Yodi hamisha yodda
Samarqandda Ulug‘bek ko‘zyoshiga cho‘mdim men,
Lavhul Mahfuzni o‘ylab, Haq amriga ko‘ndim men.
Yer usti boyliklarin tortar ekan yer osti,
Xizr yoniga nodir xazinamni ko‘mdim men.
Yana tonglar otib kun kulgaymi-kulmagaymi,
Kimni boy berdi dunyo, bilgaymi-bilmagaymi?
Sayyoralar yuz yilda yozarkan bir dasturxon,
Bunday mehmon ming yilda kelgaymi-kelmagaymi?
Yurt boshiga tosh tushsa, Yurtboshiga tegar tosh,
Yurtdoshidan tosh uchsa, Yurtboshiga tegar tosh.
Mana, toshyuraklar ham eridi sel-sel bo‘lib,
Mana, ko‘zi qizarib, yelka silkib egar bosh.
Registon maydonida tush ko‘rganday yurdim men,
Uyg‘onay deb yuzimga ko‘zyoshdan suv urdim men.
Shohizinda yonida farishtaday oqsoqol
“Yetim qoldim, otam”lab bo‘zlaganin ko‘rdim men.
Shirin jonin bug‘doyday yerga sochgan otam-a,
Ma’naviyat durlarin dilga sochgan otam-a.
So‘nggi nafasigacha yurtim deb yongan olov,
Umrini xarjlab-xarjlab, elga sochgan otam-a.
Yig‘lasang ham mung‘ayma, g‘anim xandon bo‘lmasin,
O‘zingni yig‘, bardam bo‘l, qadding kamon bo‘lmasin.
To‘n kiyib bel bog‘lasa, kurashga kirgay o‘zbek,
O‘zbekiston, jigarim, ko‘ngling yomon bo‘lmasin.
Chaqmoqdek musibatga tog‘u toshdek bardosh bor,
Yelkangga boshin qo‘ygan qavmi inson, qardosh bor.
Otaning g‘oyalari qoyalardek mangulik,
Sheri mardga munosib arslonpanja izdosh bor.
Yuraklarga quvvatdir yoniq shonu shukuhi,
Birlashtirdi hattoki elni qayg‘u-anduhi.
Yodi hamisha yodda, ismi tillarda duo,
Humoqushga aylanib, yog‘du sochadi ruhi.
Bu hayot abadiydir, jilg‘a soyiga yetdi,
Jannat barpo etgan zot jannatjoyiga ketdi.
O‘zi bizga qaytargan daholarning yoniga,
Buyuk Sohibqironning qurultoyiga ketdi!
Iqbol Mirzo,
O‘zbekiston xalq shoiri