Poytaxtdan olisda…

Mamlakatimizning hech bir go‘shasi yo‘qki, tibbiy xizmat kirib bormagan bo‘lsa. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham aholi salomatligini muhofaza qilishdek ezgu ishlarga hamisha kamarbasta.

Fondning Navoiy viloyat hududiy filialida faoliyat yurituvchi xodimlar ham kunni tunga ulab, el salomatligi yo‘lida samarali mehnat qilmoqda.

Bugun shifokor va hamshiralardan iborat jamoa navbatdagi ko‘rikka otlandi. Bu galgi tibbiy tekshiruv markazdan 150 km olisdagi Nurota tumanining Yangi turmush qishlog‘i aholisi o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Brigada boshlig‘i, birinchi toifali shifokor, terapevt Farhod Zamonov boshchiligidagi xodimlar – birinchi toifali shifokor, akusher-ginekolog Gavhar Saidova, 30 yillik tajribaga ega shifokor Zulxumor Sharopova, hamshiralar – Madina Ergasheva va Dilorom Sattorovalar belgilangan manzilga yetib kelgach, ularni qishloq vrachlik punkti mudiri Sattor aka Qambarov boshchiligidagi tibbiyot xodimlari hamda qishloq aholisi qarshi olishdi.

Brigada tibbiy ko‘rikni tezda boshlab yubordi. Tekshiruvlar davomida 30 nafardan ziyod bolalar va o‘smirlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Shifokorlar 2009 yilda tug‘ilgan Nozima Abdumo‘minovada maymoqlik tashxisini aniqladi hamda u Koreya Respublikasidan tashrif buyuradigan yuqori malakali ortoped-vrach ko‘rigiga taklif etildi.

Darhaqiqat, bolalarni respublika va chet el klinikalarida sog‘lomlashtirish hamda tezkor davolash borasidagi ishlarda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va uning viloyatlardagi filiallarining alohida o‘rni bor. Shu maqsadda bemor bolalarni chet eldagi nufuzli klinikalarda davolash uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra nogiron va kuyishdan keyingi kontrakturali bolalarni Germaniya klinikalarida tezkor davolash maqsadida 2007 yildan 2016 yilgacha 3720 nafardan ortiq bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Hozirgi kunda ushbu loyiha muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Joriy yilning avgust oyida Zarafshon shahrida yashovchi 2 nafar bemor bola ham Germaniya klinikalarida davolanish uchun jo‘nab ketdi.

 

Joriy yil fondning Navoiy viloyat hududiy filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan 104 ta mahalla va 22 ta qishloqda jami 13 ming 874 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 3 ming 932 nafarini 18 yoshgacha bolalar tashkil etadi.

 

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Navoiy viloyat filiali, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Navoiy xalqaro aeroporti hamda In Xa universiteti gospitali delegatsiyasi vrachlari tomonidan o‘tkazilgan aksiya davomida 2010 yildan to 2016 yilgacha 3 ming 720 nafardan ortiq nogiron, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Koreya Respublikasining “In Xa” gospitali tomonidan tashkillashtirilgan insonparvarlik tibbiy ko‘rigi natijasida viloyatdagi 5 nafar himoyaga muhtoj yurtdoshimiz jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirildi.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston – chempionlar Vatani

Yangi turmush qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan tibbiy aksiyada ishtirok etganlarning ko‘pchiligini xotin-qizlar tashkil qildi. Ko‘rik jarayonida ayollarda asosan kamqonlik, qalqonsimon bez xastaligi, turli ginekologik kasalliklar aniqlandi. Bundan tashqari hududda yashovchi, ko‘p yillardan buyon shifokor nazoratida bo‘lgan, yurak ishemik, gipertoniya (xafaqonlik) kasalliklari bilan og‘rigan kishilar ham qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda ularning barchasiga kerakli tavsiyalar berildi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga fond tomonidan dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi.

Muxtasar qilib aytganda, salomatlik posbonlari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yo‘lida astoydil mehnat qilishmoqda. O‘ylaymizki, bu kabi xayrli ishlar bundan keyin ham davom etajak.

 

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: