ULG‘AYISH

(hikoya)

Abdulla ChIMIRZAYEV

U eski anhor bo‘yidagi jiydazorda tug‘ildi. Bir haftacha onasi uni odamlardan yashirib yurdi. Keyin qishloq podachisi uni ko‘rib qoldi. Negadir odamlarga uni boshqa qavmdoshlariga o‘xshamagan allaqanday g‘alati deb, ta’kidladi. Chindan ham u qandaydir afandi tabiat edi.

Onasi yemish yeb tursa, dumidan tishlab tortar keyin tepki yer edi. U shunday ulg‘aydi. Mahalladagi bitta kolxoz qorovulidan boshqa hamma unga ajablanish va mehr aralash qarardi.

U choyxona oldida bog‘lovlik turganda radiodan chiroyli qo‘shiq yangrasa allaqanday tartiblanmagan raqsini ijro etishini ko‘pchilik ko‘rgan. Uning yana bir ajoyib qilig‘i bor edi. Tarvuz po‘chog‘ bersang boshqa hayvonlarga o‘xshab bor-budicha yutaman deb, tuproqqa belamasdi. Oldingi tuyog‘i bilan bir chetdan avaylab bosib “qirs-qirs” sindirib yerdi.

U yetilib katta toychoq bo‘lgani sari, uni minib yurishni istovchilar ham ko‘payib bordi. Tegirmonchi Avaz ota uni nihoyat Bahodir cho‘ponga mo‘mayginaga pullab yubordi.

Qorato‘rig‘ xo‘jasini ko‘tarib baland tog‘ orasidagi so‘qmoqlardan, yaylovdagi shibarlar-u yana tong sahar va kechki paytlari muzday Maydanakning suvlarini kechib erinmay yurardi. Ehtimol u baland tog‘ tepasiga chiqib, tumshug‘ini janubga burgancha kishnaganida o‘z tug‘ilgan jiydazoriga qochib ketgisi kelgandir. Ammo u hech bunday qilmadi. Nimaga bu haqda hech kim o‘ylab ham ko‘rmadi. U boshqa sheriklariga o‘xshab dala changitib chopmadi. Ayg‘irlar bilan qalliq o‘yin qilib ovulidan yiroqlab ketmadi. Bema’ni hazillarini faqat egasiga qildi. Va har safar buning evaziga kaltak yedi. Qorato‘riq shu jafokashliklarga qaramay o‘z xo‘jasiga mana sal kam o‘n besh bahor xizmat qildi.

Xayollar xotira ko‘chasining eshigini bemahal chertib uyg‘otganiday, yo‘l-yo‘lakay o‘tib ketayotgan yo‘lovchini to‘satdan uyg‘otib yubordi. Ko‘zni ochirmay bo‘ralab yog‘ayotgan qor ostida bir nafas serrayib qolgan yigit yag‘iridan bilinar-bilinmas qoni sizib chiqib qotib qolgan, tanasining yarmi muzlab, qora yollariga shokilalar munchoq bo‘lgan Qorato‘riq qarshisida betaraddud to‘xtab qoldi. Uning ko‘zlaridagi hayot asta-sekin so‘nib borardi. Yigit bir ikki qadam tashladi-yu, keyin birdan to‘xtab ortiga qaytarkan, kimnidir so‘kib-so‘kib qo‘lidagi brezent qanorga yaxshilab Qorato‘riq tanasini chirmab qo‘yib yiroqlashdi.

Deraza ortida issiqqina uyda bu voqeani miqti gavda, qirra burun va o‘ynoqi ko‘zlik Bahodir cho‘pon yorilib ketgudek kuzatib turardi. Hamsoya yigitning qorasi ko‘zdan pana bo‘lishi bilanoq o‘zini eshikka urdi. Bu harakat xona poygagida oshiq o‘ynab o‘tirgan bolaga g‘oyat erish tuyulib ketdi. U ham otasining ortidan poyma- poy “dum” bo‘ldi. Cho‘pon yugurgilab borib, qanorni qo‘liga olarkan uni naridan-beri taxlab og‘ilxona tuynugidan uloqtirib qaytdi. So‘ng jon talvasasida qaltirab turgan qari baytalini yuganidan tortib anhor labiga keltirdi. Keyin o‘sha yuganni hafsala bilan bo‘ynidan yechib oldi. Yonboshiga aylanib o‘tib, ko‘p yillik qadrdoni Qorato‘riqning biqiniga etigining poshnasi bilan boplab bir tepdi. Qari baytal sirg‘alib shovqin solib oqayotgan suvga tushib ketdi. Muqarrar o‘lim qarshisida turgan bu jonzotga ham jon shirinlik qildi. Bor kuchi bilan o‘zini o‘nglab qirg‘oqqa chiqishga urindi. Ammo uning muzlab qolgan tanasi bunga imkon bermadi. So‘nggi bora Qorato‘riq suv yuziga qalqib chiqib, jonsiz bir kishnadi-yu, yana shoshqaloq to‘lqinlar ostida ko‘milib ketdi.

Yana o‘qing:  DUNYONING BIRINCHI RAQAMLI FORTEPIANOCHISI

Otasi ortidan ergashib chiqqan bolakay oshxona ro‘parasida beixtiyor to‘xtab qolgandi. Uning ko‘ksini allaqanday begona dard g‘ijimlar ong va shuurida paydo bo‘lgan hiqichoq bo‘g‘ziga tiqilib, ko‘zlaridan tomchi-tomchi yoshga aylanib, yumalab tushardi. U osmonga qarar, ayni damda kichkinagina vujudiga havo yetmayotgandek tuyulardi. U go‘yo uyuridan ajrab qolgan qulunchaday esankirar, suvga oqib ketayotgan xotiralarini va yana so‘z ila tushuntirib bo‘lmas nimalarnidir o‘ylab o‘kinardi.

Otasi esa mutlaqo beparvolik bilan kelib o‘g‘lining yelkasiga qo‘lini qo‘yarkan, uni yupatishga urinib g‘alati jilmaydi. – Xafa bo‘lma o‘g‘lim, senga boshqa gijinglagan, bir toychoq olib beraman. Mazza qilib minib yurasan, – dedi.

Bola hech narsa gapirmadi. Jilla qursa jilmayib ham qo‘ymadi. Nimagadir otasini hayron qoldirib og‘ilxonaning qiya ochiq turgan eshigidan kirib ketdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: