Ilhombaxsh ijod maskani
Mamlakatimizda bolalar musiqa va san’at maktablarini barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Yuksak g‘amxo‘rlikka javoban iste’dodli yoshlarimizning turli xalqaro musiqa va san’at festivallarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari tahsinga loyiq.
Buxoro viloyati, Olot tumanidagi 15-Bolalar musiqa va san’at maktabi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009–2014 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2013 yilda foydalanishga topshirildi. Yangi binoning qurilishiga davlat byudjetidan 2 milliard 408 million so‘m mablag‘ sarflandi. Muassasa qariyb, 478 million so‘mlik yangi musiqa asboblari va mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Jahon andozalariga to‘liq javob beradigan, o‘quvchilarning saboq olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan ushbu o‘quv dargohini ko‘rib, ko‘z quvnaydi.
– Ta’lim dargohida 26 nafar o‘qituvchi va konsertmeystr faoliyat ko‘rsatadi, – deydi muassasa rahbari M. Allonov. – San’atga oshufta o‘g‘il-qizlar bilan ishlashda ularning o‘ziga xos qiziqishlari, iste’dodlari alohida e’tiborga olinadi. Fidoyi o‘qituvchilarimizning mehnati bilan o‘quvchilarimiz har yili tuman, viloyat va respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Maktabda fortepiano, o‘zbek xalq cholg‘ulari, estrada cholg‘u ijrochiligi, an’anaviy xonandalik, estrada xonandalik, tasviriy san’at, amaliy san’at va xoreografiya kabi 8 ta bo‘lim faoliyat yuritadi. Ushbu guruhlarda 180 nafar o‘g‘il-qiz musiqa va san’at sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganishmoqda.
2014 yil musiqa maktabi o‘quvchisi Mahliyo Salohiddinova Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi respublika ko‘rik-tanlovining tasviriy san’at yo‘nalishida rag‘batlantiruvchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Maktabning iste’dodli o‘quvchilaridan bo‘lgan Sunnat Durmamatov esa “Kamalak yulduzlari – 2014” hamda “Istiqlol g‘unchalari – 2015” festivalida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. “Kamalak yulduzlari – 2016” festivalining viloyat bosqichida an’anaviy xonandalik bo‘yicha Jonibek Rahmatullayev, tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha Ruslan Abdullayev faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Hozirda ular tanlovning respublika bosqichiga jiddiy hozirlik ko‘rishmoqda.
Zamonaviy ta’lim muassasalari, madaniyat maskanlarida bilim va kasb-hunar sirlarini puxta egallayotgan hur fikrli, ona Vatanning buyuk va farovon kelajagini o‘z kuchi va aql-zakovati bilan quruvchi yosh avlodning kamol topayotgani barchamizni birdek quvontiradi.
– Jonajon O‘zbekistonimizning betakror tabiatini tasvirlashni xush ko‘raman. Bu mening ilhom manbaim, – deydi 15-Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Ruslan Abdullayev. – Ijod qilish, xayolot mahsulini oq qog‘ozga tushirish uchun musavvirga yetarli sharoit bo‘lishi lozim. Busiz el ardog‘idagi rassom bo‘lib yetishish mushkul. Ta’lim dargohimizda yaratilgan sharoitlar esa bu borada biz o‘quvchilar uchun barcha imkoniyat eshiklarini ochadi. Ustozlarimning sa’y-harakati tufayli joriy yilda o‘tkazilgan “Kamalak yulduzlari” festivalining viloyat bosqichida birinchilikni qo‘lga kiritdim. Maqsadim festivalning respublika bosqichida ham eng oliy o‘ringa sazovor bo‘lish.
Muassasada har bir o‘g‘il-qiz o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan. Bu yo‘lda ular tinim bilmay o‘qib, izlanmoqda, san’atning sir-asrorlarini puxta o‘rganmoqda.
X. USMONOVA