MA’NOLAR XAZINASI
Hazrat Navoiy buyuk ijodkor. U nafaqat o‘zbek xalqining, balki jahon xalqlarining ham ulug‘ shoiri va mutafakkiridir. Har bir ma’rifat izlovchi kishi sifatida men ham Navoiyga juda ko‘p murojaat etaman. Imkon bo‘ldi deguncha, ushbu buyuk mutafakkir asarlarini qayta-qayta mutolaa qilaman. To‘g‘ri, Navoiy qoldirgan ma’no dengizining tubiga yetishish juda qiyin. Bu dengiz hajman dunyolarga teng, tubining esa chegarasi yo‘q. Lekin, bu dengizdan bahra istaganlar necha yoshda bo‘lmasin, undan albatta ma’naviy ozuqa oladilar.
Navoiy ijodi faqat badiiy talqini bilan cheklanmaydi. Unda birato‘la tarix, falsafa, astronomiya, psixologiya, iqtisodiyot, fizika boringki, barcha ilmlar mujassam. Navoiyning butun ijodi, bir so‘z bilan, ma’rifat tushunchasida mujassam. Ushbu tushuncha esa ezgulikning, komillikning, insonga xos barcha ehtiyojlarning otasidir. Navoiy ijodi ma’rifat va jaholat nomli ikki qutbni yuksak badiiyat, mazmunning xayol yetmas tengliklari talqin etadi.
Men Navoiyning “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, “Majolis un-nafois”, “Nasoim ul-muhabbat”, “Mahbub ul-qulub” va dunyo she’riyatining gultoji bo‘lgan “Xazoyin ul-maoniy” devonini faqat mutaxassislar emas, butun o‘zbek xalqi o‘qib tushunishini, hayot yo‘llarida dasturulamal bo‘lishini chin dildan istar edim. Navoiy asarlari inson hayotining hamma bosqichlarini qamrab oladi. Ulardan har kim o‘zining ehtiyojiga yarasha ma’ni, mantiq topadi. Shunday ekan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz ijodini farzandlarimizga o‘rgatib borishimiz lozim.
Albatta uzoq yillar ajdodlar ma’rifatidan judo etilgan avlodlarga bunday keng ko‘lamli, ammo savobli ishni amalga oshirish oson kechmaydi. Buning uchun vaqt, sabr-toqat, eng muhimi, fidoyilik va millatga sadoqat kerak bo‘ladi. Zotan, shu yo‘lda ham manzil aniq, ma’rifatning yorqin ziyosi yo‘limizni yoritib turibdi. Bu – hazrat Navoiy shaxsiyati, uning betakror asarlaridir.
Rahmatulloh NOSIR,
filologiya fanlari nomzodi