Tez qaruvchi a’zo
London universiteti olimlari inson organizmidagi qaysi a’zo tezroq qarishi yuzasidan bir qator tekshiruvlar o‘tkazishdi. Shu maqsadda 575 ming kishining salomatlik holati yaxshilab o‘rganildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, ayrim hollarda 45 yoshli kishilarning yuragi xuddi 60 yoshli insonlarniki kabi ishlaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday hollarda nosog‘lom yurak turli kasalliklarga chalinishga moyil bo‘ladi va uning egasi bevaqt hayotdan ko‘z yumishi mumkin.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Buyuk Britaniyada yashovchi fuqarolarning har yettitasidan birining yuragi boshqa a’zolarga qaraganda 10 yoshga “qariroq” ekan. Bu mamlakat aholisining har 14 tasidan birida esa yurak 15 yoshga “qariroq” ekanligi aniqlandi.
Olimlarning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda qondagi xolesterin miqdorining oshishi, qandli diabet va gipertoniya alomatlari yurak uchun jiddiy xavf solmoqda.
Xurshida TOLIBJON qizi