QONUN – IJROSI BILAN KUCHLI
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat boshqaruvi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralarida huquqni qo‘llash faoliyatining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Adliya vaziri N.Yo‘ldoshev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Adliya vazirligi tizimida Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro nazorat qilish hamda manfaatlar muvozanati prinsipini yanada samarali ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Mazkur tuzilma tahlillari sohada qonunchilikka rioya etilishi bilan birga, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni ham ko‘rsatmoqda. 2012 yilda 19 davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatida o‘rganishlar o‘tkazilgan. Ularda qonunbuzilish holatlari va kamchiliklar aniqlangan. Bu holatlarni bartaraf etish masalalari hamkorlikda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda atroflicha muhokama qilingan. Natijada qonun hujjatlariga zid qabul qilingan idoraviy hujjatlar, noqonuniy qarorlar bekor qilingan. Mutasaddi mansabdor shaxslar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Qonun hujjatlaridagi ayrim bo‘shliqlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlariga 82 normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Faoliyati o‘rganilgan idoralar xodimlarining kasbga doir bilimlarini oshirish yuzasidan huquqiy targ‘ibot tadbirlari, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
N.ABDURAIMOVA,
O‘zA muxbiri