NAFISA MO‘MINOVA – XALQARO GROSSMEYSTER

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar har jihatdan sog‘lom, intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

22 yoshli shaxmatchimiz Nafisa Mo‘minova o‘zbek qizlari o‘rtasida birinchi bo‘lib xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘ldi

Farg‘onalik Alisher aka va Qanoatxon opa oilasida voyaga yetgan N.Mo‘minova ham ana shunday yoshlardan biri.

Nafisa to‘rt yoshligidan sportga mehr qo‘yib, shaxmat o‘ynashni qunt bilan o‘rgangan. To‘qqiz yoshidan Qo‘qondagi shaxmat klubida tajribali murabbiy Anvarjon Aliyev rahbarligida mahoratini oshirgan. 2002 yilda o‘z tengqurlari o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.

Mamlakatimiz miqyosidagi ko‘plab musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan N.Mo‘minova 2007 yilda mintaqaviy saralash musobaqasida birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. U dunyoning eng kuchli 64 shaxmatchisi dona suradigan ushbu turnirda qatnashish uchun Markaziy Osiyo mintaqasiga ajratilgan yagona yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va o‘zbek xotin-qizlaridan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan birinchi sportchi bo‘ldi.

– Katta sportga qadam qo‘ygan ko‘pchilik yigit-qiz jahon chempioni bo‘lishni orzu qiladi, – deydi N.Mo‘minova. – Jahon chempioni bo‘lish – mening ham oliy maqsadim. Albatta, jahon shaxmat tojini qo‘lga kiritish oson ish emas, lekin davlatimiz yaratib berayotgan sharoit va imkoniyatlar bizga katta umid va o‘z kuchimizga ishonch bag‘ishlamoqda.

Olti yildan buyon mamlakatimiz terma jamoasi safida xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelayotgan Nafisa 2008 yilda 18 yoshgacha qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati kumush medaliga sazovor bo‘lgan. Ko‘plab yirik xalqaro turnirlarda xotin-qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagan.

U 2010 yilda yigirma yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kuchli to‘rtlikdan joy oldi, Xitoyning Guanchjou shahrida o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bellashuvlarida terma jamoamizdagi dugonalari – Olga Sobirova, Yulduz Hamroqulova, Nodira Nodirjonova bilan birga kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2011 yili I Markaziy Osiyo kubogi va 2012 yil Toshkentda o‘tkazilgan “Toshkent open” xalqaro shaxmat turnirida g‘olib bo‘ldi.

N.Mo‘minova uchun 2013 yil ham omadli boshlandi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi o‘zbek qiziga xalqaro grossmeyster unvoni berilganini e’lon qildi.

– Ushbu yuksak unvon biz, yoshlarning kamoloti yo‘lida barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimiz ko‘rsatayotgan yuksak g‘amxo‘rlikning amaldagi samaralaridandir, – deydi Nafisa. – Biz, o‘zbek yoshlari har qanday sohada eng yuqori cho‘qqilarni zabt etishga qodirmiz. Buning uchun imkoniyat, sharoit va katta ishtiyoq bor.

Yana o‘qing:  DILKASH LAHZALAR

Nafisaning singillari – Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar ham opasi izidan borib, shaxmatni tanlagan. FIDE ustasi H.Tohirjonova qator xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori bo‘lsa, Gulruhbegim 2011 yilda Braziliyada o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Nafisa Mo‘minova endi musobaqalarda xalqaro grossmeyster, degan yuksak nom bilan dona suradi. Buning mas’uliyatini chuqur his etayotgan shaxmatchimiz yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Zohir TOSHXO‘JAYEV,

O‘zA sharhlovchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: