Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo‘yildi

Xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligini katta ko‘tarinkilik bilan bayram qilmoqda. Bu buyuk sana yurtdoshlarimiz qalbiga bemisl faxr-iftixor, surur bag‘ishlamoqda.

Joriy yilda eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz mamlakatimiz bo‘ylab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan 31 avgust kuni hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu maqsadlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga tantanali ravishda gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, O‘zbekiston Respub­likasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar nomidan harbiy orkestr sadolari ostida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot. Bu ulug‘ tushunchalar doimo yonma-yondir. Xalqimizning tarixiy yutug‘i – Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu haqiqat yana bir bor o‘z ifodasini topmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida Mustaqillik maydonida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, u yaxlit me’moriy ansambl, noyob majmua ko‘rinishini oldi. Bu yerda olib borilgan bunyodkorlik ishlari bosh maydonimizning nafaqat manzarasini, balki mazmun-mohiyatini ham tubdan o‘zgartirib yubordi.

Bugun Mustaqillik maydonining ko‘rku tarovati har qanday kishini hayratga soladi. Bu yerdagi doimo yashnab turuvchi daraxtlaru turfa gullar ko‘zni quvontiradi. Mayin shabadadan daraxtlar, yam-yashil maysalar ohista tebranadi. Kunduzlari quyosh nurida, tunlari nurafshon chiroqlar shu’lasida jilolanuvchi favvoralar maydon havosini mo‘tadil saqlaydi. Bu yerga kelgan odam ajib sokinlikni, uning zamiridagi tinchlik va osoyishtalikni yanada teran his etadi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2005 yil 28 dekabrda Mustaqillik monumenti oldida Baxtiyor ona siymosi aks etgan muazzam haykal qad rostladi. Bugungi tinch, osuda hayotimiz, porloq kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchimiz ifodalangan, farzandini bag‘riga bosib, unga termulib turgan Baxtiyor ona siymosida har birimiz o‘z onamizni, beg‘ubor bolaligimizni, barkamol avlodimizni ko‘rgandek bo‘lamiz. Mazkur majmua erkin demokratik davlat, inson manfaati va huquqlari har narsadan ustun turadigan fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan mamlakatimizda ayol zotiga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtirom ifodasidir.

– Har gal Mustaqillik maydoniga kelganimizda qalbimizda o‘zgacha tuyg‘ular jo‘sh uradi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi Akmal Jumaboyev. – Davlatimiz rahbari  tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor tufayli qo‘lga kiritayotgan yutuq va marralarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugun yurtimizdagi har bir yosh qalbida Vatan kelajagi uchun mas’ullik, Vatan ravnaqiga munosib ulush qo‘shishdek ezgu niyat mujassam.     

Yana o‘qing:  Izchil islohotlar samarasining keng namoyishi

Yutuqlarimiz ko‘paygani sari xalqimizning farovonligi, turmush madaniyati va salohiyati ham yuksalib boraveradi. Yuksak ma’naviyat va salohiyatga ega xalq yangi-yangi marralarni qo‘lga kiritishga qodir. Mustaqillik yillarida xalqimizning ongu tafakkuri butunlay o‘zgardi. Bugun xalqimiz zamonaviy, yuksak darajadagi shart-sharoitlarda hayot kechirishga o‘rgandi. Bularning barchasi istiqlol yillarida oldimizga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga erishayotganimiz, biz hech kimdan kam emasligimizning amaldagi ifodasidir.

Zamonlar o‘tadi, mamlakatimizda yangi-yangi avlodlar dunyo­ga keladi. Ajdodlarimizning, xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqargan, erkin va obod Vatan barpo etish yo‘lida qanot bo‘lib, beqiyos imkoniyat va istiqbollarni ochib bergan bu kun yurtimiz tarixida mangu buyuk sana bo‘lib qoladi.

1 sentyabr kuni poytaxtimizning barcha tumanlarida bayram tantanalari o‘tkaziladi. Mamlakatimiz viloyatlarida bayram tadbirlari, sayillar davom etadi.

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: