Izlagan imkon topadi

Bugun ona Vatanimizning har bir go‘shasida bo‘y ko‘rsatayotgan ijobiy o‘zgarishlar, qishloqlarimizning obod va go‘zal maskanga aylanib borayotganini ko‘rib, ko‘z quvonadi. Albatta, bunday bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari, avvalo, xalqimizning fidokorona mehnati samarasidir.

Oksana Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Eshonguzar” mahallasida rusiyzabon oilada dunyoga keldi. O‘zbek millati farzandlari bilan birga ta’lim-tarbiya olib, voyaga yetdi. Onasi Valentina Vladimirovnaning kasbi geolog bo‘lsa-da, bola tarbiyasiga nihoyatda e’tiborli edi. U uch nafar farzandini ham o‘zbekona qadriyatlar ruhida tarbiyaladi. Ularning ichidan Oksana chevarlik, zukkolik, pazandalik bobida o‘zbek qizlaridan sira qolishmasdi. Shu bois, maktabdan so‘ng buxgalteriya kursini tamomlagan rus qiziga o‘zbek oilasidan sovchilar kela boshladi.

Komiljon bilan ko‘rishgan Oksana, taqdir unga dilidagi yigitni ro‘baro‘ qilganligini bilib, to‘yga rozilik berdi. Eng qizig‘i, u 12 nafar farzandi bor oilaga kelin bo‘lib tushgandi.

Yangi kelinlik paytida Oksanaga o‘rgangan hunarlari rosa qo‘l keldi. Ro‘zg‘or yumushlarini eplashda bag‘rikeng qaynonasi Nozima aya doim unga maslakdosh va dalda bo‘ldi. U o‘zbek oilasida sigir sog‘di, tandirga non yopdi, xamir qordi, kir yuvdi, tayyorlagan mazali taomlari bilan nafaqat oilaning, balki qo‘ni-qo‘shnilarning ham sevimli keliniga aylandi.

– Oilamizda uch nafar farzand dunyoga keldi. Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgan paytlar edi, o‘shanda. Biz 2011 yilda “Omad avto plyus” MCHJ korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Hovlimiz yonidagi 9 sotix tashlandiq yerni sotib olib, qurilish ishlarini boshlab yubordik. Chor-atrofni tozalab, obodonlashtirdik. Oilamiz hamjihatligi tufayli qad ko‘targan 2 qavatli imorat mahallamiz ko‘rkiga ham ko‘rk bag‘ishladi. Barchamizning mehnatimiz bilan bunyod etilgan korxonada, dastavval, vulkanizatsiya, keyin avtomashina ta’mirlash va yuvish shohobchalari ishga tushirildi.

 

Yoshlardan iborat 5 ta ishchi o‘rni yaratildi.

 

Keyinchalik ayollar va erkaklar sartaroshxonasi va yaqinda 17 turdan iborat sport anjomlari bilan ta’minlangan trenajyor zali foydalanishga topshirildi, – deydi Oksana Karimova.

 

Hozirda mavjud 15 ta ishchi o‘rnining barini yoshlar tashkil etadi.

 

Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, yoshlarni sportga keng jalb etish, haydovchilarning og‘irini yengil qilish, ayniqsa, qishloq xotin-qizlari go‘zalligini ta’minlashdek savob ishlarga bel bog‘lab, chin dildan mehnat qilayotgan Oksana Karimovani tuman ahli ham dildan hurmat qiladi.

Yana o‘qing:  Hunarmand bola oydin kelajakka zamin yaratmoqda

Ishbilarmon ayol barakani intizomda deb biladi. U har kuni erta tongdan ishxonadagi kamchilik va muammolarni aniqlab, uni tuzatishga harakat qiladi. Xodimlarning vaqtida ishga kelishi, mehnatga munosabati, kayfiyatini o‘rganadi. Shuningdek, tozalik va ozodalikni ham talab qiladi. Ishdagi ahillik, tartib-intizom, hamjihatlilik esa mehnat mahsuliga fayz-baraka bag‘ishlaydi.

Qaynonasidan o‘zbekona bag‘rikenglik, mehribonlik va saxiylik kabi xislatlarni yuqtirgan O. Karimova korxonadagi ishchilariga bayram dasturxonlari tashkil etish, tavallud kunlarni nishonlash, rag‘batlantirish, sharoiti og‘ir ishchilarga moddiy yordam ko‘rsatishni o‘ziga burch deb biladi. Bundan tashqari, tuman bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan keksalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishi, tuman hokimligi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajonidil ado etishi, uning nechog‘li saxovatliligidan dalolat.

Buning yaqqol ifodasi sifatida, tumanning “Mustaqillik” ko‘chasidagi 200 metr ta’mirtalab yo‘lni korxona hisobidan asfaltlangani, simyog‘ochlar va tungi chiroqlar o‘rnatilgani, jom’ye masjidiga yumshoq anjomlar olib berilgani, mahallada tashkil etiladigan bayram tadbirlariga hissa qo‘shish kabi ezgu amaliy ishlar Oksananing milliy qadriyat va an’analarimizga bo‘lgan hurmati belgisidir.

Kundalik ishlarni to‘g‘ri tashkil etishda ish yurituvchi Gavhar Qahhorovaning o‘rni alohida. Shuningdek, tajribali stilist, Respublika “Top dizayner” tanlovi g‘olibi Zulxumor Jamolova, kosmetolog Tatyana Sirenko, manikyurchi Zinfira Hurmatulina, sartaroshlar Feruza Rahimova va Avanesyans Viktoriya kabi o‘z ishining ustalaridan mijozlar xursand.

Ishbilarmon rahbar yaqin kunlarda ahil jamoasini mahalliy turizm bilan rag‘batlantirish istagida. Ya’ni, u oy oxirida o‘z xodimlarini Samarqanddagi qadimiy obida va ziyoratgohlarni ziyorat qildirishni rejalashtirgan. Bunday ezgu ishlar zamirida, avvalo, ona Vatanga muhabbat, xalqimizga bo‘lgan sadoqat tuyg‘ulari yotadi.

 

Maryam AHMEDOVA,

Toshkent viloyati

 

Xizmatlar litsenziyalangan.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: