MUMTOZ SIYMOLAR BOLALAR IJROSIDA
Yosh avlod ongida milliy qadriyatlar va ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan hurmat go‘dakligidanoq shakllanadi. Ajdodlarimizning ma’naviy merosi barkamol avlod tarbiyasida, ularning komil inson bo‘lib ulg‘ayishishida muhim jarayon hisoblanadi. Buyuk bobokalonlarimiz – Navoiy va Bobur asarlari ana shunday boy meros hisoblanadi. Shu kunlarda yurtimizdagi ta’lim muassasalarida mumtoz adabiyot namoyondalarining tavallud ayyomiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Hamza tumanidagi 371-maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lib o‘tdi. Ota-onalar, tarbiyachi murabbiylar va bolajonlar ishtirokidagi adabiy tadbir barchada katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, “Non hidi”, “Alisherning yoshligi” kabi sahna ko‘rinishlari kichik guruh tarbiyachilari tomonidan mahorat bilan ijro etildi.
Bola tilida aytilgan ruboiy, g‘azal, hikmatli so‘zlar, tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
— Bolalarning kichik yoshidanoq Navoiy va Bobur ijodiga oshno etib tarbiyalanishi milliy qadriyatlarimizning bardavomligini ta’minlaydi. Aynan, bog‘cha yoshida bolalar ongu shuuriga singdirilgan bilimlar ular voyaga yetgach ham mustahkam saqlanib qoladi, – deydi kichik guruh tarbiyachisi Hilola Nurmatova.
Mumtoz adabiyotimiz ruhi bilan yo‘g‘rilgan sahna ko‘rinishlarida har bir bola o‘zini erkin tutishi, mavzuning mohiyatini teran his qilishi ularning yuz-ko‘zlaridan bilinib turar edi.
S.IBODINOVA