Immunitetni ko‘taradigan mahsulotlar
Organizmning kasalliklarga qarshi chidamliligi immunitet deb ataladi. Kuz va qishning sovuq kunlarida gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) xastaliklari avj oladi.
Bu davrda immuniteti zaif bemorlar tezda kasallikka chalinishlari mumkin. Shunda piyoz, sarimsoqpiyoz, yerqalampir (xren), xantal (gorchitsa), sholg‘om, turp va qora turp, murch va qalampir joningizga oro kiradi. Ammo, me’da-ichak tizimida yallig‘lanish (gastrit, gastroenterokolit, gepatit), shuningdek, yara kasalliklari mavjud insonlarga achchiq va sho‘r oziq-ovqat mahsulotlari tavsiya etilmasligini unutmang. Sut va sut mahsulotlari ham kasallikni yengishda katta yordam beradi. Yuqorida nomlari tilga olingan achchiq mahsulotlar tarkibida efir yog‘lari va fitonsidlar mavjud bo‘lib, ular mikrob, virus hamda zamburug‘larga halokatli ta’sir etadi.
Yana quyoshli kunlarda ochiq havoda sayr qilish, chiniqish (havo vannalari, oyoqqa sovuq suv quyish yoki sovuq suvda namlangan sochiq bilan artinish va yana shunday dushda cho‘milish), yoglar kabi meditatsiya mashqlarini bajarish, o‘zingizni bo‘sh qo‘yish ham immunitetingizni ko‘taradi.
Shuningdek, har kuni bir bog‘ shivit iste’mol qilish organizmning kasallikka chidamliligini oshiradi.
Tarkibida S vitamini mavjud sitrus mevalar (kivi, limon, mandarin), na’matak iste’mol qilish, meva-sabzavotlar, ko‘katlar tanovul etish, malina (xo‘jag‘at), smorodina (qorag‘at) chakanda (oblepixa)li murabbolardan choy ichish, uy tovug‘i, kurka, quyon, baliq kabi jonzotlarning parhezbop go‘shtidan serpiyoz (ayniqsa, siyohrang piyozda fitonsidlar mo‘l bo‘ladi) sho‘rva ichish ham immunitetni mustahkamlaydi. Yana sovuq kunlarda issiq mijozli mahsulotlar (qo‘y go‘shti, sholg‘om, no‘xat, mayiz, anjirqoqi, yong‘oq, yeryong‘oq, hind yong‘og‘i, asal)ni ham iste’mol qilish lozim.
Bir dona limonni 1 daqiqa davomida qaynoq suvga butunligicha botirib oling. So‘ngra uni blenderda maydalab, ustiga ikki osh qoshiq tabiiy asal va bir osh qoshiq saryog‘ solib aralashtiring. Hosil bo‘lgan shifobaxsh masalliqni kun davomida nonga surtib yeyish darkor. Chanqasangiz, issiq-issiq choy iching.
Yer qizigan issiq kunlarda esa bilqillagan tuproq, asfalt yoki shag‘alli joyda oyoqyalang yurish ham biologik faol nuqtalarni qitiqlab, organizmning yashirin zahira kuchlarini oshiradi. Isiriq, moychechak, malina, smorodina, na’matakning qurigan butoqlaridan tayyorlangan vannalar ham gripp va O‘RVIda shifobaxsh ta’sir etadi.
Uzoq vaqt davomida ruhiy zo‘riqish (stress), shakarni ko‘p iste’mol qilish, tushkunlikka tushish (depressiya), kamharakatlik yoki haddan tashqari og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish, spirtli ichimliklarni ichish, giyohvandlik, kashandalik, antibiotiklarni sababsiz iste’mol qilish, quyoshning zararli nurlari ostida himoyasiz yurish, sovqotish, to‘yib uxlamaslik, sifatsiz va noto‘g‘ri ovqatlanish organizmning kasalliklarga chidamliligini tushirib yuboradi.
Gulchehra ShIRINOVA