Taom kaloriyasini aniqlovchi ilova
“Lose It!” mobil ilovasi ortiqcha vaznni nazorat qilish uchun yangi funksiyaga ega bo‘ldi.
Endilikda ushbu dastur yordamida nonushtangizni suratga olib, undagi kaloriya miqdori haqida ma’lumot olishingiz mumkin bo‘ladi.
“Lose It!”ning xotira bazasi minglab mahsulot nomlari va taomning kaloriyasiga oid ma’lumotlarni o‘zida jamlagan. Bu esa ilovaning ovqatlanish tartibini nazoratga olishi va jismoniy mashqlar dasturini yaratishiga yordam beradi.
Dasturning eng so‘nggi versiyasi bu jarayonni maksimal darajada soddalashtiradi. Endilikda foydalanuvchi tanovul qilayotgan yeguligini suratga tushirishi va ilovadan u haqidagi kerakli ma’lumotni olishi mumkin. Bundan tashqari, taomning taxminiy og‘irligini ham ko‘rsatish lozim.
Taom suratga olinganidan keyin “Lose It!” dasturi sun’iy intellekt va neyron tarmoqlar texnologiyalaridan foydalanib, suratni ma’lumotlar bazasidagi 100 ming tasvir bilan solishtiradi va natijani e’lon qiladi. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, bu funksiyaning aniqligi 87,3-97,1 foizni tashkil qiladi.
G. EGAMBERDIYEVA