O‘quvchining qo‘l telefoni: undan foydalaniash tartibi belgilangan(mi?)

O‘smirlik – eng nozik davr hisoblanib, bu paytda bola ruhiyatida turli o‘zgarishlar kuzatiladi. Ayniqsa, ushbu yoshdagi o‘g‘il-qizlarda his-tuyg‘ularga berilish, xayolparastlik, tanbehni to‘g‘ri qabul qila olmaslik kabi holatlar uchrab turadi.

Shu bois, bunday paytda ota-onalar, mahalla faollari va ustozlardan o‘smir yoshidagi yigit-qizlarning yurish-turishi, ularda kuzatilayotgan salbiy o‘zgarishlarga nisbatan yanada e’tiborli bo‘lish talab etiladi.

Yaqinda oynai jahon orqali poytaxtimizdagi umumta’lim maktablarining birida o‘quvchi va ustoz o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik haqida hikoya qilingan mulohazali ko‘rsatuv namoyish etildi. Ma’lum bo‘lishicha, dars paytida o‘quvchi bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramay, qo‘lidagi uyali aloqa vositasini o‘ynashni qo‘ymagan. So‘ngra o‘qituvchi bolaning qo‘lidagi telefonini olib qo‘yishga majbur bo‘lgan. Bunga javoban o‘quvchi ustoziga o‘z e’tirozini ochiq-oshkora bildirgan.

Ushbu voqeani tomosha qilgan ko‘pchilik inson o‘quvchining xatti-harakatidan taajjubga tushgan bo‘lishi, tabiiy. Chunki, senga harf tanitgan, ta’lim bergan muallimga nisbatan bunday nomaqbul ish qilish hurmatsizlik belgisidir. Xo‘sh, ta’lim muassasalarimizda bunday holatlarning sodir bo‘lmasligi uchun qanday ishlarni amalga oshirish lozim? Qolaversa, bunday o‘quvchilarga nisbatan qonunan qanday choralar ko‘riladi?

 

Bahodir USMONOV, poytaxtimizning Shayxontohur tumani, “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inining raisi:

– Bunday masalalar bo‘yicha mamlakatimizning har bir mahalla fuqarolar yig‘inida voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzilgan. Ushbu komissiyaning maqsadi hududdagi voyaga yetmaganlar va yoshlarning ham ma’nan, ham jismonan yetuk inson bo‘lib voyaga yetishlariga, ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.

Bola tarbiyasida salbiy qusurlar yuzaga kelmasligi uchun, eng avvalo, oilada tarbiya jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim. Qolaversa, o‘smir yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy, ijtimoiy, ekologik ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlardagi faolligini yanada oshirish kerak. Yoshlar bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lsa, mahalla faollari uning ota-onasi bilan birgalikda harakat qilishi, bu kabi muammolarning oldini oladi. Yana shuni aytish kerakki, ushbu maqsadlarni to‘la-to‘kis amalga oshirishda maktabdagi ustoz va murabbiylarning ishtiroki juda muhim sanaladi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari tomonidan yuqoridagi kabi voqealarning kelib chiqish sabablari aniqlanib, ana shu oila va bola nazorat ostiga olinadi. O‘smirning maktabdan tashqari bo‘sh vaqtini behuda o‘tkazmasligi uchun uni turli mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishi ta’minlanadi. Bundan tashqari yana mahallada ota-onalar o‘rtasida ta’limning uzluksizligi, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining majburiyligi haqida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.

Yana o‘qing:  Boysunlik gilamdo‘z Maftuna

 

Sevara MATQURBONOVA, bolalar psixologi:

Avvalo, bola bunday vaziyatga tushib qolish sabablari aniqlanadi. Chunki, o‘smir o‘z-o‘zidan bunday tajovuzkor bo‘lib qolmaydi. Bunga oilaviy muhit yoki o‘smir yoshidagi psixologik o‘zgarishlar sabab bo‘lishi mumkin. Quyidagi vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, o‘smir bilan suhbatlashish jarayonida undagi muammolar nimada ekanligi aniq bo‘ladi. Masalan, uning fe’l-atvoridagi kamchiliklarni aniqlash maqsadida psixologik savollar bilan tekshirilib ko‘riladi. Ushbu yoshdagi ko‘plab o‘quvchilar o‘tish davrida o‘zlarini boshqara olmaydigan holatlarga tushib qolishi mumkin. Shu sabab ular bilan muloqotga kirishish jarayonida qo‘rs gapirish yoki nafsoniyatiga tegadigan gaplardan yiroq bo‘lish maqsadga muvofiq.

 

Ilhomjon XOLIQOV, poytaxtimizning Mirobod tumanidagi “Ziyonur” mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor:

– Ichki ishlar organlari xodimlari profilaktik hisobda turgan barcha voyaga yetmagan yoshlarning yashash tarzi va xulq-atvorini muntazam ravishda o‘rganib boradi. Unga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan voyaga yetmaganlar va yoshlarga yordam ko‘rsatish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan voyaga yetmaganlar va yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish maqsadida kuzatish ishlari olib boriladi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha fuqarolar yig‘ini kengashiga takliflar kiritadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yildagi 21 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 7-bandida ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin ta’lim oluvchilar telefonini o‘chirib qo‘yishi va portfeli hamda sumkasiga solib qo‘yishi shartlari belgilangan. Shuningdek, ushbu nizomning 8-bandiga muvofiq o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida ta’lim oluvchilarga telefon orqali so‘zlashish hamda sms (mms)va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish, telefonni stol ustiga qo‘yish, musiqa shu jumladan, quloqchinlar orqali tinglash, surat va video tasvirlarni ko‘rsatishda telefondan foydalanish (o‘yinlar bilan shug‘ullanish), tasvir (matn, rasm, video yozuv va fotosuratlar) ko‘rish, diktofon, kalkulyator, kalendar, yon daftarcha sifatida foydalanish, surat va videoga tushirish, shuningdek telefon (GPRS, Bluetooth, internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish qat’iyan ta’qiqlanadi.

Yana o‘qing:  Kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston kubogi

Ushbu nizomga muvofiq ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilarga mashg‘ulot va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchilar), yaqin qarindoshlari, ta’lim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan bog‘lanish maqsadida telefondan foydalanishga (qo‘ng‘iroq qilishga, SMS, MMS, GPRS jo‘natishga, Bluetooth, internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishga) ruxsat etiladi. Mashg‘ulotlar va turli tadbirlar oralig‘ida telefon orqali so‘zlashish uchun xonadan yo‘lakka yoki foyega chiqish, past ovozda va qisqa muloqot qilish zarur. Agarda ana shu bandlarga amalga qilmasa o‘qituvchi o‘quvchiga nisbatan chora ko‘rishga majbur bo‘ladi. Bunday vaziyatda muassasa direktori voqeadan xabardor etiladi. Tuman ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda majlis tashkillashtirilib, bolaning ota-onasi bilan alohida muhokama etiladi. So‘ngra ta’lim maskanida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ota-onalari chaqirtirilib, uyali aloqa vasitasidan foydalanish tartibi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib boriladi.

 

Shu o‘rinda

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlar uyali aloqa vositalaridan foydalanadi. 13 milliondan ortiq kishi esa internetdan foydalanish imkoniyatiga ega.

 

Oybekjon QODIROV, poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 110-umumta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari:

– Bu holatda dastavval, o‘qituvchidan og‘ir-bosiqlik bilan chora ko‘rish talab etiladi. Agarda o‘quvchi tomonidan mobil aloqa vositasi bilan bog‘liq noxush voqea sodir etilgan bo‘lsa, u qattiq nazoratga olinadi. Unga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘riladi. Masalan, Toshkent shahar hokimining 2015yil 5-fevraldagi “Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 85-sonli qarorini asos qilib olishimiz ham mumkin. Shunga asosan, bola birinchi navbatda nazoratga olinadi. Unga murabbiy biriktirilib, profilaktik nazorat daftari tutiladi. Keyin uning bo‘sh vaqtini chegaralash uchun turli to‘garaklarda band bo‘lishi ta’minlanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa o‘smir tarbiyasini ijobiy tarafga o‘zgartirishdir.

Charos XUSHVAQTOVA yozib oldi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: