Farzandingiz maktab ostonasida

u galdagi ta’lim-tarbiya sinovlariga qanchalik tayyor?

Jajji farzandingiz maktabga ilk qadamlarini qo‘yish arafasida. Bu paytda ulardan ko‘ra sizda hayajon bisyor. Hademay, qilgan ezgu niyatlaringiz o‘z ijobatini topadi.

Maktab hayoti bola uchun dastlabki jiddiy va muhim sinov. Buning uchun u ham ma’nan, ham jismonan tayyor bo‘lishi lozim. Endi uning butun hayot tarzi: muhit, talablar, xulqi o‘zgaradi. Shu daqiqadan boshlab, betashvish bola maktab o‘quvchisiga aylanadi. Vazifalar esa, bir qadar ortadi. Bolani maktab hayotiga bosqichma-bosqich tayyorlash esa yuz berishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi.

Mana, farzandingiz 7 yoshga qadam qo‘ydi. Endi uning hayotiga maktabga borish, o‘qish, uyga berilgan darslarni bajarish kabi yangi yumushlar kirib keladi. Bunday paytda ota-onaning vazifasi bolalarni yangi sharoitga imkoni boricha tezroq moslashishga va yangi do‘stlar bilan tez til topishishiga ko‘maklashishdan iborat.

 

Sog‘ tanda – sog‘lom aql

Barcha o‘g‘il-qizlar 1-sinfga borishdan oldin chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu kabi tekshiruvlardan ko‘zlangan maqsad bola organizmidagi kasalliklarni erta aniqlash va ularni o‘z vaqtida davolash choralarini ko‘rishdan iborat.

– Bu tekshiruvlarda bolakayning ko‘zini sog‘lomligiga alohida e’tibor qaratamiz. Zarur bo‘lsa, ko‘zoynak taqish tavsiya qilinadi. Bolaning quloqlari eshitishida muammo bo‘lsa, buni sinf rahbariga albatta aytish lozim. Boisi, shunga qarab, o‘quvchi sinfda tegishli joyga o‘tkaziladi, – deydi oliy toifali bolalar shifokori Muhabbat Hamroyeva.

Ota-onalar bolalar shifokori va psixologning bo‘lajak maktab o‘quvchisining salomatligiga aloqador maslahatlari va tavsiyalariga jiddiy qarashi, ular buyurgan muolajalarning barini bajarishi lozim.

 

Tur, maktabga kech qolasan!

Bu so‘zni deyarli har birimiz maktab paytimizda ota-onamizdan eshitganmiz. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, maktab hayoti boladan ancha-muncha kuch va energiya talab qiladi. Bu paytda ota-onalar farzandining mustaqil bo‘lishi uchun ko‘maklashishi, ular yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatolarni o‘z vaqtida oldini olishi va foydali maslahatlar berishi juda muhim. Avvalo, kun tartibini aniq, puxta tuzish va unga qat’iy rioya qilish kerak. Agar oilada tegishli tartib o‘rnatilgan bo‘lsa, bola shunga odatlanadi, saranjom-sarishta, intizomli bo‘lib ulg‘ayadi, unda mas’uliyat hissi shakllanadi.

O‘qish boshlanishidan 10-15 kun oldin bo‘lajak maktab o‘quvchisini ertaroq turishga odatlantirish zarur. Bu unga keyinchalik uyqudan barvaqt uyg‘onishga yordam beradi. Odat tusiga aylanishi lozim bo‘lgan oddiy gigiyena qoidalari farzandingizni doimo sog‘lom bo‘lishga va turli kasalliklardan himoya qilishga ko‘maklashadi.

Yana o‘qing:  Maktabgacha ta’lim muassasalari – yutuqlar debochasi

 

Bukchayma, qaddingni g‘oz tut!

Tayanch-harakat a’zolarida paydo bo‘lgan nuqsonlarning dastlabki alomatlari, jumladan, bukchayib yurish, umurtqa pog‘onasining qiyshayishi kabi holatlar kuzatilsa, bolani jismoniy tarbiya bilan alohida shug‘ullantirish lozim. Bu paytda ayniqsa, gimnastika mashg‘ulotlari katta foyda beradi.

– Ish tajribamdan ma’lumki, ba’zi o‘quvchilar maktabga keragidan ortiq kitob va daftarlar, turli xil buyumlarni olib kelishadi. Natijada ular organizmida tayanch-harakat a’zolari kasalliklari yuzaga keladi, – deydi poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 300-umumta’lim maktabi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Nargiza Usmonova. – Shu bois, ota-onalar farzandlari maktabga o‘zlari bilan faqat dars jadvalida ko‘rsatilgan kitoblarni olib borishini nazorat qilishi zarur. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga orqadan osiladigan sumka taqib yurish tavsiya etiladi. Chunki, bu kabi portfellar umurtqa pog‘onasining qiyshayishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Yana bir gap: ota-onalar sinf rahbari, maktab shifokori bilan yaqin aloqada bo‘lishi lozim. Bu o‘quvchini nazorat qilishning samarali usuli hisoblanadi.

– Maktab va oila bolaning yurish-turishini birgalikda nazorat qilsa, undagi yomon odatlarga chek qo‘yishga, fanlarni o‘zlashtira olmaslikning oldini olishga yordam beradi. Undan doimo nimalar bilan mashg‘ul bo‘layotganini so‘rab turish, kundalik daftarini tekshirib borish, yomon baho olganining sababini bilish, yaxshi baho olganda, u bilan quvonish, uni maqtash lozim, – deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Mohira Sohibova.

Bir so‘z bilan aytganda, farzandlarining qiziqish va tashvishlari bilan yashash – ota-ona bilan bolalar o‘rtasidagi chin do‘stlikning zaruriy sharti hisoblanadi.

Turonbeka ShAROFUTDINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: