Endi smartfonlar glaukomani aniqlaydi
Bugungi kunga qadar smartfonlar yordamida yurak pulsini o‘lchash, sarflangan kaloriyalarni aniqlash mumkin edi.
Kembrij universiteti olimlari endilikda bu qurilmalardan glaukoma kabi ko‘z kasalliklarini tekshirishda foydalanishni taklif qilishmoqda. Buning uchun ular maxsus mexanizmni ham yaratishga muvaffaq bo‘lishdi.
Ushbu jarayonni amalga oshirishda smartfon va VR-shlem kabi maxsus Viewi moslamasi zarur bo‘ladi. Ikki qurilma o‘zaro bog‘langach, smartfondagi ilovada ochiq burchakli glaukomani tekshiradigan indikatorlar ishga tushadi. Natijada kerakli sinov ma’lumotlari to‘planadi.
Har bir ko‘zni tekshirish uchun taxminan 5 daqiqa vaqt sarflanadi. Natijalar esa oson tushuniladigan shaklda ko‘rsatiladi.
Olimlar bunday kashfiyot tibbiyot yaxshi rivojlanmagan mamlakatlardagi insonlarda ko‘z kasalliklarini aniqlash va davolashda yaxshi samara berishini ta’kidlashmoqda.