Yangi ensiklopediya
Kitob barcha davrlarda ham insonlarga yaqin hamroh, sirdosh do‘st, beg‘araz maslahatchi bo‘lib kelgan.
Bilmaganingizni o‘rganish, bilganingizni yanayam mustahkamlashda undan yaxshi ustozni topolmaysiz.
Shu maqsadda yaqinda “Oila” ilmiy-amaliy markazi balog‘at yoshidagi qizlar uchun “Qizlar ensiklopediyasi”ni nashrga tayyorladi. Ushbu kitobni qo‘liga olgan o‘smir qiz dilkash do‘stini topganday quvonishi, shubhasiz. Chunki, qiz bola tabiatan uyatchan bo‘lib, barcha mummolarini ham ota-onalari, ustozlari, dugonalariga aytishni lozim topmaydi. Dilidagi savollari esa talaygina.
Ensiklopediya xilma-xil mavzularga boy, rangli, zamonaviy dizayn uslubida yaratilgan bo‘lib, kitobdan o‘smir qizlarda yuz berayotgan ruhiy va fiziologik jarayonlar, ularning milliy va zamonaviy qiyofasi, ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishga doir qiziqarli ma’lumotlar, testlar, maslahatlar o‘rin olgan. Qolaversa, undagi har bir mavzuga alohida yondashilib, milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizning o‘ziga xos ruhi singdirilgan.
Kitobda “Hunarli qiz xor bo‘lmas” maqoli talabiga amal qilgan holda pazandalik mahoratining sir-asrorlari, milliy hunarmandchiligimizning an’anaviy usullari, noan’anaviy dizayn mahorati sahifalari ham o‘rin olgan.
Ensiklopediyani chop etilishida bevosita “Oila” ilmiy-amaliy markazi rahbari X.Mamadaliyeva boshchiligida yetakchi ilmiy xodimlar – M.Yakubbekova, F.Akramova, shuningdek, ilmiy xodimlar – M.Rahmonova, N.Shomurotova, Z.Bilolova, X.Abdullayevalar jonbozlik ko‘rsatishgan bo‘lib, kitobning ayniqsa, “Ichki go‘zallik olami”, “Qizlar sirlari”, “Qizlar salomatligi”, ”Go‘zallik sirlari”, boblarida qizlarimiz diliga yaqin gaplarni topishi mumkin. Chunki, qizlar gigiyenasi, jinsiy tarbiya, ruhiyatning nozik masalalariga kitobda alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, “Kiyinish”, “Uy tutish san’ati”, “Pazandalik mahorati” ,”Qiz bolaning qirq hunari bo‘lsin” boblari ular uchun o‘ziga xos mahorat maktabini o‘taydi.
Qizlarning dunyoqarashini boyitishda o‘ziga xos o‘rin egallagan ushbu kitobni “Mehribonlik” uylari va maktablarga bepul tarqatish rejalashtirilgan. Maqsad balog‘at yoshidagi o‘quvchi-qizlarning nozik masalalardagi muammolariga javob olishi hamda ularni ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga yordam berishdir.
Hulkar ABDULLAYEVA,
Zamira BILOLOVA,
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi ilmiy xodimlari