Kichkintoy ruhiyati va unda “katta”larning tutgan o‘rni
Bola hayotining har bir davri o‘sish, rivojlanish jihatidan o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Uning ayni shu davrida tana a’zolari faoliyati uning asab va ruhiyati bilan o‘zaro bog‘liq bo‘ladi.
Shu bois farzandning ruhiy barkamol bo‘lib shakllanishida oilaning, ta’lim maskanida psixolog, tarbiyachi-pedagoglarning roli juda muhim. Biz 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar ruhiyatida kuzatiladigan ba’zi kamchilik, muammo hamda nuqsonlar, uning oldini olish va bartaraf qilish choralari haqida Yunusobod tumanidagi 486-MTM mudirasi, psixolog Umida Mavlonova bilan suhbatlashdik:
– Agar bolada o‘z tengdoshlariga nisbatan salbiy munosabatlar, nuqsonlar mavjud bo‘lsa, ular bilan qanday tartibda ish olib boriladi?
– Kichkintoylarning yon-atrofdagilarga nisbatan salbiy munosabatdabo‘lishi uning qanday muhitda voyaga yetayotganiga bog‘liq. Har qanday bola sho‘x, tinib-tinchimas, taqlidchi, o‘z “men”iga ega bo‘ladi. Agar ularda shu nuqsonlar kuzatilsa, darhol uning ota-onasi va tarbiyachi-pedagoglar bilan ish olib boriladi. Bunga ota-ona ko‘maklashmasa, nuqsonlarni bartaraf etish qiyin kechadi. Shu bois ulardagi yomon xulq va nuqsonlarni bartaraf etish uchun ota-onaga u bilan qanday tarbiya usullarini qo‘llash kerakligi tushuntiriladi va bolani psixolog ko‘rigiga olib borish tavsiya etiladi. MTM tarbiyalanuvchisi bilan tarbiyachi-pedagog alohida shug‘ullanib, uni tengqurlari bilan totuvlik va hamjihatlikka undash, ibrat bo‘ladigan samarali tarbiyaviy usullarini qo‘llashi lozim.
– Ularni urishish yoki qo‘rqitish bilan uning nuqsonlarini bartaraf etish mumkinmi va urishqoq bolalarga qanday munosabatda bo‘lish lozim?
– Uni shirin so‘z, shirinlik yoki o‘yinchoq berib aldash, ko‘nglini olish mumkin. Bolaga yaxshi va’da berish, uni turli o‘yinchoq va o‘yinlar bilan chalg‘itish, ertak hamda ibratli maqollar aytish bilan ham tarbiyalash, ruhiyatini zabt etish mumkin. Ularni urish yoki qo‘rqitish yomon oqibatlarga olib keladi.
Kunlarning birida kichik guruhimizga jajji qizaloq keldi. Uning fe’l-atvorida urishqoqlik, janjalkashlik, nutqida nuqsoni bor edi. U arzimas sabablar bilan o‘rtoqlari bilan tortishar natijada tez-tez janjal yuzaga kelardi. Oqibatda tengdoshlari u bilan o‘ynamay, ajratib qo‘yishdi. Tabiiyki, qizaloq yolg‘izlanib, odamovi bo‘lib qoldi. Buning sabablari bilan qiziqqanimizda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, uning oilasida mehr-muhabbat, tarbiyaning yetishmasligi, nosog‘lom muhit uning “men”ida shu nuqsonlar paydo bo‘lishi uchun bosh omil vazifasini o‘tagan. U nevropatolog ko‘rigidan o‘tkazilib, logaped bilan muntazam shug‘ullandi, natijada nuqsonlari bartaraf etildi.
– Kichkintoylar ruhiyatini o‘rganish va qalbini zabt etishda qanday usullarni qo‘llashni taklif etasiz?
– Bola ruhiyati murakkab va o‘zgaruvchan. Uni o‘rganish uchun dunyoqarashini, istak va intilishi, jajji dunyosidagi kichik elementlargacha ilg‘ash va his etish lozim. Agar biz ular qalbi va shuuriga kira olsak, keng tafakkurli, qobiliyatli, intiluvchan yosh avlod shakllantira olamiz. Tarbiya maskanida, avvalo, bolaning intilish va qiziqishi, qobiliyatiga qarab yondashish talab etiladi. Masalan, serharakat bolalarni ko‘proq harakatli o‘yinlarga, mehnat va sportga jalb etish, ularning ichki energiyasini foydali mashg‘ulotlarga sarf etish orqali yaxshi tarbiyaga erishish mumkin.
Ularning bu davrda qiziqishi, izlanuvchanlik va psixologik rivojlanishi yuqori cho‘qqida bo‘ladi. Kichkintoylarga psixologik testlar, tanlov va musobaqalar o‘tkazish muhim hisoblanadi. Ularga “Sevimli o‘yinchog‘im”, “Eng yaxshi do‘stim”, “Mening oilam” kabi mavzularda suratlar chizdirish, qog‘oz, plastilin kabilardan buyum va o‘yinchoqlar yasash mustaqil izlanish hamda munosabatlarga kirishish katta ahamiyatga ega.
Bugungi kunda tarbiya maskanlarida ish olib borayotgan “Yosh onalar maktabi”da oila bilan hamkorlik, “Ochiq eshiklar kuni”da tarbiyachi-pedagog va psixolog o‘rtasida so‘rovnoma, savol-javoblar o‘tkazilishi, ota-ona va bola o‘rtasida trening mashg‘ulotlar o‘tilishi bola ruhiyatining shakllanishi, uni anglash va psixologik tomondan mukammal rivojlantirishda samarali xizmat qilmoqda.
Maryam AHMEDOVA
suhbatlashdi.