Saodatli iz

Shundaylar bor: kamtarin, kamgap,

Ko‘plarini anglamaymiz biz.

Ular uchun eng avval Vatan,

So‘ng yaxshilar tashvishi aziz.

 

Shoir ming bora haq. Hayoti davomida o‘z sadoqati va xizmatlari bilan Vatanni rozi etib, atrofdagilar, ya’ni, do‘stu birodarlari, hammaslagu hamkasblariga tayanch bo‘lib yashagan ko‘p insonlar o‘tgan. Ustoz Zohid Arabov ana shunday insonlardan biri edi.

Agar Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi 3-umumta’lim maktabi tarixi haqida gap ketgudek bo‘lsa, hech shubhasiz, u kishining ismi birinchilar qatorida tilga olinadi. Zohid domla qirq yil ana shu ta’lim maskanining ezgu tashvishlari bilan yashab keldi. Matematika fani o‘qituvchisi, maktab direktori lavozimlarida ishladi. Maktabning ibratli ishlarida hamisha o‘z so‘zi, ulushi va o‘rni bilan ajralib turdi. Hamkasblari bilan tajriba almashish maqsadida nufuzli konferensiyalarda qatnashib, muammoli mavzularda ma’ruzalari bilan soha vakillari e’tiborini tortdi. U kishining ustozligida ko‘plab shogirdlar ta’lim sohasiga, amaliy ishga parvoz qildilar.

– Inson jamiyatda qaysi sohada faoliyat ko‘rsatmasin, kasbiga nisbatan sadoqati, muhabbati bilangina baland marralarni zabt etadi, – deydi ustozning qizi Fotima opa. – Otam kasbiga, oilasiga nisbatan talabchan, to‘g‘riso‘z inson edilar. U kishi har bir ishga mas’uliyat bilan yondashar, atrofdagilardan ham shuni talab qilardi. Shuning uchun nafaqat maktabda balki, mahalla, el orasida ham hurmat-e’tiborga ega inson edilar. Hayotda barcha qiyinchiliklarni yengishdagi kuchni kasbiga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan oldilar.

Fotima opa yigirma bir yil Qashqadaryo viloyat Onkologiya dispanserida katta hamshira lavozimida ishladi. Bu yerda xavfli saraton kasalligi bilan og‘rigan turli yoshdagi bemorlarni ko‘rdi. Xastalikning nasl surishiga, insonning sog‘lig‘iga o‘z vaqtida e’tibor bermasligi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga guvoh bo‘ldi. Hech kim saratonga chalinmasin ekan. Bemor bu kasallik bilan kurashayotganda, ularning dardini ruhan his qildi, qalbi zirqiradi. Ammo, buni bemorga bildirmadi, unga dalda berdi. Hozirda opaning o‘g‘li Asliddin Toshkent Davlat Yuridik universiteti talabasi.

Maqolamiz qahramoni – xalq ta’limi a’lochisi, mehnat faxriysi Zohid Arabov kasbdosh hamda umr yo‘ldoshi Salomat Temirova bilan 7 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Ular ham ziyoli ota-onasi kabi xalq xizmatiga kamarbasta bo‘lishmoqda. Katta o‘g‘il Akromjon aka va turmush o‘rtog‘i Musallamxon Qarshi shahridagi Imkoniyati cheklangan bolalar maxsus maktab internatida uzoq yillar o‘quvchilarga ona tili va adabiyoti fanidan saboq berishdi. Ular ayni paytda nafaqada. To‘ng‘ich qiz Sijoat opa va Zuhraxon Qarshi shahridagi 1-sonli tug‘ruqxonada doya sifatida chaqaloqlarning sog‘-salomat dunyoga kelishi uchun sidqidildan mehnat qildilar. Ustozning yana bir qizi (oxirati obod bo‘lsin) Husniya opa geografiya fani o‘qituvchisi edi. Domlaning mehnati singgan maktabda kelinlari Feruza opa rus tili va adabiyoti, Umidaxon kimyo fanidan dars bermoqdalar. Nabiralari Zilola va turmush o‘rtog‘i Karimjonlar Qarshi shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida matematika, informatika fani o‘qituvchilari.

Yana o‘qing:  Kumushbibi shifokor bo‘lmoqchi

Ha, inson salomatligini tiklashga xizmat qilish, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, ularni ilm-fanning nurli yo‘llari sari yetaklash ezgu ish. Ayniqsa, bu ish xolis niyat, halollik kabi insoniy fazilatlar bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsa…

Hayotda saodatli iz qoldirgan, kasbiga sadoqati, mehnati bilan hurmat-e’tibor topgan inson timsolini Zohid Arabov misolida ko‘rishimiz mumkin.

Dilafro‘z ZAYNIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: