Qutlug‘ qadamjo
Butun umrini iymon va e’tiqod, vatanparvarlik va insonparvarlik, poklik va halollik, ilm va ma’rifat, adolat va diyonat yo‘lida fido etgan zotlarning mo‘tabar xoklari makon topgan zamingina muqaddasdir. Agar shunday insonlar bo‘lmasa, ular dahosining nafasi sezilib turmasa, har qanday zamin oddiy tuproq bo‘lib qolaveradi.
Islom KARIMOV
Toshkent viloyatidagi XV asrga oid me’moriy yodgorlik – Zangiota ziyoratgohi nafaqat respublikamiz, balki Markaziy Osiyo xalqlari orasida ham ma’lum va mashhurdir. Ushbu qutlug‘ qadamjo poytaxtdan 16 chaqirim g‘arbda, Samarqandga o‘tadigan qadimiy karvon yo‘lining bo‘yida, Chirchiq daryosining o‘ng sohilida, Zangiota qishlog‘ining markazida qad rostlagan. Majmua Zangiota hamda Anbar ona maqbarasi, madrasa masjidi, xonaqoh, shiypon va minoradan iborat.
Zangiota Himmatiy hazratlari haqida
Majmuaning bunday nomlanishi Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja ismli shaxs nomi bilan bog‘liq bo‘lib, to‘q bug‘doyrang tusli kishi bo‘lganligi sababli odamlar orasida “Zangi” (ya’ni “qora”) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Shayx Arslonbobning avlodi (evarasi), o‘z davrida Yassaviya tariqati piri murshidi darajasigacha ko‘tarilgan bu zot Toshkent shahrining “Samarqand darvoza” mahallasida tug‘ilib o‘sganligi haqida taxminlar bor. Milodiy 1258 yil hozirgi Zangiota qishlog‘ida vafot etgan.
Zangiota va uning izdoshlari xalq orasida vatanparvarlik, mehnatsevarlik, adlu insof, poklik, yaxshilik, mehr-shafqat, xudojo‘ylik kabi umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ib qilgan. Bu ulug‘ zotni oliyhimmatliligi uchun odamlar “Himmatiy” deb atashgan va u ayni shu taxallusda she’rlar bitgan.
Zangiota maqbarasining bunyod etilishi bilan bog‘liq ibratli rivoyatlar ham, tarixiy voqealar ham birdek chuqur ramziy ma’noga ega. Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur Yassi qo‘rg‘onida Ahmad Yassaviy hazratlariga maqbara qurish harakatini boshlaganida nima uchundir ish hadeganda yurishavermaydi. Bu holning sababini bilolmay, hayron bo‘lib yurganida kechasi tushiga nuroniy bir zot kirib, Yassaviyga maqbara qurishdan oldin Zangiotaning qabrini obod qilishi kerakligini aytadi. Shunda Amir Temur bu ulug‘ zotning ruhini shod etish uchun maqbara tiklashga kirishadi. Ushbu muhtasham yodgorlik majmuining qurilishini 1420 yili Mirzo Ulug‘bek bobomiz tugallaydi.
XV asrning birinchi yarmida Mirzo Ulug‘bek tomonidan maqbaraga mahobatli kirish peshtoqi va uning janub tarafida yana bir peshtoqli-qubbali bino qurdirilgan. Peshtoq, devorlar va mehrobdagi o‘yma bezaklarning ayrim joylari oltin bilan ziynatlangan. Ushbu maqbara madrasa va masjid bilan yonma-yon. Maqbara ortidagi qabristonda u zotning jufti halollari Anbar onaning maqbaralari joylashgan.
Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar.
Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 49-modda.
Zangiota maqbarasining yana bir noyob va o‘ziga xos jihatiga to‘xtalish joiz. O‘sha davr me’morchiligida peshtoqni imoratning yon qanotlaridan oldinga surib qurish odat tusiga kirganini mintaqamizdagi deyarli barcha me’moriy yodgorliklar misolida ko‘rish mumkin. Zangiota maqbarasining peshtoqi esa ikki yonidagi xona devorlari bilan bir chiziqda bunyod etilgan, ya’ni shu devorlarning dami bo‘lib tushgan. Bundan tashqari, imoratning sirtidagi izoralar peshtoq ayvonidagi supalar bilan bir balandlikda qilib ishlangan.
Maqbara peshtoqini uning yonidagi xona devorlari bilan qo‘shib qurish natijasida binoning mustahkamligini oshirishga erishilgan. Izora va supalarning bir xil balandlikda bo‘lishi, imorat qiyofasiga alohida ko‘rk bag‘ishlagan. Maqbaraga old tomondan – ma’lum bir masofadan turib qaralganda, ushbu imorat yaxlit bir supa ustiga o‘rnatilgandek tasavvur uyg‘otadi.
Anbar ona maqbarasi
XIV-XV asrlarga oid Anvarbibi (Anbar ona) maqbarasi Zangiota qabridan 80 metr janubi-g‘arbda joylashgan. Zangiota ustozi Sulaymon Boqirg‘oniy vafot etgach, uning bevasi Anbar onani nikohiga oladi. Anbar onaning zukko, oqila, tadbirli ayol bo‘lganliklari bugungi kungacha yetib kelgan. Tarixchilarning qayd etishicha, Anbar onaning qabrlari yonida yana bir qabr joylashgan bo‘lib, unga Zangiotaning piri komillari Sulaymon Boqirg‘oniy hazratlarining onalari Ulug‘ Poshsho ona dafn etilgan. Manbalarda yozilishicha, o‘z davrida Ulug‘ Poshsho ona Anbar onadan juda katta mehr va ehtirom ko‘rgan. Shuning uchun u kishini izlab Toshkentga keladi. Umrining oxirigacha kelinidan izzat ko‘rgan holda yashab, shu yerda vafot etadi. Ushbu ma’lumotning qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘riligi noma’lum, ammo qaynona va kelinning qabrlari qo‘shni bo‘lishi katta ma’noni anglatadi.
Ushbu maqbarada hovuz, shiypon va darvozaxona alohida-alohida qilib qurilgan. Imorat tashqi devorlarining har bir qirrasida bezak sifatida yassi tokchalar joylashtirilgan.
Maqbara dastlab ikki xonali bo‘lgan, keyinchalik uning oldiga peshtoq qurilib, koshinlar bilan bezatilgan. Peshtoq tayanchi uncha baland emas. Zangiota maqbarasi kabi ushbu yodgorlik ham Amir Temur davri me’morchilik an’analarining yorqin namunasi hisoblanadi.
Majmuadagi masjid va madrasa 1870 yili Zangiota qishlog‘i qozisi tomonidan qurdirilgan. Hovli bo‘ylab cho‘zilgan masjid binosining markazida yirik peshtoqli-qubbali inshoot, ikki tarafida ravoqli-gumbazli galereya qanotlari hamda butun bino oldida qurilgan uzun ayvon ko‘zga tashlanadi. Binoning ichki qismi dastlab guldor naqshlar va yozuvlar bilan bezatilgan, biroq ular bugungacha saqlanib qolinmagan. Madrasaning me’moriy yechim va bezak xususiyatlarini e’tiborga olib, u XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida qurilgan deb hisoblanadi.
Ziyoratgohdagi minora hovlining markaziy qismida, masjid oldida bunyod etilgan. U XX asr inshootlari ichida yagona sanaladi. Imoratdagi yozuvga ko‘ra u hijriy 1333 yil (mil. 1914–1915 yillar)da qurilgan.
Istiqlolning dastlabki yillarida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Zangiota ziyoratgohi butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. 2013 yilning 20 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qadamjo va unga tutash hududlarda yangi loyiha asosida juda katta qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu jumladan, ziyoratgoh hududi kengaytirildi, Zangiota va Anbar ona maqbaralarining ichki va tashqi ko‘rinishi yangidan ta’mirlandi, 1000 o‘rinli jom’ye masjid binosi, 31 metrlik minora, ziyoratchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lida qo‘shimcha xizmat xonalari barpo etildi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qadamjo yurtdoshlarimizning sevimli maskaniga aylandi.
Xurshida HUSENOVA