Yuraklarga singgan Vatan saodati
Yurtimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlarning ko‘lami keng. Biz mustaqilligimiz sharofati bilan Prezidentimizning inson manfaatlari, millatni yanada sog‘lomlashtirishga, barkamol avlodni tarbiyalashga cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rligi, mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bois, ana shunday beqiyos imkoniyatlarga ega bo‘ldik.
Respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya markazi ham Prezidentimiz farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yilda qabul qilingan tegishli qarori asosida tashkil etilgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlarida kardiodispanserlar, 2 ta viloyatda ixtisoslashtirilgan markazning filiallari tashkil etilgan. Shahar va tuman poliklinikalarida esa malakali shifokorlar tomonidan aholiga kafolatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Oxirgi 5 yillikda rentgenendovaskulyar jarrohlik bo‘limi tashkil etildi va bo‘lim zamonaviy angiografik uskuna bilan jihozlandi. Hozirgi kunda koronaroangiografiya – yurak tojsimon arteriyalarining toraygan qismlarini aniqlash, ularga stent (naycha) o‘rnatish kabi yuqori texnologik usullar muvaffaqiyatli amalga oshirilmokda. Kardiologiya markazida yiliga mingdan ortiq bemorda ushbu davolash amaliyoti qo‘llanilayapti. Bunday usul bilan davolash orqali yurak-qon tomir kasalliklarining eng og‘ir turi bo‘lmish miokard infarkti oldi olindi. Tibbiyotda o‘tkazilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, keyingi 10 yil ichida miokardning o‘tkir infarktidan sodir bo‘layotgan gospital o‘lim holatlari 9-10 foizgacha pasayishiga erishildi. Shunisi quvonarliki, bunday zamonaviy usul bilan davolash viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yila boshlandi. Xususan, Namangan viloyat kardiologiya markazida koronarografiya va stentlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Endilikda Xorazm , Farg‘ona, Buxoro va boshqa viloyat kardiologiya dispanserlarida ham bunday usulni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Yana bir yuqori texnologik usul – yurakning murakkab aritmiyalarida qo‘llanadigan radiochastotali ablatsiya (RCHA) va yurak blokadalarida elektrokardiostimulyasiya (EKS) usullari kardiologiya markazida amalga oshirilmoqda. Hozirda radiochastotali ablatsiya usuli – kardiologik bemorlarni davolashda qo‘llanadigan xalqaro standartlarga mos keluvchi yuqori texnologik usul hisoblanadi. Shuni ta’kidlash joizki, bunday texnologik usullar Markaziy Osiyoda ilk bor ushbu markazda o‘tkazilgan bo‘lib, 2008 yildan buyon yuzlab bemorlar darddan butunlay forig‘ bo‘ldi. Kardiologiya markazida Kardiojarrohlik bo‘limi ham ishga tushirildi. Bo‘lim zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu yerda ochiq usuldagi murakkab operatsiyalar amalga oshirilmoqda. Shunday qilib yurak ishemik kasalligining og‘ir turlarida aorta koronar shuntlash (AQSH), yurak poroklarini jarrohlik usuli bilan tiklash kabi murakkab operatsiyalar amalga oshirila boshladi. Qisqa vaqt ichida markazda 90 dan ortiq bemorda bunday murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Shu kunlarda butun O‘zbekiston ahli mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlamoqda. Zero, bu ayyom xalqimizning hur va ozod yashashi, baxtli hayoti, farovon turmushiga asos bo‘luvchi eng muhim sana sifatida tarix zarvaraqlariga bitilgan. O‘tmishda ajdodlarimiz mana shunday kunlarga yetishish uchun jon olib, jon berib kurashganlar. Shukrki, bugun ajdodlarimizning ezgu niyatlari, orzulari ijobat bo‘ldi. Shu kunlarda har birimiz ona Vatan mustaqilligi naqadar qadrli ekanligini chuqur his qilib turibmiz. Istardimki, istiqlol nashidasi, bayram sururi har biringizni yaxshi niyatlar, ezguliklar sari undayversin!
Ravshanbek KURBANOV,
“Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi” aksiyadorlik jamiyati direktori, O‘zbekiston Qahramoni