Bolalarning bo‘sh vaqti
“Barkamol avlod” markazida mazmunli o‘tadi
Bosqichma bosqich ishlovdan so‘ng tayyor yog‘ochga bezak solishga kelganda, Abdulloh, u qadar shoshmadi. Xayolan naqshlarga rang tanlash borasida biroz o‘ylanib qoldi.
To‘rt yildan buyon ushbu hunar sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganib kelayotgan bo‘lsa-da, u ustozi Saidkomil akadan maslahat olishni sira kanda qilmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Abdulloh yasagan chiroyli va bejrim qutilar, osma lagan va lavhlar “Barkamol avlod” respublika bolalar badiiy ijodiyot markazining namunali ishlanmalar peshtaxtasidan o‘rin olgan. Yosh bo‘lishiga qaramasdan uning maqsadi aniq. Kelajakda Abdulloh ustozlari Saidkomil aka Xo‘jayev, Javohir Ahmadjonov kabi qo‘li gul usta-duradgor bo‘lmoqchi.
Bugungi kunda “Barkamol avlod” respublika bolalar badiiy ijodiyot markazi ko‘plab bolajonlar uchun tom ma’nodagi ilm va kasb-hunar o‘rgatadigan sevimli maskanga aylangan. Ayni paytda ushbu muassasada 39 ta to‘garak faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularga 734 nafar ilm va hunarga chanqoq o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan.
Markaz tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida “Barkamol avlod” bolalar markazi badiiy ijodiyoti yo‘nalishi faoliyatining metodik asoslari”, “Yoshlarni barkamol shaxs qilib tarbiyalashda sharq mutafakkirlarining qarashlari” nomli uslubiy tavsiyalar hamda “Karving” san’ati va “O‘g‘il bolalar raqsi” to‘garaklari o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqildi. Bu esa mashg‘ulotlarning yanada mazmunli tarzda o‘tilishiga zamin yaratmoqda. Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlarning tashkil etilishi yangi iste’dod egalarini kashf etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, yurtimizdagi umumta’lim maktablarining 5-, 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ijodiy ishlar tanlovining o‘tkazilishi shular jumlasidandir. Mazkur bellashuv insho, she’r va rasm yo‘nalishlarida tashkil etilib, uning bu yilgi respublika bosqichida jami 42 nafar o‘quvchi o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.
– Markazimiz tomonidan ko‘plab festival va tanlovlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Quvonarlisi, ushbu tadbirlarda bilimga chanqoq o‘quvchi-yoshlarimiz faol ishtirok etishmoqda. Bu esa biz ustozlarning yutug‘imiz desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi markazning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nasiba opa Shomansurova.
Muxtasar qilib aytganda, o‘quvchilarning bu yerda olgan bilim va ko‘nikmalari kelajak hayotlarida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri