Nafosat va ijodiy mahorat namoyishi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Osiyo ramzi” O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan Toshkent moda haftaligi boshlandi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda milliy moda va dizaynerlikni ravnaq toptirish borasidagi sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston modelyer va dizaynerlarining ishlari Nyu-York, Milan, Parij va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tayotgan namoyishlarda yuksak e’tirof etilmoqda. Atlas, adras, beqasam singari milliy matolarimiz, libos bezaklari xorijiy dizaynerlarning ishlarida keng qo‘llanilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston hunarmandlarining qalb qo‘ri bilan to‘qilgan matolardan tayyorlangan nafis ro‘mol va sharflar, ko‘ylaklar, bejirim kamzullar, ustki kiyimlarni bugun chet elliklar egnida uchratish oddiy holga aylanib qoldi. Matolarni qo‘lda to‘qish, milliy liboslarga oid boy ma’naviy merosimiz targ‘ibotida Toshkent moda haftaligi kabi ijodiy loyihalarning o‘rni va ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda.
Ushbu anjumanda yurtimiz va xorijlik moda ustalari o‘zaro fikr va tajriba almashadi, mahoratini oshiradi. Haftalik doirasida yurtimiz va chet mamlakatlar dizaynerlari ijod namunalari taqdimoti, mualliflik ishlari ko‘rigi, yoshlar ijodiyoti namoyishi, yetuk mutaxassislar ishtirokidagi mahorat darslari, milliy liboslar festivali, anjumanlar, to‘qimachilik va milliy matolar ko‘rgazmasi kabi tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent moda haftaligi “O‘zbek badiiy matolari” ko‘rgazmasi hamda milliy liboslar namoyishi bilan boshlandi.
T. ORTIQOVA