Umuminsoniylik – bosh mezon
Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladigan kunga ham sanoqli kunlar qoldi. Har bir fuqaro e’tiqodi va siyosiy-ijtimoiy qarashlaridan kelib chiqib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz beradi.
Ta’kidlash lozim, bu galgi saylov avvalgilaridan bir muncha farq qilib, jarayonga yangiliklar joriy qilinmoqda. Ya’ni, ushbu siyosiy tadbirda ilk bor ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha turli risolalar chop etilib, saylov uchastkalariga tarqatildi. Ayni paytda ko‘zi ojiz saylovchilar uchun nashr etilgan byulletenlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, okrug saylov komissiyalariga yuborildi. E’tiborlisi, bu qulaylik Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib, yurtimizdao‘tadigan saylov jarayoniga tatbiq etildi.
O‘zbekiston Respublikasi ko‘zi ojizlar jamiyatining bergan ma’lumotiga ko‘ra respublika bo‘yicha 39 mingdan ziyod ko‘zi ojiz fuqaro ro‘yxatga olingan. Ularning barchasi saylash huquqiga ega. Yuqoridagi qulaylik ko‘z sohasida nuqsoni bor fuqarolarning ham mazkur siyosiy jarayonda bevosita ishtirok etishini ta’minlaydi.
– Vatanimizning kelajakda yanada taraqqiy etishi, fuqarolarimizning yaqinlashib kelayotgan muhim siyosiy jarayonda faol ishtirokiga bog‘liq, – deydi Xorazm viloyatining 12-Xorazm saylov okrugi komissiyasi kotibi Bahrom Bekjonov. – Bu galgi saylovlarda viloyatimizda yashovchi 1588 nafar ko‘zi ojiz fuqaro ham ishtirok etadi. Ularning 7 nafari rusiyzabon fuqarolar bo‘lgani bois, ularga rus tilida byulletenlar taqdim etiladi.
Ushbu byulleten namunasi ilovaga muvofiq shaklda tasdiqlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilgan. O‘ng tomonida bo‘sh kvadratlarda chegaralari relyefli-nuqtali bo‘rtmalar orqali joylashtirilgan.
– Mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarda ishtirok etish kishida ishonch va rag‘bat hissining oshishiga zamin yaratadi, – deydi urganchlik Nargiza Sapayeva. – Bu yil Prezident saylovida ilk bor bevosita o‘zim qatnashaman. Barcha yurtdoshlarimni ushbu siyosiy tadbirda faol bo‘lishga chaqiraman.
Bir so‘z bilan aytganda, yaqinlashib kelayotgan saylovda mamlakatimizning har bir fuqarosi faol bo‘lishi hamda yurt taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishi lozim.
M. TOLIPOVA