Ona va bola salomatligi – doimiy e’tiborda
“Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar shifokorlar oldiga yanada mas’uliyatli vazifalarni qo‘ydi.
Andijon viloyat perinatal markazida ham yil boshidan buyon ushbu yo‘nalishda samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda ona qornidagi homilaning 22 haftaligidan boshlab, tug‘ilgandan keyingi 6 kunlik davri tibbiy muolajalari, ona va bola sog‘lig‘i nazorat ostiga olinadi. Shifoxonada asosan muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar, turli bemor homilador ayollar davolanadi.
210 o‘rinli markazda 5 ta bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Har birida malakali shifokorlar eng zamonaviy tibbiyot jihozlari yordamida onalar va bolalar salomatligini nazorat qilib kelmoqda. Yaqinda chaqaloqlar bo‘limiga yana bir yangi uskuna keltirildi. Yuqori nafas yo‘llaridagi doimiy musbat bosimni hosil qilish va ushlab turishga mo‘ljallangan ushbu tibbiy jihoz chala tug‘ilgan chaqaloqlarni davolashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Shifoxonamizning jonkuyar xodimlari viloyatimizning eng chekka qishloqlarida ham bo‘lib, ona va bola salomatligini nazorat qilib boradilar, – deydi ayollar kasalliklari bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Dildoraxon Nasirdinova. – Ayniqsa, homilador ayollarda uchraydigan turli xastaliklarning oldini olish, tibbiy madaniyatni oshirish, reproduktiv salomatlik haqidagi bilimlarni oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Ona sog‘lom bo‘lsagina, tug‘ilajak farzand salomat dunyoga keladi. Buning uchun ayollar doimo shifokor nazoratidan o‘tib borsa, turli yuqumli kasalliklar, yallig‘lanish, xatarli o‘smalarning oldini olgan bo‘ladi. Buning uchun perinatal markazda barcha imkoniyatlar muhayyo.
Bugungi kunda mamlakatimiz bolalarining 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan onalar hamda bolalar salomatligini muhofaza qilish milliy modeli Ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishishning samarali strategiyalaridan biri sifatida dunyoda o‘z e’tirofini topayotganligi ham bejiz emas.
Tibbiyot sohasini tubdan isloh qilishdek ulkan yo‘nalish mana shunday ko‘lamlarga ega ekanini, jahonda o‘z qadamini tobora dadil tashlayotgan O‘zbekiston turli sohalar bilan bir qatorda, bularni ham izchil amalga oshira olganini faxr bilan aytish darkor.
Muhabbat OTAMIRZAYEVA,
Andijon viloyati