BIR OG‘IZ SO‘Z

Qo‘shnimizning Zilola ismli chiroyli qizi bor. U 6-sinfda o‘qiydi. Kiyinishi, yurish turishiga qarab, juda farosatli qizda, – deb havasim kelardi. O‘zimning qizimga ham Zilola opangga o‘xshagin, undan o‘rgangin deb tayinlardim. Biroq…

Kechki payt ishdan qaytayotsam u changitib ko‘cha supurayotgan ekan: – Hay, hay, Zilolaxon shakarobgina qilib suv sepib yuborsangiz bo‘larkan. Boshingizga ro‘mol o‘ramabsiz. Sochingiz ham chang bo‘libdi, – dedim.

U shahd bilan boshini ko‘tardi. Salom berish o‘rniga:

– Uff, bir ish qilsang hamma xo‘jayin, unday qilma, bunday qilma, ana supurmaganim bo‘lsin, – deb supurgini ko‘cha o‘rtasiga uloqtirdi-yu, uyiga kirib ketdi. Men hang-mang bo‘lib joyimda turib qoldim.

– Qo‘shnijon, xafa bo‘lmang, sizdan oldi Mahkam amaki ham tanbeh berib o‘tgandi. Shunga jahli chiqib ketdi, chog‘i, – dedi nabirasini o‘ynatib o‘tirgan Matluba opoqi. – Yoshda, jahli burnining uchida turadi.

– Men yomon gapirmadim shekilli, shunday yonidagi ariqdan yarim chelak suv olib sepsa bo‘ladi-ku. O‘zi ishga yo‘qroq onasi sho‘rlik, yalinib-yolvorib zo‘rg‘a supurishga ko‘ndirgan edi. Yolg‘iz qiz deb qizini sal erkalatib yuborgan, – dedi qo‘shnim boyaqish. – Sirkasi suv ko‘tarmaydi, Zilola tushmagurni. Sal katta bo‘lsa esi kirib qoladi, xafa bo‘lmang — meni yupatmoqchi bo‘ldi opoqi.

– Kichikligi qoptimi. O‘n to‘rtga kirdi. Hozir kirmagan esi qachon kiradi. Dilbar kennoyi o‘ziga emas qiziga jabr qipti. Qizini ertasini o‘ylamayapti. Essizgina, men uni chiroyli qiz deb havas qilib yuribman-a.

– Ha, shu husniga o‘zi ham mahliyoda. Bir-ikki yonimga olib, chiroyli qizning hamma ishi chiroyli bo‘lsin. Muomilangni to‘g‘irla, qiz bola shirin so‘z bo‘lishi kerak, deb ham ko‘rdim. Qayoqda, o‘zi qolib onasi ham yumma talab berdi. Ilgari qo‘shni-qo‘shniga ko‘zgu, degan gaplar bo‘lardi. Birimizning aybimizni ikkinchimiz aytib to‘g‘irlardik. Hozir, bola meniki, tarbiyalashga o‘zimning kuchim yetadi, deydigan bo‘ldik. Endi birovning bolasini aybini aytishga ham qo‘rqib qoldim.

– Zilolani ham betgachopar, o‘z aytganidan qolmaydigan qiz bo‘lib qolishida oyisininggina emas bizning ham aybimiz bor, – dedi opoqi.

Essiz, Zilolaning bir og‘iz qo‘pol so‘zi bilan dilimda shuncha paytdan buyon unga nisbatan yashab kelayotgan havas, hurmat yo‘qqa chiqdi. Balki Zilola unchalik ham yomon qiz emasdir. Biroq, o‘sha onda o‘zidan katta odamga zarda qilgani, supurgini uloqtirib yuborgani meni uni “yaxshi qiz” degan fikrdan qaytardi.

Yana o‘qing:  BU YURTDA INSON QADRI – AZIZ

Agar, Zilola meni tanbehimni “xo‘p bo‘ladi”, deb bajarganda shuncha ko‘ngilsiz gaplar ham bo‘lmasdi. Zilola esa mening nazarimda yanayam chiroyliroq, yanayam odobliroq ko‘rinardi. Qarang, bir og‘iz qo‘pol so‘z, birgina qo‘pol harakat bilan u o‘zining qandayligini bildirib qo‘ydi.

Jon qizim! Insonlar orasida yaxshi nom qozonmoqchi bo‘lsangiz, hamisha tilingizga extiyot bo‘ling, o‘ylab gapirishni odat qiling. kattalarning gapiga quloq solishda bir hikmat bor. Chunki, ular har holda sizga nisbatan ko‘proq hayot tajribasiga ega. Ular sizning foydangizni o‘ylab gapiradilar. To‘g‘ri, gapning to‘qmog‘i bor, ammo bu to‘qmoq ezgulikka xizmat qiladi.

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: