Qatralar
DO‘ST
Kunlari tinch, shodumon o‘tayotganida, atrofida odam ko‘p bo‘ldi. Tanish-bilish, hamkasb, qo‘ni-qo‘shni, qavmu qarindosh, deganday. U bundan xursand edi. “Shukur, shuncha do‘stim bor, yaqinim bor, bag‘rim butun”, deb o‘yladi o‘zicha.
Vaqti kelib, osmoniga bulut toshdi: ishlari ortga ketdi, topishidan maza qochdi, turmushidan halovat. Hayot uni sinovlarga ro‘baro‘ qildi. Boshini ko‘tarib, atrofidan najot izladi. E voh, tegrasida yurganlar, u yaqinim, do‘stim deb bilganlar darrov uzoqlashishdi: kim ishini bahona qildi, kim tirikchiligini. Yonida turib beradigan bitta odam qoldi. “Boshingni baland ko‘tar”, dedi. “Men sen bilanman”, dedi. “Hali hammasi yaxshi bo‘ladi”, dedi. Burda nonini keltirib, baham ko‘rdi, dardini bo‘lishdi.
Do‘st boshga kulfat tushganda bilinishini shunda angladi. Endi hammani o‘z nomi bilan tanidi, atadi: kim do‘st, kim shunchaki tanish, kim esa begona…
SABR
Tanda kuch bo‘lsa, harakatdan tinmaysan: nimadir qilasan, nimadir yasaysan, yaratasan.
Qalbda g‘ayrat jo‘sh ursa, oldga dadil intilasan: bir maqsadni zabt etib, keyingisiga qarab, tik boraverasan.
Ko‘zlaringda o‘t chaqnasa, atrof yorug‘ ko‘rinadi: olam nurafshon, nigohing yayrab, o‘zingni baxtli his etasan.
Boshingga ish tushsa, qalbing dard cheksa, o‘zingni biror mushkulot qarshisida noiloj sezsang, kuch seni tark etadi, g‘ayrat so‘nadi, ko‘zlaringdagi o‘t o‘chadi. Endi navbat sabrga keladi: u sening qo‘lingdan tutadi, yelkangdan suyaydi, vujudingga darmon, ko‘nglingga quvvat beradi. Kosasida mazasi taxiru davosi shirin dori tutadi. Qultum-qultum yutasan, darding ariydi, qadding tiklanib, ko‘zlaringga nur qaytadi.
Sabr – Rahmondan, deganlari bejiz emas…
YO’L
U olis manzil sari bir qadam qo‘ydi. So‘ng to‘xtab qoldi. Qarshisida yastangan o‘nlab-yuzlab yo‘llar, so‘qmoqlarning qay biridan yurishni bilmay, taraddudlandi. O‘z yo‘li bo‘lishini istadi. Kimningdir tayyor yo‘lidan yurishni, maqsadga oson yetishni istamadi.
O‘ylab-o‘ylab, axiyri, hali hech kim yurmagan joydan yo‘l soldi. Yuraverdi, yuraverdi. Oldidan chiqqan to‘siqlardan ming mashaqqat bilan o‘tdi. Yo‘lini to‘sgan chakalaklarni ochdi, devorlarni yiqdi. Zahmat chekkaniga ham, charchagani, holdan toyganiga ham parvo qilmadi. Mudom olg‘a intildi, ortiga qaramadi, to‘xtamadi.
Bu yo‘l uning umr yillarini o‘ziga oldi, domiga tortdi. Yo‘l avvalida yosh edi. Yo‘l so‘ngida sochlari oqardi, keksaydi. Axiyri, boshlagan yo‘li uni o‘zi istagan yorug‘ manzilga – asl maqsadiga yetkazdi.
Shunda to‘xtadi, tin oldi, ortiga o‘girildi. Qaradi-yu, yuragi quvonchdan, baxtdan toshib ketganday bo‘ldi: u boshlagan yo‘ldan minglab odamlar kelayotgandi…
HAKAM
Birov bir gapni aytdi, boshqasi yana bir gapni. U buni to‘g‘ri dedi, bu boshqasini. Talashishdi-tortishishdi. Har kim o‘zi aytganni ma’qulladi, birov u yoqqa tortdi, birov bu yoqqa. Oqibat, nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri – bilib bo‘lmadi. Har kim bilganicha ish tutdi.
Oraga vaqt qo‘shildi, fursat aralashdi.
Hammasini shu hakam joy-joyiga qo‘yib berdi. Nima yaxshi, nima yomonligini ko‘rsatib, isbotlab berdi.
Zero, u eng oliy hakamdir…
Xurshida ABDULLAYEVA