Orzu-havas qurboniga aylanmang

Xorij mamlakatlaridan birida ishlab yurgan yigit nihoyat yaqinlarining qistovi bilan yurtga qaytdi. Farzandining diydoridan qalbi quvonchga to‘lgan ota-ona tezda jigarbandini uylantirish harakatiga tushdi.

Avvaldan ko‘z ostiga olib qo‘ygan qiznikiga sovchilar borib, kattalarning roziligini olgach, to‘y ham tezlashib ketdi. Nikohni rasmiylashtirish uchun hududdagi FHDYo bo‘limiga borgan ikki yoshga tibbiy ko‘rikdan o‘tish lozimligi aytildi. Ikki kundan keyin to‘y bo‘lishi bois, ularning bunga vaqti yo‘q edi. Uddaburon yigit ana shu tobda “sehrli qog‘oz”ni ishga solib, bir zumda soxta tibbiy varaqani qo‘lga kiritdi.

Nihoyat ota-ona orzusidagi to‘y ham bo‘lib o‘tdi. Kelin baxti ochilganidan xursand. Yangi xonadonda yangi orzular og‘ushida hayot boshladi. Biroq uning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Homilador bo‘lgan yosh kelinning to‘satdan tobi qochdi. Shifoxonada olingan qon tahlillari natijasida unda OIV infeksiyasi borligi aniqlandi…

Xalqimiz udumlariga ko‘ra, qadimdan sovchilikka borilganda, yigit-qizning yetti pushti so‘rab-surishtirilgan. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur ham kelin tanlashni o‘ta mas’uliyatli yumush bilib, bu haqida o‘zining “Temur tuzuklari” risolasida shunday deydi: “… Bo‘lajak kelinning nasl-nasabiga va sihatiga ahamiyat berdim”.

Ota-bobolarimizdan qolgan mazkur urf-odat hozirda qonun bilan yanada mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, ammo oramizda bunday tartib-qoidalarga “panja orasi”dan qarayotganlar ham uchrab turibdi. Natijada yuqoridagi kabi salbiy holatlar hayotimizda tez-tez uchramoqda.

Bizga ma’lumki, mamlakatimizda “Oila” kodeksiga muvofiq, nikoh erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh etib belgilangan. Ya’ni, nikohlanuvchilar ushbu yoshga to‘lgan bo‘lishlari talab etiladi. Bu boradagi ham tibbiy, ham huquqiy asoslarning takomillashtirilayotganligi oilalar mustahkamligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar psixik (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya), narkologik, tanosil kasalliklari, sil va OIV, OITS xastaliklari bo‘yicha bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, – deydi Toshkent shahridagi 1-sonli FHDYo bo‘limining 1-toifali inspektori Go‘zal Norbekova. – Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad irsiy va nasliy kasalliklarning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni qaror toptirishdan iborat. Ming afsuski, ayrim ota-onalarning o‘z farzandlari sog‘lig‘iga, taqdiriga befarqligi tufayli turli ko‘ngilsiz hodisalarga guvoh bo‘lmoqdamiz. FHDYo orqali nikohni rasmiy qayd etmay turib, shar’iy nikoh o‘qitgan holda oila qurishning oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda samarali ish olib boryapmiz.

Yana o‘qing:  Xo‘shali qishlog‘ining xush odatlari

Darhaqiqat, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab voyaga yetkazgan qizini ne-ne umidlar va katta xarajatlar bilan turmushga uzatgan, nabiralarni orzulagan ota-ona to‘ydan ko‘p o‘tmay, kuyovining tug‘ma xasta ekanligini yoxud bedavo dardga yo‘liqqanini bilgach, qay ahvolga tushishini tasavvur qilish qiyin emas. Kuyov gihyovand chiqsa yoki kelin ruhiy xastalikka chalingan bo‘lsa, farzandining baxtiga zomin bo‘lganidan yaqinlarning ko‘ziga dunyo tor bo‘lib ketadi. Ana shunday ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish, oila va farzandlar iqbolini o‘ylab, sog‘lom oilani barpo etish maqsadida joriy etilgan nikohdan oldingi tibbiy tekshiruvlar kelin-kuyovga ham, ularning yaqinlariga ham har tomonlama foydalidir.

Tani sog‘, farzandlari sog‘lom insonning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Xotirjam ko‘ngilga esa orzu-havas, shodligu quvonch yarashadi. Buning uchun ham kishidan e’tibor va o‘z sog‘ligiga mas’ullik talab qilinadi. Zero, har bir insonning hayotdagi eng katta maqsadi baxtli oila qurish, sog‘lom farzandlar tarbiyalash va ularning kamolini ko‘rishdir.

 

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: