Oydin istiqbol yo‘li
Shu yilning 4 dekabr sanasida O‘zbekiston xalqi o‘ziga munosib yangi rahbar sayladi. Ushbu siyosiy voqelik mamlakatimiz hayotida yangi davr, yangi bir tarixni boshlab berdi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbek xalqi maqsadlari aniq bo‘lgan dadil va o‘tkir bir nomzodga ishonch bildirdi. Butun saylov jarayoni xalqaro kuzatuvchilarning bevosita kuzatuvi ostida kechdi va ular bildirgan fikrlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayoni xalqaro demokratik prinsiplarga to‘la mos keldi. Shuningdek, saylov jarayonining texnik ta’minoti va zamonaviy shart-sharoitlari xalqaro standart va normalarga to‘laqonli javob berdi.
Aholining aksariyati saylovning muhimligini hamda ovoz berishda qatnashish zarurligini teran his etgani, ularning erta tongdan bu jarayonda faol ishtirok etishidan ma’lum bo‘ldi. Har bir fuqaro millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, saylash va saylanish huquqiga ega ekani juda e’tiborlidir. Bu mamlakatimizda inson huquqlari ta’minlanganidan, ijtimoiy tenglik qaror topganidan dalolat beradi.
Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzuida risolalar va maxsus byulletenlar chop etilgani, nogironlarga ovoz berish uchun kabinalar tayyorlangani e’tiborlidir.
Fuqarolarimiz o‘z oilasi bilan bayramona kayfiyatda saylovda ishtirok etdi. O‘zbekiston xalqi Prezident sayloviga nafaqat mamlakat hayoti, balki o‘zi va oilasining ertangi taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega katta siyosiy jarayon sifatida yondashgani, avvalo, kafolatli va barqaror hayot uchun ovoz bergani tahsinga loyiq.
Mels HAKIMOV