Parhez – qandli diabet profilaktikasida muhim omil
Qandli diabet hozirgi kunning eng dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammolaridan biri hisoblanadi. Ushbu xastalikning oldini olish, uni davolash yo‘lida qator izlanishlar olib borilayotganiga qaramay, ayni damda kasallik insoniyatga katta xavf tug‘dirmoqda.
Hozirgi zamon diabetologiyasi juda izchil rivojlanayotgan fanlardan biridir. Tibbiy fanlarning turli sohalari yutuqlariga tayanib (genetika, immunologiya, biokimyo va boshqalar) amaliy diabetologiyaga yangi texnologiyalar, tashxislash, davolash va profilaktika usullari kiritiloqda.
Xalqaro Diabet Federatsiyasi (IDF ), Diabetologlarning Yevropa assotsiatsiyasi (EASD), Birlashgan Qirollikning diabetlarni o‘rganish markazi (UKPDS), Kardiovaskulyar diabet xavfini nazoratga olish bo‘yicha harakat markazi (ACCORD) kabi milliy assotsiatsiyalar o‘zlarining anjumanlarida diabetologiya sohasidagi yangiliklarni muhokama qilib, JSST rahnamoligida ularni amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha tavsiyalar berib kelmoqda.
Qandli diabetning 2-turi haqida ma’lumot.
Xastalikning bu turi bilan og‘rigan bemorlarning ko‘pchiligida glikemiya nazoratini uzoq va samarali darajada ushlab turish hanuzgacha qiyin kechayotgan muammolardan biri bo‘lib kelmoqda. Qandli diabet bu turining spetsifik asoratlari qon-tomir tizimidagi yondosh kasalliklar bilan birga kelishi, qand pasaytiruvchi terapiyani to‘g‘ri tanlashni yanada qiyinlashtiradi. Bunday vaziyatlarda davolashning samarali usuli bu insulinoterapiyadir. Biroq, bemorda insulin preparatlari qo‘llanilganda ko‘pincha gipoglikemik holatlar va tana massasining oshishi kuzatiladi. O‘tkazilgan klinik tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, bemorlarni odam insulinidan insulin analoglariga (lantus (glargin), detimir (levimir), novo rapid (aspard), apidra (glulizin), xumolog (lizpro) o‘tkazish gipoglekimik xavfni kamaytirib, tana vaznini oshirmaydi. Shu bilan birga, glikemik nazoratni yaxshilashga olib keladi.
Qandli diabetning 1-turi haqida ma’lumot.
Xastalikning ushbu turi bolalar va o‘smirlar orasida eng ko‘p tarqalgan endokrin kasallik hisoblanadi. Bu dard bilan kasallanish darajasi ma’lum bir irqiy guruhga oidlik, mamlakatning geografik joylashishi, iqlim sharoitlari va atrof-muhit omillariga, xususan, ovqatlanish turiga qarab sezilarli farq qiladi. Oxirgi o‘n yil ichida epidemiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra qandli diabetning 1-turi bilan kasallanish ayniqsa, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ortib bormoqda.
O‘zbekiston bo‘yicha ushbu kasallikka erta tashxis qo‘yish, insulin ta’minotining yaxshilanganligi va uning dozalarini optimallashtirilganligi, bolalarni o‘z-o‘zini nazorat qilish usuliga o‘qitish amaliyotga faol joriy qilinganligi tufayli ularda o‘lim holatlari 98-99,5 foizga, o‘smirlar orasida 98-100 foizga progressiv ravishda kamayganligi ta’kidlanmoqda. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan juda ko‘p tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 1-tur qandli diabet – autoimmun kasallik bo‘lib, atrof-muhitdagi patogenetik omillar (toksin, virus) pankreatin beta-hujayralarni shikastlaydi. Beta-hujayralarning 70-80 foizi shikastlangandan keyin xastalikning klinik manzarasi namoyon bo‘ladi.
Uzoq vaqt 1-tur qandli diabet juda tez rivojlanadi deb hisoblangan. Birinchi darajali qarindoshlarda sistematik prospektiv tekshiruvlar o‘tkazish shuni ko‘rsatadiki, diabetning bu turi uzoq vaqt yashirin kechuvchi autoimmun kasallik bo‘lib, to‘satdan o‘tkir tarzda yuzaga chiqib qolishi mumkin. Xastalikning bu turi bolalarda har qanday yoshda rivojlanishi mumkin. Kasallanish xavfi 9 oylikdan boshlab, o‘smir yoshgacha asta-sekinlik bilan ortib boradi va kattalarda kamayadi. Bolalik davrida asosan 1-tur qandli diabet rivojlanadi. Bu kasallik insulin mutlaq yetishmovchiligi bilan tavsiflanadi va har doim insulinga qaram hisoblanadi.
Uning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
– Poliuriya (ko‘p peshob ajralishi),
– polidipsiya (chanqash),
– enurez (peshob tuta olmaslik, ko‘pincha tunda),
– bemorning og‘zidan atseton hidi kelishi,
– xasta odam vaznining kamayishi.
Qandli diabetga chalingan bemor o‘z vaqtida davolanishi, to‘laqonli va uzoq vaqt mehnat qobiliyatini saqlab qolishi, turli vaziyatlarda to‘g‘ri qarorga kela olishi uchun o‘z kasalligi haqida muayyan darajadagi tibbiy bilimga ega bo‘lishi lozim. Oladigan davosidan qat’iy nazar, qandli diabetga chalingan bemor qondagi qand miqdorining muntazam nazoratini amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Bunga erishish uchun bemor parhez qilishi, sog‘lom turmush tarziga rioya etishi, shaxsiy gigiyenaga amal qilishi, jismoniy faol bo‘lishi, o‘zi uchun to‘g‘ri kasb tanlay bilishi kerak. Agar xasta inson o‘z salomatligi uchun mas’uliyatni bo‘yniga olsagina oldiga qo‘ygan maqsadlarining barchasiga erisha oladi.
Diabet maktabi
Bemorlarga “Diabet maktabi”da birinchi navbatda qandli diabet o‘zi qanday kasallik, uning kelib chiqish sabablari hamda uning oqibatlari va asoratlari, dardga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yish, uni tekshirish, davolash usullari, parhez saqlash tartibi, jismoniy yuklamalar haqida o‘rgatiladi.
Qandli diabetning 1-turini davolash.
– Parhez saqlash,
– jismoniy harakatlar,
– insulinoterapiyadan iboratdir.
Parhezga oid tavsiyalar:
Kundalik ratsiondan yengil singuvchi uglevod saqlovchi mahsulotlar (shakar, asal, shirin konditer mahsulotlari, murabbo, shirin va gazli sun’iy bo‘yoqli ichimliklar) chiqarib tashlanadi.
Uglevodli mahsulotlarni shunday turlari borki, ularni iste’mol qilgandan so‘ng qonda qand miqdori oshmaydi. Ularga barcha sabzavotlar – bodring, pomidor, rediska, sholg‘om, sabzi, qovoq, salat barglari, ko‘katlar kiradi. Dukkakli mahsulotlar esa eng uglevodga boy hisoblanadi. Biroq, ularni iste’mol qilgandan keyin qondagi qand miqdori juda yuqori bo‘lib ketmaydi. Shu sababli agarda bemor ushbu mahsulotlarni me’yorida iste’mol qilsa, (masalan: garnirga 200 grammdan oshmasa) ularni hisoblamasa ham bo‘ladi. Sabzavotlardan kartoshka va makkajo‘xorini albatta hisobga olish zarur.
Insonning tabiiy shirinlikka bo‘lgan ehtiyojini bemorlar qand o‘rnini bosuvchi vositalar yordamida qondirishi mumkin. Ularni shirinliksiz tura olmaydigan insonlarga tavsiya etiladi. Eng keng tarqalgan kaloriyaga ega qand o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga ksilit, sorbit, fruktoza kiradi. Kaloriyasiz qand o‘rnini bosuvchi saxarin, aspartam, atsesulfam kabi mahsulotlar bemor uchun foydali. Ortiqcha vaznga ega bo‘lgan bemorlar kaloriyali qand o‘rnini bosuvchilarni iste’mol qilmaganlari ma’qul. Agarda bemor shirinlikka o‘ch bo‘lmasa, unda uni qand o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga o‘rgatish shart emas.
Bir kecha-kunduzlik energiya quyidagi kaloriya hisobiga qoplanishi lozim:
Uglevodlar – 55-60 foiz;
oqsillar – 15-20 foiz;
yog‘lar – 20-25 foiz.
To‘yingan yog‘ kislotalar 10 foizgacha chegaralanadi. Ular mono va poli – to‘yingan yog‘ kislotalar bilan almashtiriladi. Ularning nisbati (1: 1: 1).
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarda to‘yingan yog‘ kislotalarni iste’mol qilish chegaralanmaydi.
Quyidagi mahsulotlarni qabul qilish hujjatlashtirilishi lozim. Non birligi (NB) bo‘yicha hisoblanadi: donlar, suyuq sut mahsulotlari, ayrim sabzavot turlari (kartoshka, jo‘xori), ho‘l mevalar.
Jismoniy vazifaga oid tavsiyalar:
Jismoniy vazifalar tartibi individual ravishda tanlanadi. Chunki, bu jismoniy yuklamalar insulinga sezgirlikni oshiradi va glikemiya darajasini kamaytiradi. Natijada bemorda gipoglikemiya rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Jismoniy ish jarayonida gipoglikemiya xavfi oshadi va og‘ir vazifadan so‘ng 12-40 soat davomida saqlanadi.
Bir soatdan ortiq davom etmaydigan yengil va o‘rtacha jismoniy vazifa bajarishdan oldin va mashg‘ulotdan so‘ng bemor qo‘shimcha uglevodlar qabul qilishi kerak. (Har bir 40 daqiqali mashg‘ulotga 15 g yengil singuvchi uglevodlar tavsiya etiladi).
Bir soatdan ortiqroq o‘rtacha jismoniy mashq davomida va bemorning jadvalli sport turi bilan shug‘ulanishida esa insulin miqdorini jismoniy vazifa bajarish vaqtida va undan keyingi 6-12 soatda 20-50 foizgacha kamaytirish kerak. Qondagi glyukoza darajasini bemorga jismoniy vazifadan oldin va uni bajarish vaqtida va undan so‘ng aniqlash lozim. Glikemiya darajasi 13-15mmol/l dan ortiq bo‘lgan davrda jismoniy vazifa tavsiya qilinmaydi.
Gulbahor XIDIROVA,
Toshkent viloyat Endokrinologiya dispanseri bosh shifokori