 dona karbolen tabletkasi solib ichiriladi. Shundan so‘ng esa yarim stakan suvga 20 mg magniy sulfat yoki natriy sulfat aralashtirib, tuzli surgi ichiriladi.
Zaharlangan kishining nafas olishi qiyinlashganda paxtaga ammiak (novshadil spirti) eritmasi shimdirib, ehtiyotlik bilan hidlatish, nafas to‘xtab qolgudek bo‘lsa, tezlik bilan sun’iy nafas oldirishga kirishmoq zarur. Bemorga sun’iy nafas oldirish uchun uni ochiq havoga olib chiqish, kiyimining tugmachalarini yechib, og‘iz-burnini shilimshiqlardan tozalash darkor.
Shaharda tunda osmonga qarasangiz, yulduzlar juda kam. Ular xira ko‘rinadi. Olis qishloqlarga, ona tabiat qo‘yniga borib ko‘kka boqsangiz, aksincha yulduzlar charaqlab, xuddi yoningizga tushib kelayotgandek tuyiladi. Mana sizga toza yoki ifloslangan havoning bir-biridan farqi. Shunday ekan mamlakatimizning har bir fuqarosi atrof-muhit tozaligiga mumkin qadar o‘z hissasini qo‘shishi eng yuksak insoniylik burchdir aslida.
Qarshixon ABDURAHMONOV,
tibbiyot fanlari nomzodi