Bolangizga e’tiborli bo‘ling
Bog‘ingizda bir nihol ekib, uni katta daraxt bo‘lib, ko‘kka bo‘y cho‘zgunicha ishlov berasiz. Bola tarbiyasini ham xuddi shu jarayonga qiyoslash mumkin.
Agar farzandingizga kichikligidan to‘g‘ri tarbiya berib, uning orzu-intilishlari, muammolari bilan hisoblashsangiz, u nafaqat jismonan, balki ma’nan yetuk inson bo‘lib kamolga yetadi.
Ba’zi ota-onalar “Farzandimga barcha sharoitni yaratib qo‘yganman” – degan o‘y-xayolda ularga vaqt ajratmaydilar. O‘g‘il-qizlarining o‘ziga xos muammolari bilan ortiqcha qiziqmaydilar. Natijada farzand ota-onasi bilan hal qila olmagan muammolari yechimini yon-atrofdagi boshqa insonlardan izlaydi. Ayrim o‘smirlarning yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining asosiy sababi ham ana shu e’tiborsizlik tufaylidir.
Ota-ona va farzand o‘rtasida samimiy munosabat qurishda quyidagi tavsiyalarga e’tibor qarating.
– Farzandlaringizni aslo qo‘rqitmang. Chunki qo‘rquv bolaning psixologik shakllanishida salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
– Kaltaklashni tarbiya lug‘atingizdan chiqarib tashlaganingiz ma’qul. Tayoq bilan egilgan bolalar ichida atrofdagilarga nisbatan nafrat va isyon tuyg‘ulari bilan o‘sishlari ko‘p kuzatilgan.
– Farzandlaringizga ularni qay daraja yaxshi ko‘rishingizni bildirishdan aslo tortinmang. Chunki bola uchun eng katta xavf va qo‘rquvlarning boshida ota-onasi tarafidan sevilmaslik va e’tiborsiz qolganini his qilish turadi. Ular o‘zlari yaxshi ko‘rgan kishilaridan xuddi shu shaklda javob qaytishini istashadi.
– Unutmang, erkalatish sevgi emas. Ortiqcha taltaytirib erkalash bolani har jihatdan sustlashtirib qo‘yadi. Mehr ko‘rsatish esa uni yanada faol bo‘lishga undaydi. Erka o‘sgan bola faqatgina shaxsiy manfaatlarini ko‘zlaydigan, mas’uliyatsiz bo‘lib voyaga yetadi.
– Ta’lim-tarbiya bobida eng muhim bo‘lgan jihatlardan yana biri bolalarimiz bilan birga o‘ynashimiz, ular bilan hamkorlikda turli o‘yinchoqlar yasashimizdir. Muhtaram ota-onalar, bunday mashg‘ulotlar hech ham bekorchilik emas, buni doimo yodingizda saqlang!
– Bolaning ichki dunyosiga kirib borishning eng qisqa yo‘li ular bilan do‘st bo‘lishdir. Chunki, farzandlarimizga qanchalik e’tibor bersak, ular shunchalik bizga yaqin bo‘lishadi. Ammo, farzandingizni sizga ishonib, siz bilan o‘rtoqlashgan tuyg‘u va tushunchalarini, boshidan o‘tkazgan hodisalarini aslo ularning o‘ziga qarshi ishlatmasligingiz lozim. Bolangizdagi xato-kamchilik sababli uni jazolash, masxaralash to‘g‘ri emas. Farzandingizning sizga bo‘lgan ishonchini yoshligidanoq suiste’mol qilsangiz, ertaga unga yaqin do‘st bo‘la olish imkonini yo‘qotasiz.
Bolani tinglashning foydali jihatlari:
bolaning gaplashish qobiliyati ortadi;
u dardini xatti-harakatlar bilan emas, aksincha, so‘zlar bilan ifodalashni o‘rganadi;
uni tinglashayotganini his qilgan bola o‘zini tinch va sokin tutadi. Boladagi bunday bosiqlik esa uning shaxsiy va ijtimoiy kamolotiga katta ta’sir ko‘rsatadi;
Farzand va ota-ona o‘rtasida samimiyat hosil bo‘ladi;
so‘zlari tinglangan bola ota-onasining so‘zini ham tinglay boshlaydi.
Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek:
“Balog‘at ostonasida turgan avlodingizga siz kabi ishonchli bir do‘st topilmas. Ularga eng yaqin do‘st siz bo‘ling”.
Farzandimizning har bir qilgan ishini munosib taqdirlaylik, ulug‘ ajdodlarning davomchilari ekanini ularga uqtiraylik. Ota-onasining e’tiborida turganini sezgan bola har doim o‘z ustida ishlashga, izlanishga harakat qiladi. Chunki, u amalga oshirgan har ishi uchun ota-onasi munosabat bildirishini juda yaxshi biladi.
Amaliyotchi psixolog Shahnoza XALILOVA tavsiyalari asosida Charos XUSHVAQTOVA tayyorladi