Saboq ham bol kabi me’yorida totli
Xushnudbek 6 yoshda birinchi sinfga qadam qo‘ydi. U hamma narsani darrov o‘zlashtirib olardi. Ota-onasi uni maktabga chiqqunigacha ham ko‘p to‘garaklarga olib bordi. Bolakayning kuni daqiqama-daqiqa rejalashtirilgan edi.
Afsuski, noyabr oyining oxiriga borib, uning sog‘ligi birdaniga yomonlashdi. Bola qattiq bosh og‘rig‘idan shikoyat qila boshladi. Mutaxassis shifokorlar muammo sababini o‘ta og‘ir aqliy yuklamada, deb ko‘rsatishdi…
Bu hayotiy misolda zamonaviy ota-onalar o‘z zurriyodlarini imkoni boricha barcha narsaga o‘rgatishga qanchalar intilayotgani aks etadi. Ammo tibbiyot bunga mutlaqo qarshi.
– Maktabgacha bilim olish jarayoni haftasiga 2-3 marotaba 15-20 daqiqali darslardan iborat bo‘lishi maqsadga muvofiqdir, – deydi poytaxtimizdagi 125-maktab amaliyotchi – psixologi Matluba Tagayeva. Bu mashg‘ulotlar bolaning imkoniyatlariga mos ravishda va o‘yin tarzida olib borilishi lozim. Unutmang, mittivoyning imkoniyatlari chegarasiz emas. Bu mashg‘ulotlar davomida ba’zi bolalar 3 daqiqagina, ba’zilari esa 5 daqiqa o‘z diqqatlarini jamlay oladilar. Ammo ularning hech biri 20 daqiqa diqqatli bo‘la olmaydi.
Bolakay 100 gacha sanay olmasa ham, 10 gacha bo‘lgan sonlarni bilib, ular orasidagi katta va kichigini belgilay olishi afzalroqdir. 4 yoshgacha bo‘lgan bolani o‘qishga majburlasa, unda maqsadga muvofiq bo‘lmagan o‘qish mexanizmi shakllanadi. U 2-3 harfni ko‘zi bilan ilg‘ab olib, so‘zning qolgan qismini tavakkal qilib topishga harakat qila boshlaydi. Ko‘z qorachig‘ining tinimsiz harakati bolani toliqtiradi, o‘qib chiqilgan gapning ma’nosini anglay olmaydi, natijada uning kitobga bo‘lgan qiziqishi asta-sekin yo‘qola boradi.
O‘quvchini sentyabr oyi boshidan turli to‘garak va qo‘shimcha darslarga ko‘mib tashlamaslik, aksincha uni maktab hayotiga moslashib olishiga imkon berish maqsadga muvofiqdir. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar bolaga og‘ir yuk bo‘lmasligi, aksincha, dunyoqarashi kengayishiga, jismoniy faolligining oshishiga, ruhan dam olishiga yordam berishi kerak. Masalan, chiroyli yoza olmayotgan 1-sinf o‘quvchisining barmoqlarini “tarbiyalash” ga plastilindan shakllar yasash va rasm chizish mashqlari yordam beradi. Ravon va to‘g‘ri nutqni badiiy to‘garaklar rivojlantiradi. Shaxmat, konstruktorlik, kashta tikish kabi mashg‘ulotlar esa uning miya faoliyatini, mantiqiy fikrlashini charxlaydi.
– Albatta, har bir ota-ona farzandining iste’dod sohibi ekanligiga va har qanday yuklamalarni yenga olishiga ishonadi, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi, nevropatolog Satima Quronboyeva. Aslida bolalarda ma’lum bir sohaga qobiliyat o‘n ikki, o‘n uch yoshdan boshlab namoyon bo‘la boshlaydi. Agar farzandingizning imkoniyat darajasini bilmoqchi bo‘lsangiz, uni kuzating. U mashg‘ulotlardan bosh tortsa, darslarda uxlab qolsa, sababsiz jahli chiqsa, yig‘lasa, ishtahasi yo‘qolsa, kechasi qiyinchilik bilan uxlasa, boshidagi, qornidagi og‘riqlardan shikoyat qilsa, demak, yuklamalar unga mos emas. Bolakay charchoq darajalarini farqlay olmasligi, doimo yodingizda bo‘lsin. Agar farzandingiz “charchadim” desa, bilingki, uning ortiq kuchi qolmagan.
Qo‘shiq kuylash nafas yo‘llari yallig‘lanishining oldini oladi
Kaliforniya universiteti olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, musiqa mashg‘ulotlari miyaning asab hujayralari faoliyatini yaxshilaydi, bolaga matematika va o‘qish darslarini o‘zlashtirishida, fikrini jamlay olishida ko‘mak beradi. Jo‘r kuylaydigan bolalar kam kasal bo‘ladilar. Chunki, qo‘shiqni chiroyli ijro qilish uchun to‘g‘ri nafas olish kerak bo‘ladi. Kundalik nafas gimnastikasi o‘pka va tomoq yo‘llarini mustahkamlaydi. Nutqida nuqsoni bor va bronxial astmadan aziyat chekadigan bolalar uchun bunday mashg‘ulotlar juda foydali. Jo‘r bo‘lib kuylashni 4-6 yoshdan boshlash maqsadga muvofiq.
O‘zbek tilimi yoki ingliz tili?
Sarvarbek ikki yoshga to‘lgach, kichkintoy timsolida bilimdon va boshqaruvchi shaxsini ko‘rgan ota-ona chet tilini o‘rgatish vaqti keldi, degan qarorga keldilar. Mana yarim yildirki, hali yaxshi gapirishni bilmaydigan mittivoyni oila haydovchisi ingliz tili mashg‘ulotlariga olib boradi.
Natijani oldindan aytib berish qiyinchilik tug‘dirmaydi: u na o‘zbek, na ingliz tilini yaxshi biladi. Bolada ona tili nutqi shakllanmaguncha,(hozirda 60 foiz bolalar nutqida nuqson bor) ikkinchi tilni o‘rgatish tavsiya etilmaydi.
Agar 5 yoshli bolaning so‘z zahirasi yetarli bo‘lsa, tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilsa, gap tuza olsa, ko‘rgan multfilmi yoki biror ertak haqida gapirib, savollarga javob bera olsa, chet tilini o‘rganishni boshlashi mumkin.
Rekordlar kutib tursin
Shifokorlarning ta’kidlashicha, sport mashg‘ulotlarisiz farzandni sog‘lom voyaga yetkazishning imkoni yo‘q. Shunday ekan farzandingizni biror sport turiga berishdan avval, albatta mutaxassis shifokor bilan maslahatlashish zarur. Bunda bolaning yoshi, jismoniy imkoniyatlarini hisobga olish muhim. Chunki, har bir sport turi o‘ziga xos qarshi ko‘rsatmalarga ega. Masalan, suzish teri kasalliklari mavjud bolalar uchun mumkin emas. Tennis sport turini 6 yoshdan boshlash mumkin ammo, yassi tavon xastaligida hamda uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslikda u man etiladi. Kurashni bola 7–8 yoshdan boshlashi mumkin. Biroq, mashg‘ulotlarning bir maromdaligi bolani tez toliqtiradi. Shuning uchun murabbiylar jiddiy mashg‘ulotlar 15-16 yoshdan boshlanadi deb hisoblaydilar. Asosiysi, farzandingizni erta chempion qilishga shoshilmang.
Aziz ota-onalar! Yodingizda bo‘lsin, mashg‘ulot bolaga xursandchilik olib kelsa, bu uning kelajakdagi yutuqlariga zamin hozirlaydi.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri