Olam juft yaralgan

(hikoya)

Ko‘zlarining nuri singan, madori qurigan momo qizaloqning maktabdan kelishini intizor kutardi. U dorini doridan farqlamas, qutidagi yozuvlarni o‘qiy olmas, hijjalasayam, mag‘zini anglamasdi. Nabira qiz kampirning dastyor-tabibi edi.

Norgul checha momoga emdori qilgan damda ham qizaloq seskanmasdan, uning xatti-harakatini zimdan kuzatardi. Shu-shu Xadichaning dilida shifokor bo‘lish orzusi kurtak yozdi. Albatta, pari momoning pandu nasihatlari, hayotiy saboqlari ham umidlarining doyasi bo‘ldi:

– Oyqizim, ana, elga kerak bo‘lganingda aziz bo‘lasan, sendan ham binoyidek do‘xtir chiqadi…, – har gal Norgul chechaning koridan so‘ng momo bu hikmatni bot-bot takrorlar edi.

Momo o‘zi aytganidek, keksaning joni ingichka bo‘ladi, dardni ko‘tarolmaydi. Ko‘p o‘tmay ingichka jon uzildi. Oradan qancha suvlar oqib o‘tmadi, deysiz. Ammo qizaloqning dilidagi orzusi bir dam ham tark etmadi. Uning 9-sinfda o‘qib yurganida “kim bo‘lsam ekan?” mavzusidagi inshosi adabiyot o‘qituvchisining ko‘nglini qalqitib yuborgandi. O‘shanda muallima hayajonlanib Xadichadan yaxshi adiba chiqadi, deya “bashorat” qilgandi…

– Charchamadingizmi?!. – xayollarini xazondek sochib yubordi, ortidan harsillab kelayotgan, halizamon ularni ko‘cha boshida kutib olgan, biroz qo‘rs, ammo sersavlat, norg‘ulgina qishloq posboni Uchqun.

– Charchab bo‘ladimi?! Har kuni bunday masofalarning ko‘pini bosib o‘tamiz. Hayronman, siz tog‘lik barvasta yigit sal qiyalikda holdan toyib nafasingiz bo‘g‘zingizga tiqilyapti?

Dabdurstdan bildirgan fikridan Xadichaning o‘zi ham sal xijolat tortdi. Iymanib yigitning ko‘zlariga qarab qo‘ydi.

– Otda yuraman. Shu ot jonivor ko‘targanakan-da yukimizni…

– O‘zi, siz erkaklar shunaqa, ko‘chada ot-ulov, uyda ayolingiz yukingizni, kamiga to‘qmoqday iddaongizni ko‘taradi. Piyoda ham yuring, yurish sog‘lik uchun foydali…

Norg‘ul yigit kalovlanib qoldi. Boshqa so‘z aytsa, hozirjavob xonimning dashnomlari yomg‘irida qolishini anglab gap qorishtirmadi.

– Bering, sumkangizni… – roziligiga ham qaramasdan Xadichaning qo‘lidagi yo‘lxaltani ilib oldi. Bir tisarilib qaradiyu qiz ham ortiqcha urinmadi. – Nima o‘zi bu?..

– Elektrokardiogramma, – istamaygina javob qildi qiz.

– Yurak do‘xtiriman, deng… shu apparatingizga bir tushishim bor, ko‘ksimizda yurak qoldimikan? – Uchqunning yuzi kuz osmonidek tundlashdi… Xadicha beparvo qaradi. Bu holat unga tanish, eskirgan usul, yigitlar unga ko‘p bora shunday gap uloqtiradi…

Xadicha o‘rta maktabni tugallayotgan yillar… “jo‘ja birdek jon”: singlisi, ukalari barchasi izma-iz ulg‘ayayotgan pallada uning orzulari olis nuqtadek ko‘rina boshladi. Qolaversa, qarindoshlar ota-onasiga “qizing o‘qib qozi bo‘larmidi”, deb turgan bo‘lsa… Pari momosining tarbiyasini olganda, masalaning boshqa yechimini topdi. Viloyat markazidagi tibbiyot kollejida tahsil olishni diliga tugdi va buning uddasidan chiqdi. Bilim yurtida o‘qib yurgan kezlari shifoxonalarda o‘tagan amaliyot saboqlarida ham faol qatnashdi. Ayniqsa, unga Tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasining ishi ancha ma’qul keldi. Qiziqishi shunchalik katta bo‘ldiki, ta’til damlari brigada shifokorlaridan o‘tinib so‘rab, olis qishloqlarga safarga ham chiqdi. Tibbiy uskunalar bilan jihozlangan xorijiy rusumdagi maxsus ambulans mashinasi hayratini oshirardi. Avtoulovning bir burchidan joy tekkan bo‘lsa-da, qalbidan o‘zini kiborlardek his qilgan edi o‘shanda. Bilim yurtini tugatgandan so‘ng ham shu ishga bog‘landi, qoldi. Turmushga kelganda biroz omadi chopmadi. Yo‘q, ko‘nglidan kechgani o‘ziga ayon, avval boshda ro‘yxushlik bermadi, keyin bitay, deb turgan rishtalarning nechasini “og‘zi yetmaganlar” qaychisiz uzdi. Nima emish, qiz bola… yolg‘iz… safarma-safar… tinch yuradimi, emish, ana xolos… Hamma narsa vaqtning izmida, tizginida ekan. Barchasi unitildi. Ammo uning ko‘nglida kemtik joyi bor, axir olam juft yaralgan.

Yana o‘qing:  Ulug‘ shoirning ehtiromiga sazovor bo‘lgan hamshira

Bolalarga mehri o‘zgacha, ularni suyib erkalaydi, o‘zi ham ko‘zlarini katta-katta ochib bola tilida gapirib, quvonadi. Ba’zan ota-onalarning e’tiborsizligidan ranjiydi. Farzand parvarishiga barmoq orasidan qaragan ota-onalarni kezi kelsa, koyiydi. To‘g‘rida, ozgina e’tiborsizlik ortidan qancha norasidalarga nogironlik tamg‘asi bosilyapti. Xadicha ularning ko‘pini ko‘rgan, ishxonaga yordam so‘rab kelganida, hujjat tayyorlash ishlariga bajonidil ko‘maklashgan. Chehrasida doim tabassum balqib turadi. Har kuni yangi odamlar bilan suhbatlashadi, katta-yu kichikka birdek izzat-ikrom ko‘rsatadi. So‘zga chechanligi ham shundan.

…Guldor nimchasi o‘ziga yarashgan, sochlarini ikki o‘rib olgan o‘n yoshlar atrofidagi qizaloq darvoza oldida ularni kutib oldi.

– Assalomu alaykum!!!

– Voy, buning biyronligini qaranglar, yaxshimisiz, qizim. – Xadicha qizaloqqa tabassum qilib uning boshini siladi. Jajji mezbonga qizim, deb murojaat qilishida boshqa ma’no ham bor edi. Xira pashshadek ortidan ergashgan yangi tanishiga go‘yo uning oilasi, farzandlari bor ekanini uqtirib qo‘yish edi. – Kim bor uyda, onangiz bormi?

– Bor, oshxonada…

Mahalla maslahatchisi yetovida qolgan shifokorlar ham horib, ortdan yetib keldi. Ambulans avtomashinasi qiyalikda joylashgan bu xonadon ostonasiga kelolmay, past ko‘chada manzil saqladi.

Orasta hovlidan birma-bir eshik hatlab ayvonga, undan shinamgina uyga o‘tishdi. Oppoq choyshabda yotgan, xastalikdan ko‘zlari kirtayib qolgan momo xijolatomuz asta qimirladi. Hamma ketma-ket momoga salom berdi.

– Vuy, kelingizar, mehmonnar… – kampir yana o‘ng‘aysizlandi.

– Momo, bu kishilar katta do‘xtir, – so‘z boshladi mahalla maslahatchisi, – dardingizga oro kiraylik, deb kelishibdi…

– Kelingizda bolam, mana yotibmizda, Xudoyning diydorini kutib…

– Unaqa demang, hali uzoq yashaysiz, – terapevt Shohista Xoldorovna momoning qon bosimini o‘lchash uchun tanometrni bemorning bilagiga o‘radi. So‘ngra fonendoskopni qulog‘iga taqdi. Oraga jimlik cho‘kdi. Momo hali ham jonsarak, ko‘zlari bilan nabirasini qidirardi.

– Enangga ayt, mehmonnarga dasturxon yoysin…

– Ovvora bo‘lmasin, – Xadicha orqaga tisarilgan qizaloqning qo‘lidan tutib qoldi, – undan ko‘ra kel, menga yordam berib tur.

Xadicha EKG uskunasining uzatgichlarini qizaloq bilan yoyib chiqdi. Uning qisgichlarini tayyor holatga keltirdi. Hamshira qizni zimdan kuzatib turgan barvasta posbonning nigohini chalg‘itish uchun tibbiy uskunani elektrga ulashni unga buyurdi. Bu iltifotdan Uchqunning ko‘zlari yonib, chaqqon ildamladi. Xadicha qizaloqning xatti-harakatlarida o‘zining bolaligini ko‘rdi. Keyin jilmayib: – Kelajakda shifokor bo‘lasana…, – dedi. Qizaloqning ikki yuzi olmadek qizardi.

– Voy, folchimisiz? – Maslahatchi juvonning yuzi yorishib ketdi. – Bu qiz do‘xtir bo‘laman, deydi. Momosining tabibi bu…

Qizaloq unga berilgan tavsifdan qalbida cheksiz g‘urur tugdi. Kampir zarur tekshiruvlardan o‘tdi. Mehmon shifokorlar tavsiyalarni yozib qizaloqqa tutdi. Ayvondan kelgan issiq nonning isi xonani to‘ldirdi. Tandirning taftidan ikki yuzi anordek qizargan yosh juvon dasturxon ustida ikkita qaynoq non bilan kirib keldi:

Yana o‘qing:  Bejirim qo‘g‘irchoqlar

– Uzr, endi tayyor bo‘ldi-da… olinglar!

Momo bilan xayr-xo‘shdan so‘ng hamma hovliga chiqdi. Shohista Xoldorovna oftobadagi iliq suvga qo‘l chaya turib, el rasmini ado etish uchun og‘iz juftladi:

– Qizim, ana endi nonni olib chiqing, tuzini ta’tib ko‘ramiz… Tezroq qaytmasak, havoning ham avzoyi buzilyapti…

Salqin havo etni junjiktiradi. Ustiga-ustak yomg‘ir sevalay boshladi. Qishloq guzariga kelgunga qadar u sharros jalaga aylandi. Na iloj, ularni kutib turgan qishloq ahlini ham Ambulansda birma-bir tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi, ularga bepul dori-darmonlarni iste’mol tartiblarini tushintirib tarqatishdi. Kuzning kuni bir tutam emasmi, tund havo qorong‘ulikka singa boshladi. Uchqun bir dam ham Xadichadan nari ketmadi. Tibbiy ko‘rik yakuniga yetganda brigada shifokorlarining barchasi holdan toydi. Qishloq fuqarolar yig‘ini raisining yangiligi esa bu charchoqni chandon oshirib yubordi.

– Aziz mehmonlar, bugun qishlog‘imizda tunaydigan bo‘ldingiz! – Ne’mat aka markazdan kelgan vakillarga hamisha rasmiy ohangda so‘zlaydi. – Soy yoqasidan avtoulov yuradigan yo‘lni qirdan tushgan po‘rtana suv yuvib ketibdi. Biz tavakkal qilib joningizni xatarga qo‘yolmaymiz…

Hammaning hafsalasi pir bo‘ldi. Aslida brigada shifokorlari bunday holatga ko‘p bora tushgan. Yo‘lning azobini, mehnatning mashaqqatini tatib ko‘rib ko‘nikib qolgan. Ammo birovning xonadonini tashvishga qo‘yib, behalovat qilish hech kimning istagi emasdi. Birgina Uchqunning sevinchi ko‘zlarini yanada ravshan etardi:

– Rais buva, bir kecha ming kechami, bizning uy bir qadam, ozgina taraddud ham boshlab qo‘yganmiz, mehmonimiz bo‘lishadi.

– Onasi zap pazanda Uchqunjonning… – Mahalla maslahatchisi ham gapga qo‘shildi. Ammo negadir hech kim, “nega onasi, ayoli-chi?” deb o‘ylab ko‘rmadi… Aslida, joy masalasini muhokama qilishga na shifokorlarda, na mezbonlarda endi toqat qolgandi.

Suvga tushgan jo‘jalardek mehmonlar bir-biriga yaqin o‘tirardi. Xonadonning bosh bekasi haqiqatda, epchil, yo‘qni yo‘ndiradigan, borni do‘ndiradigan ayol ekan. Dasturxon bir zumda qaymog‘u asal, pista-bodomga to‘ldi. Oshxonada yana kimlardir kuymalanardi. Bir pas turib Uchqun ikki nafar ko‘zmunchoqdek qizning boshini silab ayvondan mehmonxonaga kiritib yubordi:

– Bu mening qizlarim… – O‘zini noqulay his qildi chog‘i, ostona hatlamasdan hovliga qaytib ketdi.

– Voy, bularning shirinligini, – Xadichaning ko‘zlari yonib ketdi. Hamma uyning kichik mezbonlariga iltifot ko‘rsatdi.

– Oyisining qizimi, bular? – chechanligi tutdi hamshira qizning. Qizaloqlar hech so‘z demay, qimtinibgina ayvonga chiqib ketdi. Qizning so‘zi og‘zida qoldi. Mahalla maslahatchisi o‘ng‘aysizlandi:

– Voy, Xadichaxon-ey, hali aytmabman, burungi yili onasi qaytish qilgandi, rahmatli bir yil betob bo‘lib yurdi, ko‘rsatmagan do‘xtiri qolmadi, qismat ekan… – Xadichaning tanasi muzlab qoldi. Bir zum o‘zini anglamadi. – Bular ham siz taraflarda, markazda yashardi, Uchqunning uyi bor, davlat idorasida ishlardi. Ikki qizaloqning onadan keyin tarbiyasini, parvarishini o‘ylab qishloqqa qaytdi.

Yana o‘qing:  Kulgu-shifo (2014/4)

U boshqa “lom-mim” demadi. Hovliga chiqqanida muzdek yomg‘ir tomchilarining haroratini ham his qilmadi. Ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lagisi keldi. Nima uchunligini o‘zi ham sezmasdi. Birinchi ko‘rishganda Uchqunga dashnom bergani uchunmi, guldek kelinchakning qazosi, qizaloqlarning yetim qolgani uchunmi, onaizorning kuyib-pishib, tanimagan, yetti yot begona kishilarni mehmon qilib ovvora bo‘layotgani uchunmi, o‘zining taqdiridanmi, qismatning zahridanmi, anglamasdi…

Ayvonga Xadicha bo‘sh idishlarni olib chiqqanida, bu paytni kutib turgan Uchqun o‘choq boshidan uni imlab chaqirdi. Ikkisi bir dam yolg‘iz qoldi:

– Tushungandirsiz, ko‘chada yukimni ot, uyda mana shu onaizorim ko‘taradi. Lekin men qizlarimning qalbidagi yukini, norasidalarning g‘amini ko‘tara olmayapman, shuni aytmoqchi edim. Negadir, siz bilan bugun ko‘rishgan, hali suhbatlashmagan bo‘lsakda, dardimni aytgim keldi, – tushkin jilmaydi Uchqun. Balki vaziyatdan chiqish uchun, g‘amini yengish uchun shunday qilgandir. – Menga telefon raqamingizni beraolasizmi?..

Demak, u hammasidan xabardor. Xadichaning dardli “dasturxoni”ni kimdir yozgan, taqdirini so‘zlab bergan. Hoynahoy, Shohista Xoldorovna… Endi qiz battar g‘amga botdi. Yigitning ko‘zlariga ham boqmasdan uyga kirib ketdi. Tongga qadar xonadan chiqmadi, tongga qadar mijja qoqmadi ham. Allamahalda hovlida otning dupuri, tomoqning qirilishi, pichirlagan ovoz, ayvonda ohista oyoq tovushi eshitildi. Onaizor bezovtalandi chog‘i:

– Ha, bolam, yarim tunda ot minib qayoqlarda yuribsan, damingni olsangchi?!.

Demak, Uchqunga uning mum tishlagandek jim turgani, noo‘rin g‘azablangani og‘ir botibdi. Yo‘q balki, bu jiddiy emasdir. Yigit u bilan hazillashgan. Axir shu damgacha, qanchadan qancha yigitlar Xadichaga gap uloqtirgan, qanchadan qancha ko‘zlar unga suqlanib qaragan, bularning barchasiga parvo qilganida allaqachon yurak yetishmovchiligiga giriftor bo‘lardi. Lekin Uchqunning ko‘zlariga boqqanida o‘zining ham yuragi hayajondan hapqirib ketdiku… Bu tun Xadicha uchun juda og‘ir kechdi, tushi bilan o‘nggida xayollari qorishib ketdi. Xullas, barchasi almoyi-aljoyi…

Ertalab nonushtadan so‘ng mehmonlar shoshib yo‘lga otlandi. Negadir Uchqun kechagidek sermulozamat emas, boqishlarida ham ma’no-muhabbat, harakatlarida umid ko‘rinmay qoldi. Bu holdan qizning qalbiga “g‘ul-g‘ula” tushdi. Nima uchun betoqat bo‘layotganini, nimaga talpinayotganini, kimdan nima kutayotganini… asov tulpordek yugani qo‘ldan ketgan hislarining jilovini ololmayotgan edi. U butunlay ajib bir hissiyotning izmiga tushib qoldi. Ayni dam u barcha ezguliklarga kuch topa olardi. Hammasi bir lahzada sodir bo‘ldi. Mehmonxonaga shoshib qaytib kirdi, sumkasidagi yon daftarining bir varag‘ini yirtib olib, qo‘l telefonining raqamini anor donasidek terib yozdi. U biroz o‘ylanib ko‘ngli xotirjam bo‘lmadi chog‘i, ishxonasining raqamini ham qo‘shib qo‘ydi.

Xayrlashayotganda norasidalarni mahkam bag‘riga bosdi, to‘ng‘ichining qulog‘iga pichirlab, xushbichim nimchasining cho‘ntagiga varaqni boshqalarga sezdirmay solib qo‘ydi. Qizaloq jilmaydi, zimdan kuzatib turgan Uchqunning ham chehrasiga oydin tabassum yugurdi…

Mashina tog‘ yo‘llarida to‘lg‘onib pastlikka ina boshladi. Ulov ichini xotin-qizlarlarning g‘ala-g‘ovuri tutib ketdi… Haydovchi shovqinni bostirish uchunmi yoki o‘zining qonib qo‘shiq eshitgisi keldimi, radioning ovozini sozladi:

Olam bitta qo‘shiqning sadosidan yaralgan,

Va ikki jismu jonning savdosidan yaralgan…

 

Faxriddin HAYIT

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: