Farmatsevtika sohasi – yuksalish pallasida

Mamlakatimiz 2014–2015-yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016–2017-yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy oldi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”da Vatanimiz 158 ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo respublikalar orasida 1-o‘rinni band etganini eshitib, shu yurtning farzandi ekanimdan quvondim. Bu shunchaki e’tirof emas, balki obod yurtning dadil odimlariga berilgan yuksak bahodir.

Chindan ham yurtimizning qay bir jabhasiga nazar solmang, undagi islohotlar zamirida yuksalish va taraqqiyotni ko‘rish mumkin. Barcha sohalar kabi tibbiyot tizimida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan yangilanishlar shular jumlasidandir. Ayniqsa, tibbiyotning muhim bo‘g‘ini hisoblangan farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirish, milliy farmatsevtika bozorini sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar zamirida ham aholi salomatligiga bo‘lgan e’tibor mujassam.

“Sharq tabibi”, “Fitopassit” preparatlarining balzam, kapsula, qiyom hamda tabletka dori shakllarini ham ana shunday milliy mahsulotlarimiz sirasiga kiritish mumkin. Mazkur preparatlar “Mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosi asosida yurak qon-tomir va sedativ ta’siriga ega dori vositalari texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi olib borgan ilmiy izlanishlarimiz natijasida yuzaga keldi. Zero, bemorlarni davolashda har tomonlama samarali bo‘lgan tabiiy dori vositalarining yangi avlodini yaratish sohaning uzluksiz muhim vazifalaridan sanaladi.

Ilmiy ishimda ilk bor yurak-qon tomir tizimini rag‘batlantiruvchi hamda sedativ ta’sirga ega biologik faolligi aniqlangan murakkab tarkibli biofaol moddalar asosida vegetativ-qon tomir distoniyasi va nevrasteniya kasalliklariga qarshi takomillashgan dori preparatlari tarkibi, texnologiyasi bosqichma-bosqich o‘rganilib, xususan, yangi original murakkab tarkibli dori vositalari – “Sharq tabibi” balzami, uning quruq ekstrakti, tabletkasi hamda “Fitopassit” sedativ qiyomi, quruq ekstrakti, kapsulasi yaratildi. Ularning fizik-kimyoviy, texnologik, biofarmatsevtik, farmakalogik, farmakokinetik xossalari o‘rganildi va amaliyotda qo‘llashning ilmiy asoslari yoritib berildi.

“Sharq tabibi” tarkibi oddiy tog‘rayhoni, kiyik o‘ti, soxta yantoq o‘ti, qalampir yalpiz, qora choy barglari, do‘lana, na’matak mevalari, qizilmiya ildizi va 32 foizli etil spirtidan iborat. “Fitopassit” tarkibida esa arslonquyruq o‘ti, valeriana ildizi va ildizpoyasi, qulmoq, do‘lana, na’matak, qora zira mevalari bor. Tadqiqot jarayonida texnologik, fizik, kimyoviy, biofarmatsevtik, farmakologik, farmakokinetik usullari va zamonaviy kompyuter dasturlaridan foydalanildi. Natijalarning ijobiy va samarali jihatlari zamonaviy matematik, statistik, tahliliy usullar va klinik tekshiruvlar asosida amaliy sinovdan o‘tkazildi. Preparatlar farmokoterapevtik faolligi bo‘yicha xorijiy preparatlarga o‘xshash ta’sirga ega ekanligi, olib borilgan tahlillar asosida har tomonlama asoslab berildi. Tegishli me’yoriy hujjatlar tasdiqlanib, ixtiroga Respublika intellektual mulk agentligining patenti olindi. Ayni paytda “Sharq tabibi” balzami “Galenika” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Fitopassit” sedativ qiyomi esa “O‘zkimyofarm” aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Yurtimiz jannatmakon diyordir. Unda unib-o‘sayotgan giyohlarning ko‘pgina turi dorivor xususiyatga ega. Ana shu shifobaxsh o‘simliklarni puxta o‘rganish, ularni yetishtirish ko‘lamini kengaytirish, bu borada tadqiqot ishlarini olib borish aynan farmatsevtika sohasining dolzarb vazifalaridan biri sanaladi.

Ko‘p yillik izlanishlarimiz zamirida yurtimizda sohaga, jumladan, biz yoshlarga qaratilgan e’tiborning o‘rni katta. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 14 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur faoliyatga tegishli qator me’yoriy-huquqiy hujjatlari ham soha rivoji uchun muhim dastur bo‘ldi. Tajribali, ilm yo‘lining tom ma’nodagi egalari bo‘lgan ustozlarimizning yo‘l-yo‘riqlari, ko‘rsatmalari esa tizimni yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratdi. Ayniqsa, ushbu yutuqlarning qo‘lga kiritilishida Toshkent farmatsevtika instituti rektori, professor Ahmad Yunusxo‘jayev, “Farmatsevtika ishini tashkil qilish” fakulteti dekani, professor Hikmat Zayniddinov, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, professor Rustam To‘laganov, professor Umarxon Azizov kabi ko‘plab ustozlarning xizmati katta bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Farovonlik asosi salomatlikda

Ilmiy izlanishlar jarayonida inson organizmiga foydali jihatlari yuqori, ayni paytda O‘zbekiston sharoitida keng qo‘llaniladigan, yetarlicha zaxiraga ega, kelajakda ko‘paytirish va madaniylashtirish imkoni mavjud bo‘lgan o‘simliklarni tanlab olishga alohida e’tibor qaratildi. Bu ushbu preparatlarni kelajakda uzluksiz ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi.

Muxtasar qilib aytganda soha rivojiga qaratilgan yuksak e’tibor, korxonalarning eng zamonaviy asbob-anjomlar bilan ta’minlangani, kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni nazarda tutadigan bo‘lsak, bugun biz olimlarning iqtisodiy jihatdan arzon va ta’siri kuchli va ishonchli bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishimiz uchun yurtimizda barcha sharoit mujassam. Ko‘zlangan istiqbolli loyihalar esa kelajakda albatta o‘z mevasini berajak.

 

Husan QAMBAROV,

Toshkent farmatsevtika instituti

“Farmatsevtika ishini tashkil qilish” kafedrasi dotsenti,

farmatsevtika fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: