Ajdodlarga munosib avlod

O‘zbekiston zamini o‘z bag‘rida qanchadan – qancha olimu fuzalolarni yetishtirmadi, deysiz. Bugunga kelib, buyuk ajdodlarimizning ilm-fan yo‘lida amalga oshirgan kashfiyotlari, yaratgan asarlarini butun dunyo olimlari tan olmoqda.

Quvonarlisi, yurtimizda kamol topayotgan yosh avlod vakillari ham ajdodlariga munosib farzandlar bo‘lib yetishish yo‘lida tinmay o‘qib, izlanmoqda. Buni iqtidorli o‘g‘il-qizlarimizning mamlakatimiz, qolaversa, dunyo miqyosida o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar, fan olimpiadalaridagi munosib ishtirokidan ham ko‘rish mumkin. Jumladan, buxorolik 13 yoshli Shahboz Ravshanov ham yaqinda Tailandda o‘tkazilgan yosh matematiklar xalqaro olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritib, istiqlol bayramiga munosib sovg‘a hozirladi.

Shahbozning dadasi G‘olibjon aka Jumaqulov ham matematik bo‘lib, mana bir necha yildirki, Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-Qorako‘l akademik litseyida ushbu fandan o‘quvchilarga saboq berib keladi. Qolaversa, O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi, shu litseyga asos solgan To‘xtamurod Jumayevning iqtidorli shogirdi sifatida bilim maskaniga rahbarlik qilmoqda. Onasi Fazilat opa Ashurova ham shu litseyning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi. Ular farzandlarining iqtidorini ro‘yobga chiqarish, salohiyatini oshirishga alohida e’tibor berib, bu yo‘lda o‘g‘il-qizlariga qanot bo‘ldi. G‘olibjon aka o‘z uyida shogirdlariga qo‘shimcha dars o‘tgan kezlarda o‘g‘li Shahbozni ham birgalikda o‘tqazib, mashg‘ulotni kuzatib o‘tirishni tayinlardi. Farzandida ushbu fanga mehr uyg‘onayotganini sezgan ota bo‘sh vaqt topdi deguncha, dilbandiga matematika sir-asrorlarini o‘rgata boshladi.

Qarangki, bu sa’y-harakatlar besamar ketmadi. Shahboz yaqinda Tailandda 33 mamlakat yosh matematiklari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro bellashuvda munosib ishtirok etib, jamoa bilan birgalikda kumush, yakka bahslarda esa bronza medalini qo‘lga kiritdi

– O‘g‘limning yutug‘idan xursand bo‘ldim. U fan olimpiadasiga tayyorlanish jarayonida tinim bilmadi. Mazkur yutuq uning kelajakda qo‘lga kiritajak muvaffaqiyatlarining debochasi bo‘lishiga ishonaman, – deydi G‘olibjon aka Jumaqulov.

Ustozning shogirdlari orasida davlat mukofotlarini qo‘lga kiritgan, yurtimizning nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlar talaygina. Endi ular safiga o‘g‘li Shahboz ham qo‘shildi.

– Xalqaro olimpiadaga kuchli bilimga ega o‘quvchilar tashrif buyurdi. Biz o‘zbekistonlik yoshlar bor bilim va salohiyatimizni ishga solib, guruh bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdik. Yakka bahslarda esa bronza medalga sazovor bo‘ldim. Kelajakda dadam singari matematika fani o‘qituvchisi bo‘lishni maqsad qilganman, – deydi Shahboz Ravshanov.

Яна ўқинг:  El-yurt e`zozida

Biz yosh iqtidor egasiga kelajakda ilm cho‘qqilarini zabt etib, mustaqil O‘zbekistonimizga munosib farzand bo‘lishiga tilakdoshmiz.

Xurshida HUSENOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: