Milliy olimpiya qo‘mitasida seminar bo‘lib o‘tdi
Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida “Bolalar serabral paralichini reabilitatsiya qilish markazi”ning tashkil etilishiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Endilikda bu yerda malakali mutaxassislar mana shunday kasallikka chalingan ko‘plab o‘g‘il-qizlarni bepul, o‘zgacha usul bilan davolash va ularda hayotga bo‘lgan qiziqishni orttirishni maqsad qilishgan.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida joylashgan mazkur sport tibbiyoti markazi 5 bo‘limdan iborat bo‘lib, 585 turdagi eng zamonaviy tibbiy maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlangan.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, bunday tibbiy-biologik markazlar dunyoning sanoqli davlatlaridagina mavjud. Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorijdan taklif etilgan yetakchi shifokorlar ham faoliyat olib bormoqda.
Bu yerda sportchilar va sport jamoalariga, shuningdek, respublika aholisiga, xorijiy fuqarolarga diagnostika va davolash sifatining tasdiqlangan standartlariga rioya qilish sharti bilan ambulator tibbiy yordamning barcha turlari, shu jumladan diagnostik va laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatiladi.
Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida boshqa sport tibbiyoti markazlaridan farqli ravishda, bu yerda sportchilarga barcha tekshirishlar, jumladan, nurli tashxis, kompyuter tomografiyasi, magnit rezonans tomografiyasi (MRT) tekshiruvlaridan o‘tish, zarur dori-darmon va zamonaviy bog‘lov materiallarini xarid qilish imkoniyatlari yaratilgan.
S. OCHILOV