30 mingdan ortiq jarrohlik amaliyoti shuncha insonga quvonch ulashmoq degani
Bugungi kunda Farg‘ona viloyat oftalmologiya shifoxonasida Germaniyada ishlab chiqarilgan “Megatron S4” fakoemulsifikator apparati yordamida bemorlar ko‘ziga tushgan pardani kesmasdan, og‘ritmasdan, chok qo‘ymasdan, kichik tirqishdan olib, o‘rniga yumshoq sun’iy gavhar qo‘yilmoqda.
XXI asrning oltin standarti deb tan olingan ushbu jarrohlik amaliyoti tufayli ko‘plab yurtdoshlarimiz hayotga yana ravshan nigoh bilan boqmoqdalar.
Bugungi davr har bir shifokor oldiga zamon talablarini teran anglab, texnik imkoniyatlardan samarali foydalanish vazifasini qo‘ymoqda. Farg‘ona viloyat oftalmologiya shifoxonasida muvaffaqiyatli izlanishlar olib borib, o‘z shogirdlariga ish tajribasini o‘rgatib kelayotgan shifokor Anvar Sodiqov faoliyati misolida buni yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
– Bemor insonning ko‘zlari jismidagi darddan ogoh etadi. Ko‘zlar kasallansa, odamning ruhiyati tushib, tuzalishga ishonchi pasayadi, – deydi Farg‘ona viloyat oftalmologiya shifoxonasi bosh shifokori A. Sodiqov. – Bugun yurtimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida avvallari imkonsiz, deya qaralgan ko‘plab ko‘z xastaliklari butunlay davolanmoqda. Shu o‘rinda aytish lozimki, shifoxonamizga keltirilgan fakoemulsifikator uskunasi oftalmologiya sohasidagi eng zamonaviy tibbiy jihozlardan biri hisoblanadi. Uning yordamida bemorlar o‘zlarini qiynayotgan ko‘plab dardlardan forig‘ bo‘ladilar. Shuningdek, operatsiya va davolanish kunlari qisqaradi, tiklanish jarayoni esa tezlashadi.
Insonning ko‘zi o‘zga bir olam. Unda uchraydigan tasodifiy va tug‘ma nuqsonlar esa hayotimiz, ko‘nglimizga xiralik beradi. Axir yon-atrofimizga nurafshon ko‘zlar bilan boqishga nima yetsin. Shifokor Anvar Sodiqov butun qalb-qo‘rini ana shu soha sirlarini puxta egallash, ko‘z kasalliklarining turlari va shifo usullarini izlab topishga qaratdi.
U 1981 yil Andijon davlat tibbiyot institutini tamomlagach, Farg‘ona viloyat ko‘z kasalliklari dispanserida ish boshladi. Faoliyati davomida oldiga kelgan har bir bemor dardini jon qulog‘i bilan tinglab, ulardan sira yordamini ayamadi. Dastlab, tekshirish, tashxis qo‘yishda ustozlari ko‘magiga tayandi. Tajribali shifokor bosib o‘tgan yo‘liga nazar solar ekan, bir voqeani eslab o‘tdi:
“Shifoxonamizga bir otaxonni olib kelishdi. Bemor Ikkinchi jahon urushi paytida bir ko‘zi jarohat olib, ko‘rmay qolgan ekan. 63 yildan buyon bir ko‘zi bilan bu yorug‘ olamni ko‘rib yurgan otaning oxir-oqibat ikkinchi ko‘zi ham ko‘rish qobiliyatini yo‘qotadi. Biz barcha imkoniyatlarni ishga solib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik. Buning natijasida otaxon yana ko‘ra boshladi. O‘sha paytdagi bemorning xursandchiligini sizga so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. To‘g‘risi, bu bir mo‘jizaga o‘xshaydi”.
Insonga naf keltirish oliy baxt. Bu shior 34 yildan buyon tibbiyot sohasida samarali xizmat qilib kelayotgan Anvar aka hayotining asosiy mezoni deyish mumkin. Faoliyati davomida 30 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini muvaffaqqiyatli amalga oshirgan bu qo‘li yengil shifokor bugun bir qancha shogirdlariga o‘z bilim-tajribasi, murakkab jarrohlik amaliyotlari sir-asrorlarini puxta o‘rgatib kelmoqda.
Navro‘z NORBOBOYEV