Oqilona ovqatlanish – sarvqomatlik mezoni

yoki ortiqcha vaznning salomatlikka xavfi xususida

So‘nggi yillarda ortiqcha vazn aholi salomatligini saqlashning eng muhim muammolaridan biriga aylangan.

Birinchidan, bu yildan-yilga tana vazni oshiqcha bo‘lgan odamlar soni ko‘payib borishi bilan bog‘liq. Ikkinchidan, semizlik yurak-qon tomirlar (ateroskleroz, arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalligi – YUIK, metabolik sindrom), suyak-bo‘g‘inlar (osteoxondroz, deformatsiyalovchi osteoartroz) va endokrin tizimi (insulinga qaram qandli diabet, 2-turdagi qandli diabet), onkologik kasalliklarning ko‘plab turlari (to‘g‘ri ichak, ko‘krak bezi, prostata bezi saratonlari) kabi a’zolar va tizimlarda turli xastaliklarni yuzaga kelishining asosiy omillaridan biridir. Semizlikka irsiy moyillik mavjudligi aniqlanib, bu epidemiologik tadqiqotlar yordamida tasdiqlangan.

Xastalikning klinik manzarasi yetarlicha o‘rganilgan. Biroq, etiologiya va patogenez masalalari ko‘plab nazariy bahslashuvlarga sabab bo‘ladi. Har qanday ko‘rinishdagi semizlikni davolash asosi taomnomadagi oziq-ovqatlar kaloriyaligini kamaytirishga asoslangan bo‘lib, uning darajasi ovqatlanishning xususiyatlari, semizlikning ifodalanganligi (tana vazni indeksi), bemorning yoshi, jismoniy yuklamalar darajasi va kasbiga bog‘liqdir.

Ma’lumki, kattalarda ortiqcha vaznning 30-60 foizi bolalik va o‘smirlik davrida boshlanadi. Bunda vazn qo‘shilishi nisbatan ko‘zga yaqqol tashlanadi. 80 foiz semiz o‘smirlar ulg‘ayganidan keyin ham ortiqcha vaznini saqlab qoladi.

Semizlik – keng tarqalgan endokrin kasallik turi bo‘lib, yog‘ to‘qimalari ortiqcha rivojlanishi bilan bog‘liq modda almashinuv buzilishi tarzida tavsiflanadi.

Birlamchi yoki alimentar-ekzogen (EKZ) boshqa biron-bir kasallik mavjud bo‘lmagani holda yog‘ to‘planishi tufayli me’yoriy tana vazni ko‘rsatkichlari oshishi tarzida ifodalanadi. U nisbatan ko‘proq tarqalgan va semizlikning 80 foizga yaqinini tashkil etadi. Ikkilamchi semizlik endokrin va serebral kasalliklar (endokrin va serebral semizlik turlari) natijasida yuzaga keladi.

Birlamchi semirish energiya organizmga ovqat bilan quvvat sarflanishiga nisbatan ko‘proq tushishida rivojlanadi. Bu esa yog‘lar almashinuvi buzilishiga olib keladi. Ortiqcha vazn rivojlanishida ovqat kaloriyaliligi oshiqchaligi bilan ifodalanuvchi alimentar muvozanat buzilishi yetakchi bo‘lib, bu asosan hayvon yog‘lari va uglevodlar (birlamchi semirishning 60 foiz hollarida), ovqatlanish tartibi buzilishi (bir kecha-kunduzlik kaloriyaning asosiy ulushi kechqurunga to‘g‘ri kelishi, kam-kam, ammo ko‘p tanovul qilish) hisobiga sodir bo‘ladi. Ovqat tanovulining ko‘payishi va ovqatlanish tartibi buzilishi bilan bir qatorda jismoniy faollik kamligi organizmda ortiqcha quvvat to‘planishiga va tana vazni ortishiga turtki beradi. Bola hayotining dastlabki davrlarida ortiqcha ovqatlanish va hatto, ayolning homiladorlik davridagi haddan tashqari ko‘p ovqatlanishi ham inson hayoti davomidagi yog‘lar almashinuvining o‘ziga xosliklarini belgilovchi tizimlarning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yana o‘qing:  Astma: tashxis va davo choralari

Semizlikni tashxislash va uning og‘irligini baholashning asosiy ko‘rsatkichi sifatida tana vazni indeksi – kilogramdagi tana vaznining metrdagi bo‘y kvadratining nisbatidan foydalaniladi.

Semizlikni davolashda eng muhimi, parhezning samarasini kuchaytiruvchi jismoniy faollik bo‘lib, bunda o‘z-o‘zidan yurak qon-tomir kasalliklari asoratlari xavfi kamayadi. Jismoniy yuklamalarni tanlashni bemorning yoshi, jismoniy holati, hamroh kasalliklar bor-yo‘qligi va shu kabilarni nazarda tutgan holda individual ravishda amalga oshirish lozim. Intensiv(jadal), ammo nisbatan qisqa jismoniy mashqlar yoki aksincha intensivligi nisbatan pastroq, biroq nisbatan uzoqroq muddatli yuklamalarni qo‘llash yordamida aynan bir xil samaraga erishish mumkin. Umuman olganda, barcha bemorlarga kuniga, juda bo‘lmaganida, haftasiga 5 marta 30-45 daqiqa (yoki ko‘proq) yayov yurishni tavsiya etish mumkin.

Me’yoriy tana vaznini saqlab qolish muammosi gipokineziya(kam harakatlilik)ni bartaraf etish bilan jips bog‘langan bo‘lib, semizlikning oldini olish va davolashda aholidagi ratsional ovqatlanish, oziq-ovqatlar iste’moli madaniyatini o‘stirish muhim o‘rin tutadi.

Semizlikdagi parhez ovqatlanishi qoidalar quyidagilardan iborat bo‘ladi:

Ya’ni, uglevodlar va qisman yog‘lar kamaytirilib, tarkibidagi barcha almashtirilmas ozuqa moddalari saqlanib qolishi hisobiga quvvat qiymati kamaytirilgan ratsionni tayinlashdir. Taomnomaning quvvat qiymatini belgilashda bemorning semizlik darajasi, holati, davolash joyining samaradorligi (shifoxona, sanatoriy, parhez oshxonasi)ga qarab quvvatga bo‘lgan ehtiyoj individual ravishda 20-50 foizga kamaytiriladi. Quvvatga bo‘lgan individual ehtiyoj tana vaznining jins, yosh, jismoniy faollik va boshqa ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda aniqlanadi.

– Ratsiondagi oqsil miqdori kamaymaydi. Balki biroz oshgan – me’riy tana vaznining 1 kg ga 1,5 g gacha bo‘lishi va kuniga 100-110 g. dan kam bo‘lmasligi mumkin. Bu to‘qimada oqsil yo‘qotilishining oldini olib, oqsilli taom o‘zlashtirilishi hisobiga quvvat yo‘qotilishini oshiradi. To‘yganlik hissini paydo qiladi. Parhezda kamida 400-500 g oqsilli oziq-ovqatlar (masalan, 150 g go‘sht, baliq, tvorog) bo‘lishi mumkin. Tuxum oqsilining o‘zlashtirilishi (oqsilli quymoqlar) go‘sht yoki tvorogga nisbatan ko‘proq quvvat sarflanishini talab qiladi. Shuningdek, dengiz mahsulotlari to‘laqonli oqsillar manbai bo‘lishi mumkin. Ular tarkibida almashtirilib bo‘lmas aminokislotalar, organik yod bo‘lib, uglevodlar qariyb bo‘lmaydi. Yog‘lar esa nihoyatda kam bo‘ladi.

– Uglevodlar, eng avvalo, yengil so‘riluvchi qandlar – shakar, qandolatchilik mahsulotlari, shirin ichimliklar, shokolad va boshqalar hisobiga kuniga 100-200 g. gacha keskin kamaytiriladi. Uglevodlarni 100 g. dan ko‘proq kamaytirishga bir necha kun davomida ruxsat beriladi. Non kuniga 100-150 g. gacha, kaloriyalilikni yanada pasaytirish taqozo etilganida esa 50 g. gacha yoki butunlay kamaytiriladi. Taom va ichimliklardagi shakar ksilit yoki sorbit bilan almashtiriladi (kuniga 30 g gacha) yoki boshqa qand o‘rnini bosuvchi moddalardan foydalaniladi.

Yana o‘qing:  Noto‘g‘ri ovqatlanish organizm uchun zarar

– Ratsiondagi yog‘ miqdori 80 g. gacha kamaytiriladi. Yog‘lar me’dada ko‘proq ushlanib qoladi va miyadagi ishtaha markazining qo‘zg‘aluvchanligini pasaytirib, ochlik hissini bartaraf qiladi. Ba’zi holatlarda 3-4 kun davomida yog‘li parhezlardan foydalaniladi. Bu parhezlarda sariyog‘, o‘simlik yog‘i va smetana hisobiga yog‘lar kuniga 100-110 g gacha ko‘paytirilgan bo‘ladi.

– Turli suyuqliklar – choy, qahva, sut, sho‘rva, kompotlar va boshqalar kuniga 1-1,2 l. gacha cheklanadi. Bu yog‘ning “ichki” suv manbai sifatida parchalanishini kuchaytiradi, organizmdagi ortiqcha suv esa chiqib ketadi. Yilning issiq davrida suyuqlikni iste’mol qilish cheklanishi shart emas.

– Osh tuzi iste’moli kuniga 5-8 g. gacha kamaytiriladi. Ovqat deyarli tuzsiz tayyorlanadi. Taomga iste’mol paytida salgina tuz qo‘shiladi.

– Ovqat yeyishni boshqarishni susaytiradigan, ishtahani ochadigan va o‘zi ham quvvat manbai bo‘lgan alkogolli ichimliklarni iste’mol qilish ta’qiqlanadi.

– Ishtahani ochadigan xushta’m sabzavot va taomlar – qalampir, xantal, yerqalampir, sho‘rvalar va go‘shtli, baliqli, qo‘ziqorinli qaylalar, dudlangan mahsulotlar, tuzlamalar iste’moldan chiqariladi.

– Kuniga 5-6 marta to‘yganlik hissini hosil qiluvchi ovqatlanish tartibiga amal qilish va asosiy ovqatlanish muddati orasida past kaloriyali, ammo hajmi ko‘proq bo‘ladigan, ayniqsa, to‘yganlik hissini paydo qiladigan xom sabzavotli va mevali salatlar kiritiladi.

Ortiqcha vaznli bemorlar parhezga amal qilib ovqatlanishi va uzoq vaqt davomida (kamida bir oy), statsionar sharoitda muolaja olishadi.

Xulosa o‘rnida aytganda donolarning”… sihat tilasang kam ye” degan o‘gitlari naqadar haqligini davrning o‘zi isbotlab turibdi.

 

Bahodir RAHIMOV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: