Qadim yurtning muhtasham darvozasi

Yaqinda Buxoro shahriga boradigan bo‘ldim. Yuklarimni tekshiruvdan o‘tkazib, chiptamda ko‘rsatilgan vagon tomon odimladim.

Poyezd manzil tomon qo‘zg‘aldi. Kichkinaligimdan uzoq yo‘lga chiqdim deguncha, xayol suraman. Tarki odat amri mahol deganlaridek, yana xayolga toldim…

Bolaligimda yozgi ta’til boshlanishi bilan buvijonim qarindoshlarimiz holidan xabar olish maqsadida Toshkentga yo‘l olardi. Bir gal ular hamrohlikka meni tanladilar. Xursand bo‘lganimdan, safarga hozirlik ko‘ra boshladim. Poyezdda uzoq joyga borish barcha bolalar kabi menga ham maroq bag‘ishlar, buvijonimni yo‘l-yo‘lakay savollarga ko‘mib tashlash haqida o‘ylardim.

Esimda vokzalni temir panjaralar bilan o‘ralgan qismida poyezd kelishini yuzlab insonlar kutmoqda. Buvijonim qo‘llaridagi og‘ir sumkalarini bir chetga qo‘yib, panjara ostidagi betonga amallab joylashdilar-da, ko‘zlarini mendan uzmay, kuzatib turdilar. Poyezd yo‘li hech qanday to‘siqlar bilan himoyalanmagani sabab, yosh bolakaylarning temir yo‘lga chiqib ketish hollari tez-tez kuzatilardi.

Yozning chillasi bo‘lgani sabab havo issiq. Bola emasmanmi, bir yerda o‘tirmay, o‘yinqaroqlik qilganim bois, rosa chanqadim. Buvimga “suv olaylik, suv, suv…” deya injiqlik qilaman. Yuklarga bir qur nazar tashlagach, ular mehribonlik bilan, “ha, mayli yuraqol bolam…” dedi. Birgalashib uzoq do‘konga yo‘l olamiz. Suv olayotgan payt, poyezdning vokzal hududiga kirib kelgani haqida xabar topdik. Shoshgancha yuklarni ko‘tarib, bir amallab vagonga chiqib oldik.

Poyezd joyidan qo‘zg‘algach, endi hammasi ortda qoldi, deb o‘ylab qanchalik xato qilganimni biroz o‘tib tushundim. Kunning tig‘idanmi, chiptasiz yo‘lovchilarning ko‘pligidanmi vagon ichida nafas olib bo‘lmasdi. Buvijonimning “yo‘l azobida, bolam…” degan gaplari quloqlarim ostida jaranglaydi. Men kutgan, sevib o‘qigan ertaklardagi safar zavqi qayoqda deysiz…

Vagon nazoratchisining, “Qanday ichimlik ichasiz?” deya bergan savoli xayollarimni tarqatib yubordi. Unga ajablanib qaraganimni sezgach, ichimliklar ro‘yxati yozilgan kitobni uzatib, qo‘shimcha qildi, – “Marhamat, istaganingizni tanlang”.

Poyezd manzilga yetib keldi. Vagondan tushdim-u vokzaldan taralayotgan oppoq nurdan ko‘zlarim qamashdi. Go‘yo bu nur tinchlik, omonlik ziyosidek qalbimda porladi. Shu damda yuragimda faxr hissi jo‘sh urdi.

Qarshimda zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilingan, bir vaqtning o‘zida 300 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan va xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan muhtasham Buxoro vokzali qad rostlab turardi.

Yana o‘qing:  Qalblarga mehr ulashib

Majmua yon-atrofini ko‘zdan kechirarkanman, yo‘lovchilar uchun jahon andozalariga mos sharoit yaratish maqsadida, keng, ko‘rkam, yorug‘ kutish zali, chiptaxonalar, ona-bola, tibbiyot xonalari barpo etilganining guvohi bo‘ldim. Bolalik xotiramdagi buvijonim o‘tirgan beton “o‘rindiq”lar bilan qiziqdim. U joyda shahar mehmonlarini kutib olish va kuzatishga mo‘ljallangan zal qurilganini ko‘rib, hayratim yanada ortdi. Hayajonimni sezgan hamrohim so‘z boshladi.

– Qizim, hayron qolyapsiz-a?! 2011 yilda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovi qo‘yilganini eshitganimda juda xursand bo‘lgan edim. Yaratganga shukr, endilikda ushbu poyezd bizning navqiron shahrimizga ham qatnay boshladi, – deydi Buxoro shahar bolalar shifoxonasi shifokori Muhitdin Pardayev.

Darvoqe, mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida Toshkent – Buxoro yo‘nalishida harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektr poyezdining ilk qatnovi amalga oshirildi. Avvallari poyezdda Toshkentdan Buxoroga yetib olish 7-8 soat vaqt olgan bo‘lsa, endilikda bu muddat 3 soatu 20 daqiqani tashkil etayotgani, barchani birdek quvontirmoqda.

Ta’kidlash joizki, mazkur yo‘nalishdagi temir yo‘l 259 kilometr masofaga teng. O‘tgan yili Samarqand – Buxoro temir yo‘l liniyalarini rekonstruksiya qilish, yangi po‘lat izlar yotqizish hamda elektrlashtirish ishlari boshlandi. Umumiy qiymati qariyb 400 million AQSH dollorini tashkil etuvchi mazkur loyiha qisqa muddatda – 16 oyda amalga oshirildi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu liniyaning foydalanishga topshirilishi natijasida temir yo‘l uchastkasining o‘tkazish imkoniyati 36 foizga oshib, ekspluatatsiya harajatlari 36 foizga kamaydi. Mazkur yo‘nalishda 200dan ortiq ish o‘rni yaratildi.

O‘zining asori atiqalari bilan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan qadim Buxoro borgan sari chiroy ochib bormoqda. Shu topda “bu men tug‘ilgan diyor, bu qadim Buxoro” deya baralla hayqirgim keladi.

 

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: