Suvchechak bolalar kasalligimi?
Ayni qish va bahor mavsumlarida bolalarda, shuningdek, ba’zan bolaligida emlanmagan o‘rta yoshdagi kishilarda ham suvchechak xastaligi uchrashining guvohi bo‘lamiz. Tibbiy madaniyatga to‘liq ega bo‘lmagan kishilar esa xastalikni allergiya yoki oddiy toshmadan farqlay olmay uni o‘zlaricha davolashga kirishadilar. Bemorning ahvoli og‘irlashgach shifokorga murojaat etadilar. Bu esa xastalikning ba’zi asoratlar qoldirishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois Qashqadaryo viloyati Kitob tumani markaziy shifoxonasining oliy toifali bolalar shifokori Ermat O‘rinovga kasallik xususida ma’lumot olish uchun murojaat qildik.
– Suvchechak kasalligi qanday yuqadi?
– Suvchechak xuddi shu nomdagi virus qo‘zg‘atadigan o‘tkir va yuqumli kasallik bo‘lib, xastalik asosan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Xastalikdan so‘ng bemorda turg‘un immunitet hosil bo‘lgani uchun mazkur kasallik qaytalamaydi.
Shuni ta’kidlash lozimki, bu xastalikning yuqishi juda oson va u bemor boladan sachragan so‘lak orqali, havo-tomchi yo‘li orqali boshqalarga tezgina o‘tadi.
– Xastalikning belgilari va kechishi, toshmalarning xarakterlanishi hamda allergiyadan farqlanishi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Suvchechakning yashirin davri o‘rtacha 14-15 kunni, ba’zan 21 kunni tashkil etadi. Kasallik boshlanishida tana harorati 38-39 darajaga ko‘tariladi. Bemorning tanasiga, og‘iz va ko‘z qovoqlarining shilliq pardasiga suvli pufakchalar toshadi. Bola bo‘shashadi, eti uvishadi, ishtahasi pasayib boshi og‘riydi, uyqusida bezovta bo‘ladi. Pufakchalar ko‘payib, bora-bora a’zoi-badanga tarqaladi. Ular qattiq qichishib bemorga azob beradi. Uch-besh kundan keyin pufakchalar toshishi to‘xtab, tana harorati ham o‘z me’yoriga tushadi. Shundan so‘ng pufakchalarning hammasi yorilib, o‘rnida yarachalar paydo bo‘ladi. Shu tufayli bemorning ovozi bo‘g‘iladi, yo‘taladi va nafas olishi qiyinlashadi. Toshmalar mosh kattaligidagi pushti dog‘lardan va dumaloq-oval shakldagi tugunchalardan iborat bo‘lib, 20-24 soat ichida tiniq serroz suyuqlik to‘la pufakchalarga aylanadi. Asosan boshning sochli qismida, yuz, ko‘krak, yelka, yonbosh, qorin sohasida ham pufakchalar birin-ketin paydo bo‘lib, 4-5 kun davomida ko‘paya boradi. Har gal yangi toshma toshganda bemorning tana harorati ko‘tarilib, bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi. Pufakchalarning atrofi qizil hoshiya bilan o‘ralgan bo‘ladi, igna sanchilsa, puchayadi. Ularning o‘rni qichishadi, bir-ikki kunda qurib, to‘q jigarrang yoki qo‘ng‘ir tusda po‘st bog‘laydi va ikki-uch haftadan so‘ng hech qanday chandiq qoldirmay, ular tushib ketadi.
– Qanday hollarda kasallik asoratli kechadi?
– Kasallik boshlanishidan, ayniqsa, pufakchalar toshib kelayotgan paytdan to yaralar qurib-qovjirab tushib ketgunicha kasallik yuqumli bo‘ladi. Shuning uchun bemorni sog‘lom bolalardan darhol ajratib qo‘yish lozim. Bu paytda bemorni tuzalgunicha bog‘chadan olib qolish, hatto mehmondorchilik yoki odamlar gavjum bo‘ladigan joylarga olib borish aslo mumkin emas. Suvchechak yengil kechganda tananing u yoki bu sohasiga toshmalar toshadi. Og‘ir kechganda esa bemorning tana harorati ko‘tarilib, ahvoli yomonlashadi. Nimjon va immuniteti pasayib ketgan bolalarda ba’zan kasallik asorat qoldirib o‘tishi mumkin. Bunda toshmalar o‘rni yiringlab, absess, saramas, (roja) flegmona kabi ikkilamchi yiringli kasalliklar boshlanishi ehtimoldan xoli emas.
– Bemor bolani uyda parvarishlash qanday olib boriladi?
– Shuni alohida ta’kidlash joizki, suvchechak uchun maxsus muolaja qilish shart emas. Faqat kasallik belgilari va bemorning holatiga qarab simptomatik davo usuli qo‘llanadi. Ya’ni, kasallangan bolani e’tiborsiz qoldirmay, yaxshilab parvarishlash lozim.
Bunda toshma toshish davrida, ayniqsa, tana harorati ko‘tarilganda bolani yotqizib qo‘yish, uning ichki kiyimlari va choyshablarini tez-tez almashtirib turish, bemor badanini toza tutish muhimdir.
Pufakchalar toshgan joylarni qaynagan suv yoki kaliy permanganat (margansovka)ning och pushtirang kuchsiz eritmasida yuvib turish, bemor bolaning qo‘lini kuniga ikki-uch marotaba sovunlab yuvib, badanini qashishiga yo‘l qo‘ymang. Bolaning tirnoqlarini olib, qo‘liga doka qo‘lqop kiydirish zarur. Pufakchalar o‘rni qichishishini kamaytirish uchun jarohatlarga kaliy permaganatning nimtatir eritmasi va 1-2 foizli brilliant yashili dorisidan surtib turish tavsiya etiladi.
– Xasta bolaning issig‘i ko‘tarilgan paytda unga qanday yordam ko‘rsatiladi?
– Issig‘i baland bo‘lsa, bolaning labi va og‘zi tez-tez quriydi. Labburchaklari ba’zan yorilib, bola og‘zini ochishga qiynaladi. Ovqatlanayotgan paytda yorilgan joylari achishadi va uning bitishi qiyinlashadi. Bunday paytda bemorning lablariga sariyog‘ yoki sterillangan, dog‘langan paxta moyi surtish, bemorga ko‘proq suyuqlik ichirish lozim. Og‘zi qurisa, kattaroq yoshli bolaning o‘zi ham suv so‘raydi. Shunda iliqroq choy, qaynagan suv yoki 5 foizli glyukoza eritmasi bilan bemorning og‘zini ho‘llab turiladi. Kattaroq yoshli bolalarda toza dastro‘mol bo‘lishi lozim. Go‘daklarning burnini esa sterillangan dorixona paxtasi bilan tozalab, burun yo‘llarida qatqaloqlar bo‘lsa, vazelin yoki paxta moyiga botirilgan pilik bilan sekin olib tashlash zarur.
Bemor bolaga toza havo va yorug‘lik zarur. Uni chang, kuchli shamol va shovqin-surondan xoli joyda sayr qildirish kerak.
– Bolani ovqatlantirishda parhezga rioya qilish shartmi?
– Bolani to‘g‘ri ovqatlantiring. Isitmasi chiqib turgan paytda u ko‘pincha ovqatdan bosh tortadi. Kasallik o‘tkir kechganida esa ba’zan bolaning me’da-ichak tizimi faoliyati buziladi. Bemor qayt qilishi, ichi ketishi mumkin. Bu paytda uni zo‘rlab ovqatlantirmaslik lozim. Balki tez-tez suv ichirib, 10-12 soat davomida ovqat bermaslik kerak. Og‘zi og‘rib, ovqat yeya olmay qolsa, unga iliqqina suyuq ovqat yoki sabzavotlari ezib pishirilgan sho‘rva, shavla va bo‘tqalar, sabzavot pyuresi, kisel bering. Kasal bolaga nordon va achchiq taomlar yedirish mumkin emas. Bemorning ichi ravon bo‘shalib turishi juda muhim. Ichi qotganda esa klizma qiling. Shifokor kelgunicha unga hech qanday ovqat bermasdan, tez-tez qaynagan suv yoki iliq choy ichirib turganingiz ma’qul.
– Bemor yotgan uyni dizinfeksiya qilish lozimmi?
– Suvchechakda xonalarni dezinfeksiya qilish shart emas. Chunki, uning qo‘zg‘atuvchisi tashqi muhitga juda chidamsiz. Kasallik virusi odam tanasidan tashqarida tez nobud bo‘ladi. Kasal bola yotgan xonani shamollatib turish va ho‘l latta bilan tozalash kifoya. Bemorga yaqin yurgan bola uch yoshga to‘lmagan bo‘lsa, uni ham 10-15 kuncha boshqalardan ajratib qo‘yish lozim.
– Xastalikning asoratlari haqida ma’lumot bersangiz?
– Xastalikning oldini olish uchun bolani, albatta, suvchechakka qarshi emlatish lozim. Suvchechakning asoratlari kam kuzatiladi. Agar toshmalar ko‘z muguz pardasida bo‘lsa, keratit (ko‘z muguz pardasi yallig‘lanishi) kelib chiqadi. Toshmalar tomoqda ko‘proq bo‘lsa, laringit (hiqildoq yallig‘lanishi) kuzatiladi. Quloqdagi toshmalar otit rivojlanishiga yo‘l ochadi. Zaifroq bolalarda esa limfadenit (limfa tugunlarining yallig‘lanishi) paydo bo‘lishi mumkin.
– Suhbatingiz uchun tashakkur.
Maryam QODIROVA suhbatlashdi.