ISTE’DOD QUTLUG‘ IN’OM

Yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasida qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Farzandlarimizning bilim olishi, ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishi, qay sohada bo‘lmasin dunyo yoshlari bilan bemalol bellasha oladigan intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan iste’dodli yoshlarni tarbiyalash ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Musiqa va san’at maktablari, shu yo‘nalishlarda turli davlat mukofotlarining ta’sis etilishi ko‘plab iste’dodlarning yetishib chiqishiga zamin yaratmoqda. Yoshlarimizning dunyo musiqa sahnalarida yetakchi san’at arboblari-yu, muxlislarini lol qoldirib, munosib e’tiroflarga sazovor bo‘layotgani yurtimizda musiqaga berilayotgan yuksak e’tiborning samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ana shunday iste’dodli yoshlarimizdan biri, ko‘plab xalqaro musiqa festivallari sovrindori Yulduzxon Mirsamatova.

Qalbi go‘zallikka va san’atga oshno bu qizning yonoqlaridagi kulgichi o‘ziga yarashib turar, yurtiga, xalqiga bo‘lgan faxr xissi ko‘zlarida namoyon edi.

Mustaqillik tengdoshi Yulduz Toshkent viloyatining Parkent tumanida tavallud topgan. Bolaligidanoq milliy musiqa asboblari dutor hamda qashqar rubobini chalishga nihoyatda qiziqish bilan ulg‘aya boshlaydi. Undagi musiqaga bo‘lgan ishtiyoq va iste’dodni ko‘rgan ota-onasi maktabni tamomlagach, qizini Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktab-internatiga o‘qishga berishadi. Musiqa maktabining “Xalq cholg‘ulari” bo‘limi “Dutor” sinfida tahsil olgan Yulduz o‘zining intiluvchan va qat’iyatliligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Maktabda tahsil olish bilan birga Respublika tasviriy va amaliy san’at litsey-internati qoshidagi “Iste’dod” dutor ansamblida dutor sirlarini o‘rganish bilan birga qashqar rubobi hamda fortepianoga ham mehr qo‘yadi.

U bir necha bor maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan qator tanlovlar g‘olibi bo‘ldi. Ayniqsa, 2006 yil Yulduz uchun omadli keldi. U “Yangi avlod — 2006” ko‘rik-tanlovi sovrindori va shu yilning o‘zida “Kelajak ovozi — 2006” ko‘rik-tanlovi shahar bosqichida ikkinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.

2007 yilda maktab-internatni tamomlab, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi qoshidagi “Iqtidorli bolalar” akademik litseyiga o‘qishga qabul qilindi. U yerda ham “Dutor” sinfida tahsil olib, maktabda olgan bilimlarini mustahkamladi. Intilishlari samarasi o‘laroq 2007 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” festivalida ishtirok etib, san’at ixlosmandlarida iliq taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng, 2008 yili Rossiyaning Moskva shahrida o‘tkazilgan “Moskva vstrechayet druzey” xalqaro festivalida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldi. Rossiyada o‘tkazilgan “Minuta slavi’” xalqaro tanlovida o‘zining mahorati bilan barchani rom qilgan Yulduz g‘olib deb topiladi. Bundan ilhomlangan yosh musiqachi keyinchalik Fransiya va Portugaliyada o‘tkazilgan milliy cholg‘ular xalqaro festivalida ham ishtirok etdi.

Yana o‘qing:  MUSTAQILLIK — DEMOKRATIYa VA ISLOHOTLAR TIMSOLI

Mustaqillik tufayli bugun butun dunyo Vatanimizning iste’dodlar makoni ekaniga guvoh bo‘lmoqda. Yurtimizda musiqaga bo‘lgan e’tiborning samarasini yoshlarimizning musiqiy salohiyati, ularning dunyo musiqa sahnalarida o‘zining san’atini namoyish etib, barchaning olqishiga sazovor bo‘layotganidan ham ko‘rish mumkin. Buning qadriga yetish va bizga ana shunday imkoniyatlar yaratib berayotgan va xalqimiz ishonchini oqlashga, ularga munosib farzand bo‘lishga bor kuch va g‘ayratim bilan intilaman, — deydi biz bilan suhbatda Yulduz Mirsamatova.

Litseyni a’lo baholarga tamomlagan Yulduz O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga o‘qishga qabul qilindi. Berilgan bilimlar va intilishlar tez orada o‘z samarasini bermay qolmadi. U yerda professor o‘qituvchilar ta’limini olgan iste’dod egasi 2009 yilda ham o‘zining mahorati bilan ko‘pchilikni maftun etdi. Ukrainaning Simferopol shahrida o‘tkazilgan “Sinyaya ptitsa” xalqaro musiqa tanlovida “Xalq cholg‘ulari” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin, Katta ansambl nominatsiyasi bo‘yicha esa Gran Pri sohlibi bo‘ldi.

O‘z maqsadlari yo‘lida harakat qilishdan charchamaydigan Yulduz Mirsamatova bu bilan chegaralanib qolmasdan 2010 yilda Sankt Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Okno v Yevropu” X xalqaro tanlovida ishtirok etib, u yerda ham o‘zining tengsiz ekanini isbotlab 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.

Vatanga bo‘lgan mehr ona suti bilan birga tanga kirsa, musiqaga bo‘lgan muhabbat ona allasi bilan vujudga jo bo‘ladi. Vatanni sevgan insonning esa barcha ishlari chin ko‘ngildan, muhabbat bilan amalga oshiriladi. Muhabbatdan musiqa yaraladi. Bizda Yulduzxon kabi musiqaga ixlos qo‘ygan iste’dodli yoshlarimiz talaygina. Demakki, yurtimizda Vatanni sevuvchi, uni ardoqlovchi avlod voyaga yetmoqda.

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: