Kuydirgi xastaligi haqida bilasizmi?
Bu kasallik o‘tkir yuqumli bo‘lib, u hayvonlardan odamga o‘tishi mumkin. Xastalik xalq orasida Sibir yarasi, “Ilohiy olov”, “Eron alangasi” deb ham yuritiladi. Ushbu og‘ir dardning bemorlarda teri, o‘pka va ichak shakllari uchraydi.
O‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilsa xastalikning tuzalib ketadigan hamda eng ko‘p uchraydigan shakli – terining ochiq joylarida uchraydigan teri yaralaridir. Ular 95-99 foiz, o‘pka va ichak shakli esa 1-5 foiz uchraydi.
Kasallikni “kuydirgi tayoqchalari” deb nomlangan bakteriyalar keltirib chiqaradi. Kuydirgi tayoqchalari qobiq bilan o‘ralgan sporalar hosil qiladi. Ular tashqi muhitga o‘ta chidamli. Bu sporalar tuproqda, hayvon junida, suvda bo‘ladi. Suv qaynatilganda, bakteriyalar 20-30 daqiqada yashash qobiliyatini yo‘qotadi.
Kasallikni chorva bilan shug‘ullanuvchilar, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchilar, ovchilar yuqtirish ehtimoli ko‘proq. Kasal chorva go‘shtiga yetarli ishlov berilmaganda va gigiyena qoidalari buzilganda ham xastalik yuqishi mumkin.
Kasallik belgilari:
Teriga tushgan kuydirgi tayoqchasi dastlab terida qichishish va qizil dog‘ hosil qiladi. Dog‘ tugunchaga aylanib, bir necha soat ichida pufakcha hosil bo‘ladi. Doimiy qichishish oqibatida pufakcha yorilib, ichidan suyuqlik ajraladi (sachragan suyuqlik yangi pufakchalarni hosil qiladi). Yorilgan pufakcha o‘rnida qora rangli o‘zidan zardobli suyuqlik ajratib turuvchi, atrofi shishib ko‘tarilgan yara hosil bo‘ladi. Shu vaqtga kelib, yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari ham kattalashadi. Uning eng xarakterli belgisi yaralar og‘riqsiz bo‘ladi. Yara hosil bo‘lishi bilan tana harorati ko‘tariladi. Bemorning eti uvishadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, holsizlanadi. Xastalikning o‘pka shaklida bemor qon qusadi. Uning ichak shaklida esa bemorning ichidan qon ketishi kuzatiladi. Bu holat 5-7 kun davom etadi.
Yuqoridagi belgilar kuzatilganda tezda shifokorga murojaat qilish lozim!
Bemor vaqtida davolansa, 10-14 kunda yaralar qotib, shishlar qaytadi, yiringlar so‘rilib, yara o‘rnida chandiq qoladi.
Kuydirgi kasalligining oldini olishda quyidagi chora-tadbirlarga amal qilish kerak:
Chorva mollari orasida veterinariya nazoratini doimiy o‘tkazish lozim. Hayvonlar ichadigan suv va yem-xashaklarni ifloslantirmaslik choralarini ko‘rish zarur.
Molxonalarda sanitariya qoidalariga qattiq rioya qilib, doimiy profilaktik choralarini qo‘llash darkor.
Hayvonlarni veterinariya nazoratisiz so‘ymaslik va go‘shtini aholiga tarqatmaslik kerak.
Kasallangan hayvonlarning go‘shtini dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish shart. Yana kasal hayvonlar yotgan joylarni 2 foizli formalin, 20 foizli xlorli ohak eritmasi, 10 foiz xloramin va boshqa vositalar bilan dezinfeksiya qilish, ularning nobud bo‘lganlarini esa 2-2,5 metr chuqur qazib, ustiga 10 sm qalinlikda ohak solib ko‘mish yoki yoqib yuborish shart.
Kuydirgi yarasiga ishlatilgan vositalarni dezinfeksiya qilish, o‘rin-ko‘rpalarni dezkameradan o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Chorvachilik, go‘sht kombinati, teri va qorako‘l zavodi ishchilari, veterinarlar, laboratoriya xodimlarini kuydirgi kasalligiga qarshi emlash lozim.
Kuydirgi xastaligini oldini olishda sanitariya-profilaktika ishlarini kuchaytirish muhim vazifadir. Yana qishloqlarda, maktablarda, chorvachilik korxonalarida, ovqatlanish shoxobchalarida, suv havzalarida kasallikning kelib chiqishini oldini olish chora-tadbirlarini, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilishning ahamiyatini aholiga tushuntirish o‘ta muhimdir.
Hozirgi kunda O‘zbekiston bilan chegaradosh qo‘shni davlatlarda ham kuydirgi bo‘yicha vaziyat yaxshi emas. Ammo, chegara hududlarimizning epizootik-epidemik xavfsizligini ta’minlashda Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va uning joylardagi mutasaddi tashkilotlari mutaxassislari qat’iy amaliy chora-tadbirlarini ko‘rishmoqda.
Nasiba AKRAMOVA,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti bo‘lim mudiri