Balog‘at davri – nozik palla
Qiz bola tug‘ilgandan boshlab, uning sog‘lig‘iga ota-onasi, keyinchalik esa o‘zi mas’ul hisoblanadi. Shuni unutmaslik kerakki, har bir qiz kelajakda sog‘lom ayol bo‘lib, barkamol farzandlarni dunyoga keltirishi uchun o‘smirlik davridanoq, reproduktiv salomatlikka alohida e’tibor berishi lozim.
9 yoshdan 18 yoshgacha qiz bola jinsiy jihatdan balog‘atga yetadi. Bu payt yetilish pallasi bo‘lib, jinsiy a’zolar rivojlanadi, qiz bola nasl qoldirishga tayyor bo‘la boshlaydi. Balog‘at davrida o‘smirning organizmida ikkilamchi jinsiy belgilarning paydo bo‘lishi: bo‘y o‘sishi, vazn ortishi, qo‘ltiq osti, oyoq, qo‘l va badanning ba’zi sohalarida tuklarning paydo bo‘lishi, yog‘ bezlarining faol ishlay boshlashi, husnbuzarlar paydo bo‘lishi, ichki sekretsiya bezlari faoliyatiga bog‘liqdir.
Qiz bolalarda ikkilamchi jinsiy belgilarning rivojlanishi bilan jinsga muvofiq holda tana tuzilishi shakllana boshlaydi. Nozik hilqat vakillaridagi balog‘at davri o‘zgarishlari ularning tashqi ko‘rinishidagina emas, balki xulq-atvori, yurish-turishi, oiladagi yumushlarni bajarishi, ularning ruhiyati va dunyoqarashida ham kuzatiladi. Ularda burch va mas’uliyat hissi shakllana boshlaydi.
Jinsiy rivojlanishga irsiyat, iqlim sharoiti, oiladagi iqtisodiy, ma’naviy va psixologik muhit, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish va yana boshqa omillar ta’sir ko‘rsatadi. Qiz bolaning o‘smirlik davrini uch bosqichga bo‘lish mumkin.
9-12 yoshlarda jinsiy a’zolarda o‘zgarishlar kuzatiladi va aynan shu paytda bolalikdan o‘smirlikka o‘tish kuzatiladi. Bu davrni prepubertat, ya’ni jinsiy a’zolarning yetilguniga qadar bo‘lgan palla, deb ataladi.
Pubertat – balog‘atga yetish davrini 12-17 yoshda kuzatish mumkin. Bu davr 5-6 yil davom etadi va o‘zgarishlar natijasida kechagi erkatoy qizaloq ulg‘ayib, ko‘rkam qizga aylanadi. Shuningdek, qizlar balog‘atga yetgach, ularda hayz ko‘rish jarayoni boshlanadi. Endokrin bezlari ta’siri ostida o‘smirlar voyaga yeta boshlaydi.
Hayz lotin tilidagi “mensis” so‘zidan olingan bo‘lib, “oy” ma’nosini beradi. Bu har bir qizning bolalikni tark etib, o‘smirlik, yetuklik davriga qadam qo‘yganining ilk belgisidir. Ushbu o‘zgarish 21-35 siklli kunlarda sodir bo‘lib, 3-7 kun davom etadi. Bu jarayonga tabiiy munosabatda bo‘lish kerak.
Doimo bir xil muddatda hayz ko‘rilsa, uni “muntazam hayz ko‘rish” deb aytish mumkin. Ammo, dastlabki hayz ko‘rish turli muddatlarda va og‘riqli o‘tishi mumkin. Lekin bu xavotirli emas. Ayrim qizlarda shunday holatlar bo‘ladiki, hayz jarayoni doimiy og‘riqlar bilan kechadi. Bu esa ularni vaqtincha behol qiladi.
Og‘riqli hayz jinsiy a’zolardagi o‘zgarishlar, ulardagi yallig‘lanish tufayli bezovta qilayotganini unutmaslik zarur. Albatta, onalar shifokor-ginekologga murojaat etsalar, bu bilan farzandlarining salomatliklarini tiklagan, bepushtlikning oldini olgan bo‘ladilar.
17-20 yoshni esa postpubertat davr deyiladi. Bu paytda inson shaxs sifatida ruhan va jismonan shakllanadi. Ammo uning yana ijtimoiy kamol topishi uchun kamida 2-4 yil kerak bo‘ladi.
Onalar va ayol o‘qituvchilar 10 yoshli qizlarga hayz jarayoni haqida ohistalik bilan tushuntirib, ularni bu davrga asta-sekinlik bilan tayyorlab borishlari darkor. Yuqori sinf, kollej va litsey o‘quvchi qizlari bilan ginekolog-shifokor suhbatlar o‘tkazishi zarur. Ayniqsa, ular necha yoshdan turmush qurish, nikohdan avvalgi tibbiy ko‘rikning ahamiyati, OIV va OITS xastaligi, zararli odatlar haqidagi tushunchalarga ega bo‘lishlari shart.
Reproduktiv yoshlik davrigacha yigit va qiz sog‘lom o‘sib-ulg‘aysa, kelgusida ular barkamol avlodni dunyoga keltirishdek ulkan baxtga sazovor bo‘lishadi.
Sahifani Salomatlik va tibbiy statistika instituti uslubchi shifokor-ginekologi Gulnoza TOSHMATOVA tayyorladi