Mutolaa – uzoq umr sababchisi

Kitob o‘qish aqliy salohiyatimizni kuchaytirib, tasavvurimizni boyitishini hammamiz bilamiz. Bu maroqli mashg‘ulot salomatlikka ham ijobiy ta’sir etadi.

AQSHning Yel universiteti olimlari mutolaa va inson umri davomiyligi bog‘liqligi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. 12 yil davom etgan ushbu ilmiy-tekshirish ishida uch ming olti yuzga yaqin keksa yoshdagi erkak va ayollar qatnashdi. Ular orasida ashaddiy kitobsevarlar ham, kitobni qo‘liga faqat uy yig‘ishtirganda oladiganlar ham bor edi.

Aniqlanishicha, mutolaani sevadigan va bu ish bilan muntazam shug‘ullanadiganlar boshqalarga nisbatan 2 yil ko‘proq umr ko‘rar ekan. Haftasiga 3,5 soatini va undan ko‘proq vaqtini o‘qishga sarflaydigan keksalarda o‘lim xavfi yaqin 12 yilda boshqa qariyalarga nisbatan 20 foizga kam bo‘ladi.

“Kuniga atigi yarim soat mutolaa qilish umringiz uzoq bo‘lishiga katta ta’sir ko‘rsatadi”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri Bekka Levi.

Qiziq tomoni, “kitob terapiyasi” daromadi, kasb-kori, oilaviy ahvoli, irqi va hayoti farovonligidan qat’i nazar barchaga birdek foydalidir. Biroq tadqiqotchilar aynan kitob mutolaasiga urg‘u berishyapti. Gazeta va jurnal o‘qish u qadar samarali emas.

Mutolaa asabiylashishni kamaytiruvchi eng o‘ng‘ay usullardan biri. U kundalik tashvishlardan uzilish imkonini ham beradi. O‘qish miya uzoq vaqt yosh bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi, miyadagi asab tizimi aloqalarini kuchaytirib, aqliy salohiyatni orttiradi. Qarilik va Alsgeymer xastaligi (xotirani yo‘qotish)ni ortga suradi. Bundan tashqari, mutolaa siqilishni yengishda qo‘l keladi, muomala-munosabat qobiliyati rivojlanishiga, ijodiy imkoniyatlar kengayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kitob o‘qishning yuqorida sanalgan foydalari olimlarga ko‘pdan ayon edi. Yel universiteti mutaxassislari uning boshqa bir muhim qirrasi – uzoq umr ko‘rishga sabab bo‘lishini aniqladi. To‘g‘ri, uzoq yashash juda ko‘p omillarga bog‘liq. Lekin inson o‘ziga berilgan umrni mazmunli, arzirli tarzda o‘tkazishi ham kerak. Bu borada mutolaa eng yaxshi ko‘makchidir.

 

Orif Tolib tayyorladi.

Yana o‘qing:  Donor: o‘zgalarga salomatlik ulashing va o‘zingiz ham sog‘lom bo‘ling!

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: