Fidoyilik saodati

Shifokor Gulsanam Vahobovani Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib boradigan barcha tibbiyot xodimlari qo‘li yengil shifokor sifatida juda yaxshi biladi. Kamtarin, shirin so‘z, o‘zgalardan yordamini ayamaydigan mehribon bu ayol, uzoq yillar aholi salomatligi yo‘lida samarali mehnat qildi.

Bolalikdan oq libos egalariga bo‘lgan cheksiz havas tufayli Gulsanam opa maktabda o‘qib yurgan yillaridayoq, shifokor bo‘lishni maqsad qildi. U Toshkent davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirib, ushbu bilim dargohida soha bo‘yicha o‘z bilimlarini mustahkamladi. Ustozlar izidan qolmay, ulardan bu nozik kasbning barcha sir-asrorlarini chuqur o‘rgandi, tajribali mutaxassis bo‘lishga intildi. Oliygohni tamomlagach, olgan bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida Toshkent pediatriya institutida o‘qishini davom ettirdi. Shuningdek, yosh mutaxassis Toshkent viloyati, Chirchiq shahar bolalar shifoxonasida internaturani o‘tadi. Ustoz shifokorlardan olgan bilimlarini amalda tatbiq etib, bolalar salomatligini mustahkamlash yo‘lida samarali faoliyat yuritdi. Keyinchalik Gulsanam opa Toshkent viloyati, Ohangaron tuman poliklinikasida shifokor, so‘ngra, bolalar bo‘limi mudiri lavozimlarida ishladi. Qolaversa, tajribali mutaxassis viloyatning bolalar shifoxonasida o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida pulmonologiya bo‘limida bolalar shifokori, so‘ngra shu muassasada bosh shifokor o‘rinbosari vazifasida mehnat qildi. Bolalar kasalliklariga aniq tashxis qo‘yish va uni bartaraf etish bo‘yicha jonbozlik ko‘rsatdi. Shuning uchun Gulsanam Vahobovani tanigan-bilganlar qo‘li yengil, mehribon shifokor deya alqaydi.

Tanlagan kasbiga bo‘lgan fidoyiligi sabab qahramonimiz “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Toshkent viloyat filialiga rahbar bo‘lib kelgan dastlabki kunlardanoq o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshib, hamkasblari mehrini qozondi. Ayniqsa, Jumabek Nurov, Ruxsora Ahmedjanova, Ismoil Rustamov, Oynisa Musurmonova, Farhod Matjonov kabi fidoyi insonlarning ko‘magi bilan ko‘plab xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘ldi.

– “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining mintaqaviy filiali endigina o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan kezlar edi, o‘shanda. Kamchiliklar talaygina, aholining tibbiy ko‘rikka munosabati ham bugungiday emasdi, – deydi G. Vahobova. – Ammo sa’y-harakatlarimiz sabab tor doiradagi mutaxassislar bilan viloyatning chekka-chekka hududlaridagi aholini tibbiy ko‘rikka jalb etishga erishdik. Bemor bolalar ro‘yxatini shakllantirib, ularni fond ko‘magi bilan butkul sog‘ayib ketishiga baholi qudrat o‘z hissamizni qo‘shdik. Bugun qilgan ezgu ishlarimizni xotirlab, o‘tgan umrimdan rozi bo‘laman.

Yana o‘qing:  Yurtimiz tinchligi, obodligi – baxtli turmushimiz asosidir

Samarali mehnati, fidoyiligi tufayli Gulsanam Vahobova “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi”, shuningdek, mustaqilligimizning 20 yilligi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

Yurt xizmatiga kamarbasta bo‘lgan Gulsanam Vahobova bugungi kunda shogirdlarining hurmati, farzand va nabiralarining qurshovida keksalik gashtini surmoqda. Zero, kasbga, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatning mukofoti aynan ana shunday bo‘ladi.

M. ESHONXONOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: