Yosh musavvir dunyoni anglamoqda
Dunyo tan olgan buyuk rassomlardan biri Pablo Pikasso shunday degan edi: “Men avvallari Rafaelga o‘xshab chizardim. Endi esa hayotda bir muncha vaqt yashab xuddi bola singari chizishni o‘rganadigan vaqtim kelganini angladim”.
Bundan kelib chiqadiki, rasm chizayotgan har bir bola yetuk rassom hisoblanadi.
Rasm chizish xuddi o‘yin va so‘zlashish kabi bolaning ichki dunyosini aks ettirishda juda muhim vosita sanaladi. U surat orqali o‘zining quvonchi, muammolari, uni qiynayotgan savollari, bir so‘z bilan aytganda, xayoloti hamda atrofdagilar bilan munosabatini tasvirlashga harakat qiladi. Psixologlarning ta’kidlashicha, chiza olmaydigan bolalar juda kam uchraydi va shunga o‘xshash ijodiy sustkashlik nosog‘lom oila muhitida voyaga yetayotgan qalbi shikasta o‘g‘il-qizlarda kuzatiladi.
Bolalar dunyoqarashining rivojlanishi ruhiy va harakatlanuvchi (motor) jarayon bilan bir vaqtda, ya’ni parallel ravishda kechadi. Rasmda har bir yosh o‘g‘il-qiz o‘zining kayfiyatini ko‘rsatib beradi. Undagi o‘zgarishlar rasmdagi chiziqlarning kengligi va bir xil shakllarning takrorlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Bolaning yoshi qanday bo‘lsa, u chizgan surat ham o‘shanga mos bo‘ladi. Quyida ular bilan tanishamiz:
12-18 oy – tartibsiz gajaklar, egri-bugri, atrofdagi o‘xshashliklar, qoyalar.
2 yosh – vertikal chiziqlar.
2,5 yosh – gorizontal yoki burama chiziqlar.
3 yosh – doira, quyoshchalar.
3,5 yosh – ilk inson surati (qo‘lllar, oyoqlar…), belgilar.
4 yosh – kvadrat, bola o‘zi uchun tanish bo‘lgan buyumlarni tasvirlashga urinib ko‘radi.
5 yosh – u insonni butunlay tasvirlay oladi. Masalan, geometrik shakllar bilan uning kiyimlarini bezaydi.
6 yosh – turli qahramonlar va binoning ichki qismini tasvirlay oladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xayolotdan realizmgacha bo‘lgan jarayon beshta asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi.
2 yoshdagi xayolot. Bu bosqich bola qo‘liga qalam olgan vaqtdan boshlanadi. Ko‘z orqali qo‘l harakatlari, qog‘ozdagi izlarga nazar soladi. Dastlab, yosh musavvirning qo‘llari qog‘ozda erkin harakatlana olmaydi. Ammo, unda keyinchalik bu muammo yuzaga kelmaydi.
2 yoshdan 3 yoshgacha – kutilmagan realizm (voqelikni haqqoniy tasvirlash). Bu davr 2 yoshdan boshlanadi. Bola ilk bosqichda suratda aniq tasvirlarni aks ettira olmaydi. Buyumlarga o‘xshash suratlarni chizadi. Yakunda u o‘zining rasmiga nom o‘ylab topadi.
3 yoshdan 4 yoshgacha – realizmning yetishmasligi. Bola turli buyumlarning shaklini chiza boshlaydi. Rivojlanishning boshlang‘ich davrida u tevarak-atrofdan ta’lim oladi.
4 yoshdan 10 yoshgacha – mulohazali realizm. Bola o‘zi bilgan ob’yekt rasmini tasvirlaydi. Ammo, ko‘rgan ob’yektini emas. U ikki xil qabul qilishdan qochadi: joylashtirishdan (u ko‘rib turgan manzarani borliqdagi singari emas, balki u tasvirlayotgan makonni biror nuqta bilan tasvirlaydi) va tiniqlik yoki shaffoflikdan (ob’yekt va uning tarkibiga kiruvchi narsalar. Masalan, uyni unda yashovchi xonadon sohiblari bilan tasvirlaydi).
10 yosh – ko‘rish realizmi. Ushbu davr bola musavvirligining o‘ziga xos “yakun”i. Farzandingiz bu yoshga kelib, buyumlarning joylashuv qonuniyatlarini, uning o‘ziga xos xususiyatlarini ranglar bilan uyg‘unlikda tasvirlay boshlaydi.
Rasm chizish yoki xat. Chizish bolaning nutqiy faoliyati va uning savodi bilan bevosita aloqador. Qolaversa, bu savodning ilk bosqichi sanaladi:
Aql vositasida, ular taxmin qiladi: qalamni qanday ushlash kerakligini, o‘zining harakatlarini nazorat qiladi. Rasm – shaxsning ko‘zgusi.
Bolaning aqliy rivojlanishini tekshirish. Uning yoshi va imkoniyatlarini hisobga olgan holda farzandingizdan kichkina odam yoki uyning rasmini tasvirlab berishni so‘rang. Vaqt o‘tgani sari uning intellektual salohiyati qanchalik o‘sib borayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Bolaning ruhiy holatini baholash. Bir qancha psixologik testlar bolaning ruhiy faoliyati darajasini belgilaydi. Masalan, uning rasm chizishiga to‘sqinlik qiladigan asosiy vosita bolaning ruhiyati bilan bevosita aloqador.
Surat va qayg‘u. Rasm qalbdagi qayg‘u va qo‘rqinchni namoyon etadi. Psixoterapevtlar diqqat bilan rasmlarni o‘rganadi. Undagi turli narsalarning joylashishi, tanlangan ranglar, chiziqlar va ob’yekt hajmiga qarab, bolaning holati o‘rganiladi.
Farzandingiz muntazam ravishda rasm chizishni rad qilsa yoki tez-tez bir xil surat chizsa, shuningdek, rasmlarida bo‘sh hamda tugallanmagan shakllar aks etsa, albatta mutaxassis-psixolog bilan maslahatlashing.
Bolalarning rasmlariga qarab ota-onalarning hushyor bo‘lishiga undaydigan holatlar:
– rasm orqali qayg‘uli xotira tasvirlansa;
– tananing biror bir qismi tartibli tasvirlanmagan bo‘lsa;
– qora yoki bo‘m-bo‘sh ko‘zlar, hamda rasm qora rang bilan quyuq bo‘yalgan bo‘lsa;
– rasm juda kichkina bo‘lib, qog‘ozning kam qismini egallagan bo‘lsa, albatta, bolangizni psixologga ko‘rsating.
Xurshida HUSENOVA