Intilish va harakatning natijasi faqat g‘alaba bo‘ladi
Kasbim taqozosi bilan bundan bir necha yil avval Durdona ismli ayol bilan tanishib qoldim. Suhbat asnosida u 4 yoshga to‘lmagan Shohjahon ismli o‘g‘li taekvondo sport turiga qatnasha boshlaganini, hozir farzandi musobaqa oldida turganini ta’kidladi. Lekin opa o‘g‘lining biroz qat’iyatsizligi, bo‘y-basti ham yoshiga nisbatan kichikligidan xavotirga tushayotganini aytib o‘tdi. “Hammasi yaxshi bo‘ladi”, deya onaning ko‘ngliga taskin bergandim, o‘shanda.
Oradan yillar o‘tdi. Kunlarning birida tahririyatimizga egnida sportchilar libosi, yelkasida esa chempionlarning katta sumkasini ilib olgan o‘sha “qat’iyatsiz” bolakay – Shohjahon kirib keldi. Endi u anchagina ulg‘aygan, bo‘y-basti kelishgan, harakatlari ham dadil edi. Ortidan o‘sha tanish chehra – Durdona opa ko‘rindi.
Muntazam va qat’iyat bilan olib borilgan sport mashqlari kishining nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki uning fe’l-atvoriga ham ijobiy ta’sir etishini Shohjahon misolida ko‘rib, bunga yana bir amin bo‘ldim. Durdona opaning aytishicha sho‘x, qulog‘iga gap kirmaydigan o‘g‘li endi intizomli, vaqtdan unumli foydalanadigan tartibli bolaga aylanibdi.
– Farzandni sportga qiziqtirish, uni muntazam mashg‘ulotlarga qatnashishini nazorat qilish biroz mushkul. Ayniqsa, ota-ona kun davomida mehnat faoliyati bilan band bo‘lsa, bu vazifa yanada qiyinlashadi. Ammo tartib va qat’iyat, maqsad sari intilish mas’uliyati barcha muammolarni yengishga yordam beradi, – deydi Shohjahonning onasi.
Durdona opaning so‘zlarini tinglab, yurtimizda o‘z farzandi kelajagiga g‘amxo‘r onalarning safi kengayib borayotganligini o‘ylab, ich-ichimdan sevindim.
Shohjahon bugunga qadar mamlakatimizda o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. Ushbu g‘alabalarning qo‘lga kiritilishida ustozi Humoyuddin Ibrohimxo‘jayevning xizmatlari beqiyos. Zero, ustoz talabchan va mahoratli bo‘lsa, shogirdlarining erishgan yutuqlari ham shunga munosib bo‘ladi.
Shohjahonning ko‘ksini to‘ldirib turgan shoda-shoda medallar o‘ziga biram yarashgan. Uning aytishicha, hali musobaqalar oldinda. Kelajakda qit’a va jahon birinchiliklari, yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishni maqsad qilgan. Biz Shohjahonning bu ulkan orzulari ushalishiga tilakdoshmiz.
V. PO‘LATOVA