NEGA QORONG‘UDA RANG AJRATA OLMAYMIZ?
Birdan chiroq o‘chib qoldi, deylik. Darrov sham qidira boshlaysiz. Lekin topib bo‘lmaydi. Asabingiz buziladi. Axiyri fonar yoki telefonni ishlatasiz. G‘ira-shira yorug‘da shamni izlab topasiz. Nega qorong‘uda topolmadingiz? “Qorong‘uda ko‘z ko‘radimi, kallavaram?” deb savol berishingiz tabiiy. Savolingiz haqli. Lekin ko‘ra olmasligimizning sababi nimadan? Bugun shu haqida ozgina bosh qotiramiz.
Quyosh yoki boshqa issiqlik manbaidan tarqaladigan yorug‘lik oq deb hisoblanadi. Lekini aslida, Nyuton isbot qilib berganday, bunday oq rang mavjud emas. Oq – turli ranglar yig‘indisi.
Yorug‘lik nuri oyna prizmasiga yoki sinig‘iga tushirilganda huddi kamalakka o‘xshash ranglar jilosi – qizil, sariq, yashil, moviy va binafsha rang hosil bo‘ladi. Bu narsa spektr deb ataladi.
Yuqorida sanalgan ranglarning hammasi quyosh nurida mavjud. Lekin ular oyna prizmasi tushmaguncha ko‘rinmaydi. Rang hosil qilinganida esa qizil rang kamroq, binafsha rang ko‘proq paydo bo‘ladi. Ranglarning bu shaklda ajralishi fanda dispresiya deyiladi. Dispresiyasiz nur xuddi oqqa o‘xshab ko‘rinaveradi.
Rang nur to‘lqining uzunligini bildiradi. Eng qisqa to‘lqin binafsha rangda, eng uzun to‘lqin esa qizil rangda hosil bo‘ladi. Ko‘pchilik ranglar rang to‘lqinining ko‘rish organlarimizga ko‘rstagan ta’siri natijasi emas. Balki bir necha to‘lqinlarning yig‘indisidir. Lampa nuri qaysidir buyumga tushganda nurning ma’lum bir qismi qaytadi, ya’ni akslanadi, qolgan qismi esa singib ketadi.
Aslida, ko‘zimizga birdek ko‘rinadigan ranglar mavjud emas. Biz ranglarni nur vositasidagina ajratamiz. Shu sababli ham rang — yorug‘lik nurining bir qismi, xolos.
Demak, qorong‘uda ko‘rmasligimiz, rang ajrata olmasligimzning sababi nurning yo‘qligi. Bu hamma biladigan gap, yangilik emas. Xulosamiz boshqa. Buyumga yorug‘lik tushganda unda nurni “yutish” va qaytarish hodisasi hosil bo‘ladi. O‘sha qaytgan nur buyumning rangini ifodalaydi. Bugungi bosh qotirishimizdan yuzaga keladigan yangilik shu.
Orifjon MADVALIYEV